O‘zbekiston | 17:08 / 15.10.2024
5592
8 daqiqa o‘qiladi

Prezident OKMKning muhandislik maktabi va 3-misni boyitish fabrikasini ko‘zdan kechirdi

Shavkat Mirziyoyev Olmaliq shahrida bo‘lib, OKMKning muhandislik maktabi bilan tanishdi, “Yoshlik-1” koni ma’danlaridan yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan 3-mis boyitish fabrikasi (4,6 mlrd dollarlik loyiha) qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Prezident mis fabrikasi qurilishida / Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 oktyabr kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahriga tashrif buyurdi.

Bu shaharning asosi va drayveri – Olmaliq kon-metallurgiya kombinati. Iqtisodiyot, ish o‘rinlari, uy-joylar, madaniyat va ta’lim maskanlari ushbu majmua negizida shakllangan.

Shaharda Toshkent davlat texnika universitetining hamda Moskva po‘lat va qotishmalar instituti filiallari ochilgan. Yaqinda bularga qo‘shimcha Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Muhandislik maktabi tashkil etildi.

Prezident avvalo mazkur maktab faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda Germaniya tajribasi asosida yiliga 480 nafar muhandis tayyorlanadi, ming nafar xodimning malakasi oshiriladi. Dars jarayonlari yo‘nalish va mavzulardan kelib chiqib, xorijlik professor-o‘qituvchilar ishtirokida olib boriladi.

O‘quv dasturi Germaniyaning Frayberg konchilik akademiyasi, “GP Günter Papenburg AG” va “Aurubis AG” kompaniyalarining ilg‘or ta’lim metodologiyalari asosida ishlab chiqilgan. Maktab shunga muvofiq, mexanika, metallurgiya, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, foydali qazilmalarni boyitish, energetika yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy o‘quv-amaliyot uskunalari bilan jihozlangan.

Davlat rahbari mazkur xonalarda bo‘lib, ish o‘rganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi. “Zamon o‘zgarayapti, har bir sohaga innovatsiyalar kirib kelayapti. Shunga munosib malakali kadr bo‘lish uchun doim o‘z ustingizda ishlashingiz kerak. Kombinat taqdiri raqamlashtirishda. Har bir bo‘limni, ishlab chiqarishning har bir bosqichini raqamlashtirish zarur”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasi qurilmoqda. Kelgusida unda ishlaydigan mutaxassislar hozirdan tayyorlanmoqda.

Qisqa vaqtda bu yerda 100 dan ortiq yoshlar o‘qib, tarmoq korxonalariga ishga joylashgan. Prezident maktabning samaradorligini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun o‘quvlar muntazam tashkil etilishi, eng muhimi, amaliyot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi kerak.

Shu yil 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda birinchi bosqichda 10 ta oliy muhandislik maktabi tashkil etilishi belgilangandi. Bugungi kunda shunday maktablar tashkil etilmoqda. “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjirini mustahkamlash maqsadida har birining sanoat hamkori belgilanadi.

Muhandislik maktablari oliy ta’lim muassasalari tarkibida yetakchi yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etiladi. Ularda matematika, fizika, kimyo, muhandislik grafikasi, informatika va xorijiy tillar bo‘yicha chuqur bilim beriladi. Bakalavriat va magistratura 4+1 shaklida yo‘lga qo‘yiladi. Talabalar 2-kursdan ixtisosliklar bo‘yicha saralab olinib, sanoat hamkorlari uchun maqsadli kadrlar tayyorlanadi.

Mazkur maktablarning professor-o‘qituvchilari “El-yurt umidi” jamg‘armasi, tegishli hamkor va universitet mablag‘lari hisobidan yetakchi xorijiy muassasalarga malaka oshirishga yuboriladi. Sanoat hamkorlari soha taraqqiyotidan kelib chiqib, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etadi.

Shavkat Mirziyoyev Olmaliqdagi “Yoshlik-1” koni hamda uning negizida qurilayotgan 3-mis boyitish fabrikasini ham ko‘zdan kechirdi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rangli, nodir va qimmatbaho metallar qazib chiqarishda yetakchi. Mamlakatimiz yalpi sanoat mahsulotining 5 foizi, sanoat mahsulotlari eksportining 6 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keladi. Kombinat tizimida 35 mingga yaqin kishi ishlaydi.

O‘tgan yili 148 ming tonna mis, 17 tonnadan ziyod oltin, 162 tonna kumush ishlab chiqarilgan. 1 milliard 100 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, 662 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. 

Keyingi yillarda geologik qidiruvlar va investitsiyalar miqdori oshgani natijasida ishlab chiqarishning yangi imkoniyatlari topilmoqda. Shulardan biri – “Yoshlik-1” koni. Bu yerda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 martdagi qaroriga muvofiq istiqbolli investitsiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda.

Kon hududi 11 ming gektar. Zaxirasi ham salmoqli – yiliga 65 million tonna ma’dan. Bu konda oltin, mis, kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi qimmatli va nodir metallar bor.

Davlat rahbari mazkur konda bo‘lib, qazish ishlarini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan muloqot qildi.

“Yoshlik-1” koni ma’danlaridan yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi barpo etilmoqda. Uning qurilishiga 2021 yil 29 iyulda tamal toshi qo‘yilgan edi.

Bu yirik loyihaning qiymati 4,6 milliard dollar bo‘lib, konni qazish, fabrika va uning infratuzilmasini qurishni o‘z ichiga oladi. Hozirgi kunda 200 million kub metr kon yuzasi ochilgan, 41 kilometr temir yo‘l yotqizilgan, 650 megavattli podstansiya qo‘yilgan. AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Rossiya va boshqa Yevropa davlatlaridan uskunalar keltirilgan. Fabrika va boshqa infratuzilmalar qurilishi jadal ketmoqda.

Shavkat Mirziyoyevga bo‘lajak zavodning iqtisodiy samaradorligi, unda qo‘llaniladigan ilg‘or texnologiyalar, ish jarayonidagi qulayliklar haqida axborot berildi.

Mazkur fabrika birinchi bosqichda yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Bu orqali yilliga 917 ming tonna mis va 2,5 ming tonna molibden konsentratlari ishlab chiqariladi. 5 ming 600 kishining bandligi ta’minlanadi.

Bu yirik loyiha turdosh sanoat tarmoqlarining rivojlanishiga ham turtki berdi. Masalan, fabrika qurilishiga metall konstruksiyalar yetkazib berish uchun 6 ta zavod ishga tushirildi. Muhandislik, dasturiy ta’minot va kasb-hunar ta’limi yangi darajaga chiqmoqda. Yangi turar joylar va xizmatlarga talab paydo bo‘lmoqda.

Fabrikada logistika jarayoni ham qulaylashtiriladi. Fabrikaning barcha korpuslari orasida konveyerlar bo‘ladi. Bu yuk ortish va tashishni bartaraf etib, xarajatlarni qisqartiradi.

Ikkinchi bosqichda quvvat 160 million tonnaga yetadi yoki bugungi ko‘rsatkichdan 3 barobarga ko‘payadi. Ushbu ikki bosqich amalga oshirilishi natijasida korxona 2028 yilga borib yiliga 400 ming tonna mis, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Shu tariqa Olmaliq kombinati tog‘-kon metallurgiyasi sohasida dunyodagi eng yirik sanoat majmualaridan biriga aylanadi.

Xalqaro baholash mezonlariga ko‘ra, Olmaliqda misning yalpi zaxirasi 45 million tonnani, oltin zaxirasi esa 5 ming tonnadan ziyodni tashkil etishi aniqlangan. Bu dunyo miqyosida ham eng yirik va noyob ko‘rsatkichlardir.

Yana bir muhim tomoni, bugun dunyoda “yashil iqtisodiyot”, elektr texnikasi, elektromobillar sanoati jadal rivojlanmoqda. Buning natijasida 2030 yilga borib mis mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj 40 foizga ortishi kutilmoqda.

Ya’ni, Olmaliq kombinati mahsulotlariga uzoq yillar davomida xalqaro darajada bo‘ladi. Kelgusida kombinat ishlab chiqaradigan mahsulotlar hajmi 3 martadan ziyod ko‘payib, uning qiymati qariyb 8 milliard dollarga yetadi. 11 mingta yangi, yuqori texnologik ish o‘rinlari yaratiladi.

Davlat rahbari “Enter Steel” mexanika ta’mirlash korxonasi ustaxonalarida ham bo‘lib, yangi uskunalar va ish jarayoni bilan tanishdi.

Kecha, 14 oktyabr kuni Olmaliqda 1 mlrd dollarlik sanoat texnoparki qurilishiga start berilgandi.

Mavzuga oid