Sport | 23:45 / 04.02.2018
24521
2 daqiqa o‘qiladi

Mag‘lubiyatga uchragan kubalik bokschi matbuot anjumanda yig‘lab yubordi (video)

Foto: twitter/WBSuperSeries

Butunjahon boks superseriyasining (WBSS) yarimfinalida rossiyalik Murat Gassiyevga yutqazib qo‘ygan kubalik bokschi Yuniyer Dortikos jangdan keyingi matbuot anjuman vaqtida mag‘lubiyatga uchraganidan xo‘rligi kelib yig‘lab yubordi.
  
4 fevralga o‘tar kechasi Sochida birinchi og‘ir vaznda IBF va WBA chempionlik kamarlari uchun kechgan jangda Gassiyev Dortikosni jangning oxirgi 12-raundida nokautga uchrata oldi. 

Shu tariqa Gassiyev superseriyaning finaliga chiqa oldi va endi yakuniy bosqichda 11 may kuni Saudiya Arabistonida WBC va WBO versiyalari bo‘yicha jahon chempioni, ukrainalik Aleksandr Usik bilan jang qiladi.

“Men juda xafaman, men yutishni istagandim, biroq buning uddasidan chiqa olmadim. Men Mayami, Kuba va bu yerdagi ko‘pchilikni ranjitganimni his qilmoqdaman”, deb zo‘rg‘a gapirgan Dortikos. Matbuot anjumanda ishtirok etgan Gassiyev shundan keyin o‘rnidan turib, Dortikosga dalda bergan. 
 
31 yoshli kubalik uchun bu mag‘lubiyat faoliyatidagi 22 ta g‘alabadan keyin birinchi mag‘lubiyat bo‘ldi. 24 yoshli Gassiyev esa biror marta yutqazmagan holda, 26-g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Gassiyev matbuot anjumandan keyin Dortikosga achinib, uning yechinish xonasiga kelib, o‘zining IBF kamariga qo‘shimcha ravishda qo‘lga kiritgan WBA kamarini kubalikka qaytarib bergan.

Mavzuga oid