Fan-texnika | 23:53 / 27.02.2018
33623
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng katta samolyot sinovi bo‘lib o‘tdi

24-25 fevral kunlari raketa-tashuvchilarni uchirishga mo‘ljallangan, eng katta qanotlar qulochiga ega samolyot Stratolaunch uchish-qo‘nish polosasi bo‘ylab bir necha marta yurgazib ko‘rildi. Bu haqda Stratolaunch Systems jamoasi asoschisi, Microsoft asoschilaridan biri Pol Allen ma'lum qildi. 

Samolyot polosa bo‘ylab bir necha marta yurgazib ko‘rildi. Bu prototipning dvigateli va boshqa tizimlari ishlashini tekshirib ko‘rish uchun amalga oshirilgan. Odatda bunday sinovlar samolyotning yerda o‘tkaziladigan sinovlarining yakunlovchi qismi hisoblanadi. Shundan keyin samolyotni havoga ko‘tarishga tayyorlanadi. Stratolaunch samolyoti raketalarning havodan uchirilishiga mo‘ljallangan. Taxmin qilinishicha, samolyot raketa bilan parvoz qiladi va maksimal balandlikda raketa start oladi. Bu raketalarning yuk ko‘taruvchanligini oshirishda yordam beradi.

Foto: Stratolaunch Systems

Bu sinovlar samolyot uchun birinchisi emas. Bundan avval samolyot oxirigicha yig‘ilmagan holda sinalgan va shundan keyin hozirgi ko‘rinishigacha yig‘ilgan. Hozirda samolyot aniq qachon parvoz qilishi noma'lum, biroq rejalarga ko‘ra 2019 yilda samolyotdan Pegasus raketasi start oladi.

Aytish joizki, ushbu samolyotni dunyodagi eng katta samolyot deyish uncha ham to‘g‘ri emas, biroq u 117,3 metrni tashkil qiluvchi eng katta qanotlar qulochiga ega. 

Stratolaunch ikki fyuzelyajli sxema bo‘yicha yaratilgan. Ikkala fyuzelyajining uzunligi 72,5 metrni tashkil qiladi. Samolyot 226,8 tonna og‘irlikka ega. Uning maksimal uchish og‘irligi 589,7 tonnani tashkil qiladi. Samolyot parvoz qilishi uchun uzunligi 3,7 kilometrlik polosa zarur. 

Mavzuga oid