Fan-texnika | 22:20 / 13.03.2018
8217
2 daqiqa o‘qiladi

Kompyuterlarni quloqchinlar orqali buzib kirish usuli topildi

Foto: AP

Negevda (Isroil) David Ben-Gurion nomidagi universitet tadqiqot guruhi kompyuter quloqchinlari va dinamiklari yordamida ma'lumotlarni qo‘lga kiritish bo‘yicha tajriba o‘tkazdi. Bu usul haqida Bleeping Computer nashri ma'lum qildi. 

Mutaxassislar tomonidan MOSQUITO deb nomlangan hujum usuli kompyuterni undagi chiquvchi audiorazyomlarni almashtirib qo‘yish orqali zararlashni ko‘zda tutadi. Zararlangan kompyuter mohiyatan bir vaqtning o‘zida dinamik va quloqchinlarni mikrofonlar kabi ovozli axborot uzatgichga aylantiradi.

Zararli dastur kompyuterda saqlangan fayllarni audiosignallarga aylantirib, ularni xakerlarga uzatishi mumkin. Axborotni qabul qiluvchi mashina shu zararli dasturni qo‘llab, axborotni dinamik yoki quloqchin orqali qabul qilib, uni yana faylga aylantiradi.

O‘tkazilgan tajribada 1 metrdan 9 metrgacha masofaga uzatilgan ikkilik sanoq tizimidagi ma'lumotlar massivi ishtirok etgan. Axborotni uzatish tezligi soniyasiga 1800 bitga yetgan. Bunda atrof-muhit shovqini, inson nutqi yoki musiqa virusning g‘araz harakatlariga sezilarli xalal bermagan.

Tadqiqotchilar ma'lumotlariga ko‘ra, axborot uzatish tezligi ikki kompyuter  dinamiklari bir-biriga qaratilmaganda yoki ma'lumotlar uzatish vaqtida tovush chastotasi o‘zgarganda keskin pasayib ketadi. 

Mutaxassislarning fikricha, bunday muammolar xakerlarga katta muammo tug‘dirishi dargumon. Bunday hujumdan qochib qutulish yo‘li hozircha noma'lum.

 

Mavzuga oid