To‘lqin Qilichev janglar Toshkentga ko‘chirilishiga munosabat bildirdi
WSB seriyasiga kiruvchi janglarda ishtirok etayotgan «Uzbek Tigers» jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev «Cuba Domadores»ga qarshi jang oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Kubaliklarga qarshi eng kuchli bokschilarimizni tayyorlaganmiz. Ularda bo‘lgani kabi bizda ham olimpiada chempionlari, jahon chempionati sovrindorlari bor.
Jangning Termizdan Toshkentga ko‘chirilishi ta'sir qildi deb o‘ylamayman. Chunki tarkibimizda juda ham tajribali bokschilar bor. Bular oddiy bokschilar emas, olimpiada chempionlari, jahon chempionati sovrindorlari sanalishadi. Biz har qanday sharoitga tayyor bo‘lishimiz kerak. Toshkentda bo‘ladimi, Termizda bo‘ladimi, umuman, O‘zbekistonning istalgan hududida bo‘lishidan qat'i nazar biz jangga tayyor holatda bo‘lamiz. Biz jangga chiqamiz, shunga tayyorlanamiz, raqibni o‘rganamiz. Ringga chiqib yutish eng asosiy maqsadimiz. Jang tashkilotchiligi bilan esa rahbariyat shug‘ullanadi. Ular qayerda jang o‘tkazishimiz kerakligini aytishsa, o‘sha yerda ringga chiqamiz. Faqat boks va undagi g‘alaba haqida o‘ylaymiz.
Shu kungacha ham janglarimizni Toshkentda o‘tkazganmiz. Bu janglar ham xuddi oldingilaridek, muxlislarga yoqadigan bo‘lishi uchun harakat qilamiz. O‘ylaymanki, bu ishni uddasidan chiqishga imkoniyatimiz yetarli.
— Jamoaning bu mavsumda oldiga qanday vazifa qo‘yilgan?
— Biz har bir musobaqada oldimizga katta maqsadlarni qo‘yib chiqamiz. Hozirgacha o‘zbek boksida qo‘lga kiritmagan kam sonli yutuqlardan biri bu WSB kubogi sanaladi. Hozirgacha bu sovrinni yutmaganmiz. Shuning uchun ham aynan mana shu kubokni qo‘lga kiritishni maqsad qilganmiz. Boks federatsiyasi rahbariyati ham bosh sovrinni yutishimizni istaydi va oldimizga aynan shu vazifa qo‘yilgan. Uch mavsumdan buyon faqat bosh sovrinni ko‘zlab ringga chiqqanmiz. Bu safar hammasi boshqacha bo‘ladi va xudo xohlasa bosh sovrinni qo‘lga kiritamiz. Bizni har tarafdan qo‘llab-quvvatlashmoqda. Oldingi matbuot anjumanlarida Milliy olimpiya qo‘mitasidan vakillar bo‘lmasdi. Mana bugun ular ham bizni qo‘llab-quvvatlash uchun tashrif buyurishgan. Barcha biz bu musobaqada yutishimizni istamoqda.
Umuman, sportga aloqador har bir kishi, kerak bo‘lsa jurnalistlar ham «Uzbek Tigers» uchun barchasi yaxshi bo‘lishini istab harakat qilayotganini ko‘rib turibmiz. Ularning qo‘llab-quvvatlashlarini his qilmoqdamiz. Shuning uchun ham biz g‘alaba qozonish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni amalga oshirishga harakat qilamiz. Omad biz tarafda bo‘lib, maqsadimizga yetishamiz, deb umid qilaman.
— Musobaqalar oldidan jamoaning ruhiy tayyorgarligi muhim sanaladi. Janglar oldidan bosh murabbiy sifatida siz ham bu jangga ruhiy jihatdan tayyormisiz?
— Jamoani faqat men tayyorlaganim yo‘q. Bizda katta bir jamoa — murabbiylar shtabi ishlamoqda. Ular bilan birgalikda jamoani har taraflama, ham ruhiy, ham jismonan tayyorlashga harakat qildik. Mening ruhiy tayyorgarligimga keladigan bo‘lsak, ha, boksda murabbiyning ruhan tayyor bo‘lishi ham juda muhim. Murabbiy qanday holatda bo‘lsa, bu holat bokschilarga ham yuqadi. Ko‘rib turganingizdek o‘ta jangavor holatdaman va har qanday vaqtda janglarga yigitlarni olib chiqishga shayman».
Bokschilarning taroziga chiqish marosimi yakuniga yetgach, tadbir bo‘lib o‘tayotgan joy koridorida mehmonlar uchun kofe va turli xil shirinliklar tortildi. Bokschilar ham yengil shirinliklardan tanovvul qilayotgan vaqtda bosh murabbiyni hazil tariqasida yana savolga tortdik.
— To‘lqin aka, bolalar shirinlik yeyishga o‘tib ketishdi. Bu ortiqcha vazn to‘plashga sabab bo‘lmasmikan?
— Vazn o‘lchash marosimi o‘tib bo‘ldiku, bo‘ldi endi (kuladi). Jiddiy aytganda kam miqdordagi shirinlik organizm talab qilganda hech qanday zararga ishlamaydi. Shirinlikni ham kam miqdorda iste'mol qilib turish mumkin. Lekin u ko‘payib ketsa zarari ham bor.
— Keling endi jiddiyroq savollarga o‘tamiz. Kubalik bokschilarni kuzatsak, ular odatda qarshi hujum taktikasida, ayyorlikka asoslangan boks tushishadi. Bunga qarshi ham nimadir o‘ylab qo‘yganmisizlar?
— Raqibning qanday uslubda tushishiga qarab o‘tirish to‘g‘ri emas. Biz imkon qadar o‘z uslubimizda, o‘zimiz tanlagan taktika asosida jang qilsak natijaga erishamiz deb o‘ylayman. Tarkibdagi bokschilarning barchasi tajribali. Birgina Sanjar Tursunov WSB seriyasida ikkinchi marta jang qilyapti. Samarqandda u aynan Erislandi Savonga yutqazib qo‘ygandi. Inshoalloh ertangi bo‘ladigan jangda u ham g‘alaba qozonib, muxlislarni xursand qiladi.
— Ko‘p berilgan, nozikroq savol: ming kishi uchun joy qilingan. Bu kam emasmi?
— Albatta, boksda ham boshqa sport turlarida bo‘lgani kabi muxlislar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Futbolda ham muxlislarning jamoaning 12-a'zosi deyishadiku. Lekin muxlis kam degan yoki boshqa bahonalarni qilishimiz to‘g‘ri bo‘lmaydi, bu yarashmaydi ham. Biz bor e'tiborimizni boksga, janglarni yutishga qaratganmiz. Qolgan jihatlarga ortiqcha e'tibor berib o‘tirmaymiz, deya gapirib o‘tdi Qilichev KUN.UZ muxbiri bilan suhbatda.
Mavzuga oid
08:47 / 22.12.2024
Usik Fyurini yana yengdi
21:57 / 18.12.2024
Fyuri va Usik boks jangida ilk marta sun’iy intellektga asoslangan hakam bo‘ladi
04:18 / 15.12.2024
Murodjon Ahmadaliyev nokaut bilan g‘alaba qozonib, kamar sohibiga aylandi
15:42 / 13.12.2024