Sport | 17:10 / 04.03.2018
36549
2 daqiqa o‘qiladi

«Uzbek Tigers»ning navbatdagi janglari muddati va manzili aniq

Foto: KUN.UZ

Butunjahon boks seriyalari (WSB) VIII mavsum guruh bosqichida Amerika mintaqasi jamoalari «Cuba Domadores», «Colombia Heroicos» va «Caciques de Venezuela» jamoalari bilan kuch sinashayotgan «Uzbek Tigers» jamoasining navbatdagi janglari muddati va manzil aniq bo‘ldi.

Endi jamoa guruhdagi 4-tur uchrashuvini safarda Kolumbiya jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Janglar 28 mart kuni Soledad shahridagi arenalardan birida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Mazkur janglarda jamoalarning C1 guruhi bokschilari o‘zaro kuch sinashadi.

Bundan tashqari, «Uzbek Tigers» guruhning 5 va 6-turlarini Venesuelaning «Caciques de Venezuela» jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Venesueladagi vaziyat tufayli ushbu jamoalarning har ikki to‘qnashuvi ham O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. Unda 10 vazn toifasida C1 hamda C2 guruhi bokschilari ringga chiqadi. Mazkur janglar ikki kun davomida 6-7 aprel kunlari Termiz shahrida o‘tkazilishi belgilangan.

Ma'lumot uchun, C1 guruhiga 49, 56, 64, 75 va -91kg vazn toifalari kirsa, S2 guruhi 52, 60, 69, 81 va +91kg vazn toifalaridan iborat bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, hozirgacha «Uzbek Tigers» guruh bosqichida 3ta jang o‘tkazib, safarda «Cuba Domadores»ga imkoniyatni boy bergan (5:0) bo‘lsa, o‘z maydonida kubaliklardan revansh olgandi (4:1). Shuningdek, «Colombia Heroicos» jamoasiga qarshi janglarda ham jamoa 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Mavzuga oid