Fan-texnika | 23:26 / 27.02.2018
13405
8 daqiqa o‘qiladi

“Buyuk yurish”: Xitoy internet-gigantlari supermarketlar uchun jang boshlashdi 

Xitoyning Tencent va Alibaba internet-kompaniyalari onlayndan real dunyoga chiqib, do‘konlardagi xaridorlar uchun raqobatli kurashni davom ettirmoqda. 

WeChat tezkor xabarlar almashish operatori egasi sifatida tanilgan Tencent kompaniyasi yaqinda Alibaba elektron kommersiya giganti tutgan yo‘lni tutib, aylanmasi 4,9 trillion dollarni tashkil qiluvchi Xitoy chakana savdo sektoriga o‘tdi. 

Kiyim-kechak yoki oziq-ovqat mahsulotlari sotuvi ijtimoiy tarmoqlar va videoo‘yinlardan iborat asosiy biznesiga bevosita bog‘liq bo‘lmasa-da, kompaniya bunda ko‘p afzalliklarni ko‘rmoqda: qisqa istiqbolda chakana savdo korxonalari bilan hamkorlik iste'molchilar haqida ko‘proq ma'lumot olish va Ten Pay raqamli hamyonidan foydalanish ko‘lamini kengaytirish imkonini beradi. 

Foto: Reuters

Tencent kelgusida, masalan, o‘zining sun'iy intellekt sohasidagi ilg‘or tadqiqotlari mahsulotlarini real do‘konlarga joylashi mumkin, zero Xitoy chakana savdo texnologiyalari uchun ulkan sinov laborotoriyasiga aylanmoqda. 

Supermarketlar jangi

Shu tariqa kompaniya sheriklarni jalb qilish borasida Alibaba bilan kuchli raqobatga kirishmoqda. Yaqinda Tencent 5,4 milliard dollar evaziga milliarder Van Tszyanlin tomonidan asos solingan savdo markazlarining egasi va eng yirik developerdan biri Wanda Commercial'ning 14 foiz aksiyasini xarid qilishga doir bitimni amalga oshirayotgani haqida ma'lum qildi. Shu bilan birga, Tencent, Yonghui supermarketlar tarmog‘i ulushiga ega bo‘lib, Carrefour'ning Xitoydagi bo‘limi hamda Heilan erkaklar kiyim-kechagi do‘koniga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Yana bir ittifoqdoshlaridan biri JD.com bo‘lib, u yanvar oyida reteylerning yangi konsepsiyasini (aqlli logistika va avtonom do‘kon aravachalari) namoyon etib, o‘zining ilk 7fresh supermarketini ochdi.

Alibaba, o‘z navbatida, joriy yilda o‘nlab yangi Hema Xiansheng supermarketlarini ochish rejalari haqida e'lon qildi. Kompaniya 2,9 milliard dollarlik Sun Art Retail Group mahsulotlar tarmog‘i aksiyalari, Lianhua supermarketlarining 18 foiz aksiyasiga ega. Shuningdek kompaniya 2017 yilda 2,6 milliard dollarga hashamatli Intime savdo markazi aksiyalarining nazorat paketini sotib olish rejalari haqida ma'lum qildi. Bunday yondashuv kompaniyaning operatsion daromad o‘sishini to‘xtatib qo‘ydi - oktabr-dekabr oyida kompaniya daromadi tahlilchilar baholaridan oshib ketgan (12,8 milliard dollar) bo‘lsa-da, operatsion daromad o‘sish ko‘rsatkichlari 31 foizgacha qisqargan.

"Bu Alibaba chakana savdosining yangi strategiyasiga qarshi urushdir, - deydi Shanxayning 86 Research firmasi asoschisi Ts.Chjao Min. - Tencent sarmoyalar obektlari o‘sishi va shu tariqa, Alibaba'ga raqib orttirish uchun o‘z vositalarini qo‘llaydi".

Foto: Reuters

Kantar Consulting katta tahlilchisi Jyeyn Syuyning so‘zlariga ko‘ra, WeChat ilovasi foydalanuvchilarning joylashuviga qarab reklama taqdim etishi mumkin, ya'ni ular Tencent'ning savdo hamkorlari yonida joylashgan bo‘lishsa, shunga doir reklama uzatadi va  do‘konlarning xaridorlarga to‘la bo‘lishini ta'minlaydi. Bu Tencent'ga o‘z daromad manbaini oshirish uchun xaridorlarning istaklarini yaxshiroq tushunish va yanada maqsadli reklamalar bilan ulashishga salohiyatli imkon beradi.  

2017 yilning uchinchi choragida sotuvlar kompaniyaga 9,8 milliard dollar keltirdi, asosiy ulush veb-o‘yinlardan ekani qayd etildi, biroq ijtimoiy tarmoqlardagi reklama eng tez o‘suvchi segment hisoblangan WeChat reklamasi bu sohada 63 foizlik o‘sishning asosiy omili bo‘lgan. WeChat'dagi reklama sharofati bilan kompaniyalar bu davrda 6,9 milliard yuan (1,1 milliard dollar) ishlab topishga muvaffaq bo‘lishdi.  

"Tencent chakana savdosidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul ishlayotgani yo‘q, - deydi Bain & Co konsalting kompaniyasining hamkori Jyeyson Din. - Bu kompaniya olishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha daromadlardir".

To‘lov tizimlari

Shuningdek raqamli to‘lov tizimlari ham Tencent qarorida muhim rol o‘ynaydi. U 5,5 trillion dollarlik Xitoy mobil to‘lovlar bozori uchun raqobatli kurashda kompaniya chakana savdo sektori qo‘ldan chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ko‘p do‘konlarda Ten Pay’ning o‘rnatilishi borgan sari xaridorlar ishonchini qozonib, bu xizmatning ko‘proq tanlashiga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, yanada jozibali imkoniyatlar mavjud. Elektron savdo ko‘lami shiddat bilan o‘sib, yer uchastkalari va ishchi kuchi bahosi oshganidan keyin o‘sish to‘xtagan ekan, xitoylik reteylerlar tobora ko‘proq innovatsion texnologiyalarga murojaat qilishmoqda va Tencent uchun ulkan bozor tashkil qilishmoqda – bu ularni bulut texnologiyalar, videotasvirlarning kompyuter tahlili va sun'iy intellekt sohasidagi tadqiqotlarni amalga oshirishga rag‘batlantiradi, deydi Xitoyning Nomura Securities internet-resursining fond tahlili bo‘limi rahbari Shi Tszyalun. 

Foto: Reuters

Xitoydagi do‘konlar avtomatlashtirilgan Amazon Go do‘konlarida o‘tkazilayotgan tajribalar kabi xizmatlar samaradorligini oshirish uchun yangi texnologiyalardan foydalanishga harakat qilishmoqda. Ba'zi do‘konlar yangi texnologiyalar evaziga an'anaviy kassalardan xalos bo‘layotgan bir vaqtda boshqalar bu yo‘nalishda bor yo‘g‘i birinchi qadam qo‘yishmoqda. Ba'zi kompaniyalar uchun yangi chakana do‘konlar ularning operatsion tizimlarini bulut texnologiyalarga ko‘chirishni bildiradi – mijozlar bazasidan boshlab, zaxiralarni boshqarishgacha – shunda ular sotuvlarni kuzatib, iste'molchilar talabini prognoz qilishlari oson bo‘lar edi. 

“Tencent bulut muhiti serverlarining har qanday operatori uchun xizmatlar taqdim etuvchisi bo‘lmoqchi. Bu biznes uchun ulkan imkoniyatlarga yo‘l ochadi”, - deydi Shi. 

Bilim — kuch

Biroq Tencent ham muammolardan xoli emas. Har qanday o‘zgarishlar, shuningdek salohiyatli moliyaviy daromad vaqt talab qiladi, chunki Xitoy chakana savdo bozori haddan tashqari maydalashib ketgan. Butun mamlakat bo‘ylab yuzlab chakana tarmoqlar mavjud, ularning aksariyati bozorda atigi 2 foiz ulushga ega. 

Bundan tashqari, Alibaba yanada aniq ma'lumotlarga ega. Kompaniyaning asosiy biznesi – elektron kommersiya ekan, Alibaba xaridorlarning talabini yaxshiroq tushunadi. Kompaniya Xitoydagi keng iqtisodiy tanazzul sharoitlarida foydalanuvchi kontent, reklama, bloglar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri internet translyatsiyalarini inobatga olgan holda, bu ma'lumotlarni onlayn-sotuvlar o‘tkazish uchun qo‘llaydi.

“So‘nggi o‘n yillikda Alibaba monetizatsiyani oshirish uchun ma'lumotlardan foydalanishga alohida e'tibor qaratib kelmoqda va bu chakana savdoga nisbatan ham qo‘llanmoqda, - deydi Shi. – Tencent’ning eng katta muammosi kompaniyaning bunday katta tajribasi yo‘qligida, shu bois u chakana infratuzilmaga ma'lumotlarni qo‘llab-quvvatlash kabi vositalarni taqdim eta boshlamoqda”.

Mavzuga oid