Ichki iste'mol bozorlarida narxlarning oshishiga olib keluvchi nomonetar omillarning ta'siri yuqori - MB
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Bank rasmiy saytida Pul-kredit siyosati sohasida 2017 yilning IV choragida amalga oshirilgan ishlar yakunlari e'lon qilindi.
Hisobotga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan kredit resurslarini taqdim etish shartlari iqtisodiyotning real sektoridagi tadbirkorlik faoliyatining jadallashishini inobatga olgan holda investitsion resurslarga bo‘lgan talab hajmlariga mos ravishda shakllangan.
Xususan, tahlil qilinayotgan davrda jami kredit portfelining hajmi 5,3 foiz yoki 5,5 trln. so‘mga oshgan. Mazkur o‘sishning 84 foizi yoki 4,6 trln. so‘mi xorijiy valyutadagi kredit portfelining oshishi hissasiga to‘g‘ri kelgani sababli ichki bozorda qo‘shimcha inflyatsion bosimni yuzaga keltirmadi. Bunda milliy valyutadagi kreditlar hajmi 2,1 foiz o‘sgan bo‘lsa, xorijiy valyutadagi kreditlarning o‘sishi 7 foizni tashkil qildi.
Milliy valyutadagi kreditlar hajmi o‘sish sur'atining sekinlashishi kredit kanalining pul massasi oshishiga ta'sirini kamaytirishga xizmat qildi.
O‘z navbatida, 2017 yilning IV choragida soliq-byudjyet siyosati doirasida byudjyet hisobvaraqlari va Hukumat depozitlarida mablag‘larning jamlanib borilishi pul massasi o‘sishini maqbullashtirish hamda Markaziy bankning oltin valyuta rezervlari oshishi natijasida iqtisodiyotdagi pul taklifi o‘sishining oldini olish imkonini berdi.
Yuzaga kelgan vaziyat natijasida pul massasining hajmi 2017 yilning IV choragida 0,6 foiz yoki 450 mlrd. so‘mga kamaydi.
Bunda, milliy valyutadagi pul massasi 5,2 foiz yoki 2,6 mlrd. so‘mga kamaydi. 2017 yil yakunlariga ko‘ra, milliy valyutadagi pul massasi 9 foiz, xorijiy valyutadagi depozitlarni kurs o‘zgarishlari bo‘yicha qayta baholanishini hisobga olmaganda jami pul massasi 11 foiz oshdi.
2017 yil oktabr-dekabr oylarida pul massasi tarkibi o‘zgarishlari tahlili muomaladagi naqd pul (M0) hajmining 4,2 foiz yoki 862 mlrd. so‘mga kamayganini ko‘rsatmoqda.
O‘z navbatida, pul massasidagi naqd pullarning ulushi 2017 yil 1 iyul holatiga 29,7 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, yil yakuniga kelib 26,7 foizgacha kamaydi.
Valyuta almashinuv kurslari shakllanishining bozor mexanizmlari joriy etilganidan so‘ng kurs o‘zgarishlarining nisbatan barqaror (1 foiz doirasida) darajada bo‘lishi milliy valyuta devalvatsiyasining iqtisodiyotdagi narxlar darajasiga ta'sirini kamaytirib borish imkonini yaratdi.
Umuman olganda, 2017 yilning IV choragida kuzatilgan iqtisodiyotdagi pul taklifi dinamikasi va ayirboshlash kurslari barqarorligi monetar omillar nuqtai-nazaridan iqtisodiyotdagi ichki narxlar barqarorligini ta'minlash uchun zarur sharoitlarni yaratib berdi.
Shu bilan birga, asosiy pul-kredit ko‘rsatkichlarining noinflyatsion dinamikaga ega bo‘lishi sharoitlarida iqtisodiyotda yuqori inflyatsion xatarlarning saqlanib qolayotganligi ichki iste'mol bozorlarida narxlarning oshishiga olib keluvchi nomonetar omillarning ta'siri yuqori ekanligidan dalolat beradi.
Mavzuga oid
17:55 / 11.12.2024
Kredit olishdan ixtiyoriy voz kechish mexanizmi joriy etiladi
17:05 / 02.11.2024
O‘zbekiston sentabr oyida eng ko‘p oltin sotgan davlatlar qatoriga kirdi
18:30 / 28.10.2024
Markaziy Bank zararli ilova yuborayotgan firibgarlar haqida ogohlantirdi
19:33 / 05.08.2024