Jamiyat | 22:23 / 12.02.2018
21420
4 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy odob: Birovning telefoniga ruxsatsiz tegish to‘g‘ri emas

Foto: Getty Images

Zamonaviy olamimizda zamonaviy buyumlar bizning doimiy hamrohimizga aylandi. Masalan, mobil telefonlari. Ularning turi takomillashgani sari, bu texnologiya vositalariga bog‘lanishimiz yanada ziyoda bo‘ldi. Tabiiyki, qo‘l telefonida har bir kishining shaxsiy yozishmalari, surat va videolari va boshqa o‘zigagina taalluqli narsalar bo‘ladi. Kimdir bu jihatlarga e'tibor qaratib, birovning telefoniga qo‘l tekkizmaydi, boshqa birov esa buni jiddiy qabul qilmay, birovning telefonini “titkilash” bilan ovora bo‘ladi. Xo‘sh, Islom shariati bu jihatlarga qanday qaraydi? Bu borada qanday odob beradi? Muxlis.uz sayti ushbu savolga atroflicha javob berishga harakat qilgan.

Islom shariatida o‘zgalar uyiga kirishdan oldin ruxsat so‘rash shartligi ta'kidlangan. Bu borada oyatlar nozil qilingan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tomonlaridan tegishli ko‘rsatmalar berilgan. Misol uchun, mana bu rivoyatni keltirish mumkin.

‎عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ قَالَ: اطَّلَعَ رَجُلٌ مِنْ جُحْرٍ فِي حُجَرِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَمَعَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مِدْرًى يَحُكُّ بِهِ رَأْسَهُ فَقَالَ: لَوْ أَعْلَمُ أَنَّكَ تَنْظُرُ لَطَعَنْتُ بِهِ فِي عَيْنِكَ إِنَّمَا جُعِلَ الاسْتِئْذَانُ مِنْ أَجْلِ الْبَصَرِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ وَأَحْمَدُ.

Sahl ibn Sa'd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallam hujralaridagi teshikdan mo‘raladi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam qo‘llarida taroq bor edi, u bilan sochlarini tarardilar. Shunda u zot: “Agar qarab turganingni bilganimda, mana shuni ko‘zingga tiqib olardim! Albatta ruxsat so‘rash nazar (tushishi ehtimoli bo‘lgani) uchun (joriy) qilindi”, dedilar” (Buxoriy, Muslim, Termiziy, Nasoiy va Ahmad rivoyati).

Shariatda biron joyga kirishdan oldin izn so‘rash nazar sababidan joriy qilingan. Sababi, beruxsat kirish bilan uy egasi rozi bo‘lmagan narsalarga begona odamning ko‘zi tushishi mumkin. Shuning uchun birovning uyiga kirmoqchi bo‘lgan odam, avval uy egasini chaqirib, undan izn so‘raydi. Agar izn berilsa, kiradi. Bo‘lmasa, ortiga qaytib ketadi. Uy egasi chaqirmasidan oldin to‘ppa-to‘g‘ri ichkariga bostirib kirish mo‘min kishiga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Qolaversa, iznsiz birovning uyiga mo‘ralash, eshik tirqishidan ichkariga nazar solish ham joizmas. Shundan kelib chiqib aytamiz, birovning telefoniga ruxsatsiz tegish to‘g‘ri emas. Mana shunday narsalar shariat hukmlariga bepisand qarashdan kelib chiqmoqda. Banda shariatga amal qilmaganidan keyin boshiga turfa balolar yog‘ilaveradi. O‘zingiz aytganingizdek, hozir birovning telefoniga ruxsatsiz qo‘l tekkizadiganlar ko‘payib ketgan. Aslida, shariat talabiga ko‘ra, birovning telefonini ruxsat so‘rab ko‘rish lozim. So‘ramasdan birovning narsasiga tegish joizmas!

Yuqorida, hujrai saodat tirqishidan mo‘ralagan kimsaga qanday ohangda murojaat qilinganini o‘qidik. Endi o‘zimizga bir savol beraylik: agar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam birovning telefonini ruxsatsiz titkilayotganlarni ko‘rganlarida, ularga nima degan bo‘lardilar?!

Mavzuga oid