O‘zbekiston | 10:43 / 17.03.2018
8318
3 daqiqa o‘qiladi

Axborot xavfsizligi holati bo‘yicha respublika ilmiy-amaliy seminari o‘tkazildi

Joriy yilning 16 mart kuni Aloqa tarixi muzeyida “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining 2017 yil yakunlari bo‘yicha axborot xavfsizligi holati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta'minlashga ko‘maklashish markazi axborot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta'minlashga ko‘maklashish markazi tomonidan an'anaviy ravishda har yili o‘tkazib kelinadi.

Foto: Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta'minlashga ko‘maklashish markazi

Ushbu ilmiy-amaliy seminarda Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborot xavfsizligini ta'minlashga mas'ul xodimlari, Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta'minlashga ko‘maklashish markazi mutaxassislari, tegishli vazirlik va tashkilot vakillari, sohada faoliyat yurituvchi ko‘plab ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, respublika oliy o‘quv yurtlari talabalari hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdilar.

Foto: Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta'minlashga ko‘maklashish markazi

Respublika ilmiy-amaliy seminarini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – mamlakat va dunyo miqyosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bir davrda, davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot xavfsizligini ta'minlash masalasiga yanada ko‘proq e'tibor qaratishdan iborat. Shuningdek, mazkur yo‘nalishning o‘ta dolzarbligi inobatga olinib, axborot xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha yuzaga kelayotgan muammolarga yechim topish, kelgusida ushbu sohani rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda yangicha yondashuvlar, mexanizmlar xususida o‘zaro fikr almashish ko‘zda tutilgan. 

Foto: Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta'minlashga ko‘maklashish markazi
Foto: Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta'minlashga ko‘maklashish markazi

Seminarda doirasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining 2017 yil yakunlari bo‘yicha axborot xavfsizligi holati, “Elektron hukumat” tizimi doirasidagi axborot tizimlari va resurslarini axborot xavfsizligi hodisalari bo‘yicha monitoringi va serverlarda o‘rnatilgan dasturiy ta'minotlardagi zaifliklar to‘g‘risida avtomatik ogohlantirish tizimi kabi mavzularda ma'ruzalar tinglandi.

Mavzuga oid