Jamiyat | 00:48 / 18.03.2018
37363
2 daqiqa o‘qiladi

Shular oldida xijolat bo‘lmay deyman-da…

Foto: ijod.uz

O‘tgan asrda zamonaning ulug‘ qalamkashlari bir viloyatda xalq oralab uchrashuvlar o‘tkazishgani, she'rxonliklar uyushtirilgani sir emas. Ana shunday uchrashuvlardan biri tugagandan so‘ng yozuvchilar mehmonxonada dam olib o‘tirganlarida radiodan ijodkorlarga davlat mukofotlari berilganligi to‘g‘risida xabar e'lon qilinadi. Hamma bu ro‘yxatda o‘zining bor-yo‘qligini bilish uchun taraddudlanib qoladi. Kimdir bu borada Toshkentga telefon qilib, bilish mumkinligini aytadi. Mukofotlanganlar orasida Asqad Muxtor, Turob To‘la va Said Ahmadlar bor edi. Telefon orqali ro‘yxatni qayta-qayta surishtirishmasin, Shayxzoda yo‘q edi.

Bu haqdagi xabarni ustozga aytish noqulay ekanligidan Said Ahmad Toshkent bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi, deb aytadi. Ammo domla ertasi kuni gazetani, albatta, topib o‘qishi mumkin-ku. Shuning uchun mukofotlangan yoshlar uni bu noxush holatga tayyorlamoqchi bo‘ladilar.

– Domla, – deydi yosh yozuvchilardan biri, – siz bilan menga mukofot berisharmidi? Shu yorug‘ dunyoda yurishimizning o‘zi mukofot emasmi?

– Yo‘q, – deydi domla ishonch bilan. – Sizni-ku, bilmayman, ammo menga...

– Ordenga shunchalik ishqivozmisiz? – deydi hazilga suyagi yo‘q yoshlardan biri.

– Gap ordenda emas... Ammo mening yuzlab talabalarim shu topda radio karnayiga quloq tutib o‘tirishipti. Shular oldida xijolat bo‘lmay deyman-da…— deydi Maqsud Shayxzoda. Chindan ham, “Jaloliddin Manguberdi”, “Mirzo Ulug‘bek” kabi tarixiy dramalar, ko‘plab yuraklarga yetib borgan she'rlar muallifi M. Shayxzoda zamona qadriga yetmagan siymolardan edi.

Mavzuga oid