Sport | 18:53 / 24.03.2018
21354
22 daqiqa o‘qiladi

Chempion hikoyalari: Jyerar Pike «realchi»lar bilan WhatsApp, Kataloniya mustaqilligi, Roy Kin, Messi va boshqalar haqida

Men sizlarga bir sirni ochmoqchiman. Yaxshi bilasizki, futbolchilar WhatsApp da turli guruhlar ochishadi. Menda uydagilar bilan bir guruhim bor, shuningdek, «Barsa»dagi jamoadoshlarim bilan alohida guruh ochganmiz. Ammo menga eng yoqadigan guruh, hayron bo‘lishingiz ham mumkin, bir paytlar «Real»dan 8 yo 9 ochko ortda borayotganimizda Ispaniya terma jamoasidagi «Real» va «Barselona» futbolchilaridan iborat guruh tashkil qilgandim.

Agar siz faqat ommaviy axborot vositalarini o‘qisangiz va faqat o‘sha xabarlardan xulosa chiqarsangiz, go‘yoki biz bir -birimizdan nafratlanishimizga ishonishingiz mumkin, ammo aslida biz juda yaxshi chiqishamiz. Biz o‘sha guruhda turli futbol taktikalari va falsafalar, yangiliklar va hatto o‘qigan kitoblarimizni ham muhokama qilamiz.

Hahaha, nimalar deyapman, hazil, u yerda faqat quruq gaplar, hazil-huzul va albatta, «Barselona» va «Real» haqida gaplar bo‘ladi.

Ajoyib! Xuddi yosh bolalarga o‘xshaymiz. Ayniqsa, hozir men mazza qilyapman, axir «Real»dan 15 ochko ilgarilab ketdik. Shuning uchun dahanaki «janglar»da men juda ijodkorman, hammani mot qilib turibman. O‘tgan yili «realchi»lar hamma sovrinlarni yutganda, ularni mot qilib bo‘lmasdi, albatta. Terma jamoadagi mashg‘ulotlar paytida ham ustimdan rosa kulishardi.

Yigitlar, eslaringdami, o‘tgan mavsumda «Real» har bir o‘yinni yutgach, ular ijtimoiy tarmoqlarda, instagramda o‘zlarining yalang‘och rasmlarini qo‘yishar va muskullarini ko‘z-ko‘z qilishardi. #HalaMadrid deb yozib ham qo‘yishardi. Bu yilchi? O‘zlaricha jiddiy bo‘volishgan - «3 ochko qo‘lga kiritildi. Biz yanada ko‘proq mehnat qilishimiz kerak» deb yozib qo‘yishmoqda. Hahaha! Shuning uchun ularning jig‘iga tegaman - «bolalar buncha jiddiysizlar?» deb turli yig‘lagan, kulgan emojilarni jo‘natishni boshlayman.

Men ularning ustidan kulishim mumkin, chunki ularning hammasi mening Ispaniya terma jamoasidagi do‘stlarim, aka-ukalarim. Balki biz bir-birimiz o‘ynayotgan klublarni yoqtirmasligimiz mumkin, ammo bir yurt uchun, bir maqsad uchun o‘ynaymiz va meni bu g‘ururlantiradi. O‘sha bolaligimda, JCh-94 edi, Luis Enrike terma jamoa libosida qonga belangan paytdayoq, men o‘zimga shu libosni bir kun kiyishni maqsad qilganman. Bu gaplar balki sizni taajjubga solayotgandir, axir agar Madrid televideniyesini qo‘ysangiz, men haqimda butunlay boshqa «yangiliklar»ni eshitgansiz. Ular men sotqin ekanimni, mamlakatni ikkiga bo‘lish tarafdori bo‘lganimni, referendumlarda Kataloniya mustaqilligi kuychisiga aylanganimni aytib charchashmaydi.

Aslida esa, men hatto qanday ovoz berganimni ham ma'lum qilmadim. Men siyosatchi emasman va odamlarni targ‘ib qilishdan uzoqman. Men millionlardan bir ovozman xolos va men ishonamanki, menga o‘xshagan yana 7.5 million kataloniyalik o‘z vatani uchun, o‘zi uchun to‘g‘ri qarorni tinch yo‘l bilan bera olishga qodir va shunday huquqqa ega. Bu juda qiyin savol va bir qator munozaralarga ehtiyoj sezadi. Shaxsan menga juda qiyin, chunki hayotimdagi eng muhim palla deb terma jamoa bilan Jahon kubogini yutganimiz va Ispaniya bayrog‘ini hilpiratganimizni bilaman. Shu bilan birga, boshqa tarafdan menda katalon qoni oqmoqda - bu odamlar men bilan qondosh, bu yer mening yerlarim. Va agar shu yerning sakson foiz aholisi ovoz berish huquqini talab qila boshlasa, ularni eshitish kerak deb hisoblayman, shu xolos. Bu fikrlarim uchun ba'zi vatandoshlarim meni yomon ko‘rishni ixtiyor etsa... nimayam derdim, xotirjam qabul qilaman...   

Qiziq, e'tibor berdim, Amerikada NBAdagi ba'zi sportchilar jamiyatdagi muammolarga e'tibor qaratishsa, ba'zi odamlar ularga ovozlarini o‘chirib, mashg‘ulot qilib yuraverishni «tavsiya qilishyapti». Bu kulgili, to‘g‘rimi? Xuddi shu holat Ispaniyada ham bo‘lyapti - «Jim bo‘l va futbolingni o‘ynayver. Sening qo‘lingdan shu keladi» deyishadi ular.

Kechirasizlar! Kechirasizlar, men shunchaki ovozimni o‘chirib, o‘ynab yura olmayman. Umuman, futbolchilar o‘zlarini bayon qila olishlari shart, chunki bu shunday sohaki, biz haqimizda butunlay boshqacha fikrlar shakllanib qoladi. Jurnalistlar va ijtimoiy tarmoqlar biz haqimizda shu qadar ko‘p bo‘hton tarqatishadiki, siz google ni terasiz va biz haqimizda xulosa chiqarasiz. Axir bu noto‘g‘riku? Aynan shuning uchun ham futbolchilar o‘z fikrlarini bayon qilishda faol bo‘lishlari shart.

Keling, o‘z hayotimdan ba'zi o‘rnaklar aytib beray.

Ortga qarab, faoliyatimdagi so‘nggi 10 yilga baho bersam, men Jahon chempioni bo‘ldim, Chempionlar Ligasi, Ispaniya chempionati va kubogida g‘olib chiqdim. Men WhatsApp da madridlik do‘stlarimga maqtanishim mumkin bo‘lgan barchasini yutdim. Yana aytishim kerakki, o‘n yil oldingi qarorimda haq edim, yana aytishim kerakki, agar Ser Aleks Fergyuson bo‘lmaganda, hayotim bu qadar o‘zgarib ketmasdi.

Men «Manchester Yunayted»ga bir bolakay bo‘lib keldim va shaxsiyat sifatida u yerni tark etdim. Men uchun o‘sha davr o‘ziga xos edi, chunki hech qachon uyni tark etmagandim. 17 yoshimda «Barselona» akademiyasida shug‘ullanib yurganimda, bu shunchaki, maktabdagi futbol jamoasidek tuyulgan. Chunki, ota-onam, oilam yonidaman, futbol o‘ynash shunchaki zavq edi xolos. Bolalarcha bir o‘yin. Ammo «Manchester Yunayted»ga kelib, hammasi jiddiylashib ketdi, kichik shokni boshdan kechirgandim, ishonavering.

«Old Trafford»dagi ilk o‘yinlarimdan birida, esimda, juda asabiy holatda edim. Tasavvur qiling, men endigina 18 yoshdaman, kichikkina yechinish xonasida o‘tiribman va Ruud van Nistelroy, Rayan Giggz va Rio Ferdinandning yonida paypog‘imni kiyib o‘tiribman. Meni hech kim ko‘rmasa, e'tibor berishmasa, deb qo‘rqib o‘tirardim.

Xullas, hozir «boboy» kelib biz bilan gaplashadi, deb kutib o‘tiribmiz. Yonginamda Roy Kin. Xona shunaqa kichkinaki, bir-birimizga tegib ketmaslikning iloji yo‘q.

Bir payt telefonimning vibratsiyasi ishlab ketdi. Kimdir qo‘ng‘iroq qildi, shekilli. Roy atrofga qaray boshladi. Jin ursin.

Telefon meniki ekanini bilib turibman. Ovozini o‘chirib, vibratsiyaga qo‘yganman, u sumkamning ichidagi ishtonimning cho‘ntagida turibdi. Sumka Royning yonida. U qayerdan ovoz kelayotganini hali ham tushunmayapti. U xuddi manyakka o‘xshab xona bo‘ylab telefonni axtara boshladi. Ko‘zlari olayib, har tomonga qarayapti: The Shining da Jyek Nikolson xonaga bostirib kirishi sahnasi bor-ku, xuddi o‘shanday.

- Kimning telefoni?! - baqira boshladi Roy.

Jimlik. U yana so‘radi. Sukunat.

«Kimniki bu la'nati telefon?» - uchinchi marta so‘radi.

Nihoyat men yosh bolalarga xos tarzda «uzr, meniki edi» deb qo‘ydim. Roy meni quchoqlab, kulib yubordi va xavotir olmasligimni bildirdi...

... yo‘q, albatta, hazillashdim. U jinni bo‘lib qolgandi. Hammayoqni aylanib chiqdi. Men «ishtonimga o‘tirib qo‘yganman» deyarli. Bu men uchun yaxshi dars bo‘lgandi.

Mana hozir, 2018 yil, hammasi boshqacha. O‘yindan oldin hammaning qo‘lida telefon. Lekin o‘shanda, 2006 yilda umuman boshqacha dunyo edi. Sen buni qila olmasding. Ayniqsa, «Yunayted»da. Royning oldida! O‘sha kuni men «MYu»dagi minglab xatolarimdan birini amalga oshirgandim.  

Bu shunchaki futbol o‘ynash mashaqqati emas. Til, madaniyatdagi farqlar, hammasidan ham, yolg‘izlik qiynardi. 17 yoshda, oiladan uzoqda, o‘zingni katta-katta erkaklar, afsonalar va Ser Aleksdek murabbiy yonida ko‘rish. Oson emasdi. Ko‘pchilik mahoratli yosh futbolchilarning chet elga ketmasliklari haqida yoki u yerda o‘ynay olmasliklari haqida aytishadi, ammo bu yerda gap faqat mahorat yetishmasligida emas sabab. Ko‘pchilikning ko‘z o‘ngidan tashqarida sodir bo‘ladigan voqealar, hissiyotlar borki, buni chetdan baholash imkonsiz. Men yakka holda, juda kechki soatlarda Manchester ko‘chalarida mashg‘ulotdan qaytishim, bir o‘zim yashaydigan uyga kelib, onam qo‘ng‘iroq qilganida hammasi a'lo ekanini aytishim: Angliyadagi dastlabki ikki yilda bunday kunlar juda ko‘p bo‘lgandi. Aslida esa, Ispaniyaga qaytgim kelardi. «Bilmayman, dada, murabbiy menga ishonmayapti. Bu yerda yigitlar juda kuchli, ularga teng kela olmayapman» derdim, javoban otam oyning o‘n beshi yorug‘ ekanini, yaxshi kunlar albatta kelishini aytib, meni ishontirardi. 

Bilmadim, shu gaplar ta'siridanmi, men o‘zimga ishona boshladim. Bilasizmi, ba'zi murabbiylar aslida sizni maydonga tushirmasa ham, sizga ishonishini, sizga e'tibor berayotganini sezdira oladi. Ser Aleks shunday toifadan edi va u yerga borgan ilk kunimdan shunday bo‘lgan, keyin bilsam. U menga ikkinchi otamdek edi va bir kun menga imkoniyat taqdim etdi.

Ikki yil o‘tib, 2007 yilda u menga mavsumda 25ta o‘yinda maydonga tushishimni aytdi. Hammasi yaxshi boshlandi, Rio bilan birga markazda o‘ynashim kerak edi. Keyin esa, noyabr oyida Boltonga bordik.

Esimdan chiqmaydi. Raqib jarima maydonimizga yuqoridan to‘p uzatdi. Menga Nikolya Anelkani qo‘riqlash topshirilgandi. To‘p havodan kelayotganda uni qaytara olishimga ishondim va peshvoz chiqdim. Afsus. Men to‘pga yeta olmadim, Anelka to‘pni egallab olib, hisobni ochdi. Men juda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygandim. Yosh himoyachi sifatida bunday xatoga yo‘l qo‘ysangiz, endi murabbiy sizga ishonmay qo‘yadi. Nafaqat murabbiy, boshqalar ham.  

Ser Aleks menga 25 o‘yin va'da qilgandi, ammo atigi 12 o‘yinda maydonga tushdim. O‘sha xato mening faoliyatimga nuqta qo‘yayotgandek edi go‘yoki. Mavsum oxirida agentim kutilmaganda, men bilan «Barselona» qiziqayotganini aytib qoldi. Qiziq, men bu yerda o‘ynamapman-ku, ular nega qiziqishadi?

- Ular seni yaxshi bilishadi va ishonishadi, - deb javob berdi u.

Albatta, men o‘zimda yo‘q xursand edim. Uyga qaytishni istayotgandim. Lekin Ser Aleks bilan og‘ir suhbat kutayotganini his qilayotgandim. Shartnomam tugashiga ancha bor, tovon puli haqida band kiritilmagan, demak Manchester men uchun «og‘ziga siqqan pulni» so‘ray olardi. Men murabbiyni qo‘yib yuborishga ko‘ndirishim kerak edi.

«Sizning ishonchingizni yo‘qotganimni sezib turibman. Barselona - mening uyim. Qo‘yib yuborsangiz yaxshi bo‘lardi» - deb rostini aytib qo‘ya qoldim. Biz uzoq gaplashdik, u hali ham men uchun yaxshi bo‘lishini chin dildan istardi. Qat'iyatimni ko‘ribgina, mavsum oxirida qo‘yib yuborishga rozi bo‘ldi. 

Bu hammasi emas. Futbol ba'zida juda qiziq taqdirlarni havola qiladi. O‘sha mavsum oxirida Chempionlar Ligasi yarim finalida kim bilan o‘ynaganimizni topingchi? Albatta, «Barselona». Men maydonga tusha olmasdim, himoyada uchinchi tanlov ekanimni bilardim. Ammo «Kapm Nou»dagi o‘yin oldidan Vidich jarohatlandi. Kutilmaganda, o‘zim o‘sgan stadionda, 90 000 nafar muxlis qarshisida raqib jamoa sharafini himoya qilishimga to‘g‘ri keladi.

O‘yindan oldingi kuni uyquyam kelmadi. Bir vaqt xonamni kimdir taqillatdi. Ser Aleks ekan. Odatda u o‘yindan oldin futbolchilarning xonasiga kirmasdi, demak nimadir bo‘lgan.

«Jyerar, afsuski, seni ertaga o‘yinga tushira olmayman. Sening transfering masalasida kelishib bo‘ldik. Agar seni ertaga tushirsam-u, yaxshi o‘ynay olmasang, hamma buni Barselonaga o‘tayotganing bilan bog‘lashadi. Seni bunday holatga tushirishni istamayman. Maydonga tushmasligining sababini senga tushuntirgim keldi».

U shunday dedi-yu, chiqib ketdi. Uyga qaytayotgan bo‘lsam-da, rost gap, men «Yunayted» uchun, menga ishongan Ser Aleks uchun bor imkoniyatimni ishga solishga qaror qilgandim. Chempionlar Ligasida «Kamp Nou»da to‘p surish orzuim edi. Afsus. Lekin Fergyuson to‘g‘ri qaror qabul qilgandi, u hammasini o‘ylagan. «Kamp Nou»dan 0:0 o‘ynadik va javob o‘yinida g‘olib chiqishga muvaffaq bo‘ldik. 

Aslida o‘sha «Bolton»dagi xatoyim men uchun hayotimdagi eng yaxshi sovg‘a bo‘lgan ekan. «Barselona» men uchun atigi 5 million dollar to‘ladi. Himoya markazida zaxira variant sifatida kelgan bo‘lsam ham, Pep Gvardiola tufayli, o‘sha mavsum oxiridayoq Karles Puyolga sherik sifatida o‘ynay boshladim. Karles meni darhol o‘z qanotlari ostiga oldi. Bizning hamkorligimiz Ispaniya terma jamoasiga ham ko‘chdi.

Agar menga o‘shanda, ikki yil oldin, bir kun «Barselona»ga qaytib, Puyol bilan birgalikda jahon chempioni bo‘lishimni kimdir aytganda, uni jinniga chiqarardim. Ammo bu futbol, shunisi bilan ham qiziq. Agar men Boltonda xato qilmaganimda va Ser Aleks meni keyingi mavsumda ham olib qolganida? Yoki qimmatroq so‘raganida?

Futbolchining hayotida odamlar ko‘rmaydigan mana shunday voqealar bo‘ladi. Shuning uchun ham yozyapman. Yana bir voqeani hikoya qilib berishim mumkin. Hayot kino emas, bu yerda hammasi biroz murakkab.

24 yoshimda dunyoning cho‘qqisida edim. Chempionlar Ligasi, Jahon kubogi, La Liga - hammasini yutdim. Men Pep Gvardioladek ajoyib murabbiy qo‘l ostida shug‘ullanayotgandim. Bolalagimdan o‘sgan klubdaman, hammasi mukammal. Keyin esa...

2012 yilda men faoliyatimdagi eng yomon mavsumni o‘tkazdim. Hammasi buzilib ketgandek edi. Xuddiki, muvaffaqiyatsizlikdan ham qo‘rqmay qo‘ygandim. Pep ham menga ishonmayotgandek edi. U bilan dastlabki uch yilda ajoyib munosabatda edik - uni hamon zo‘r murabbiy deb bilaman. Shunchaki, u barcha shogirdlarining kuniga 24 soat futbolda bo‘lishlarini talab qiladi. Men esa buni tushunmasdim. Pep ham buni payqadi va ishonchini yo‘qotdi, ayniqsa, «Real»ga qarshi o‘yinda zaxirada qoldirilganim menga qattiq ta'sir qildi. Nahotki hammasi tamom?

Keyin, «Chelsi»ga qarshi ikkinchi yarim finalda juda yomon bo‘ldi. Biz Londonda 0:1 hisobida yutqazgandik, o‘sha o‘yinda men o‘ynamagandim. Javob o‘yinida Pep meni maydonga tushirdi. Uyog‘ini aytgim kelmaydi. O‘yin boshlarida Valdes to‘pni mushti bilan qaytaraman deb, tasodifan boshimga urib yubordi. Hushimdan ketib qoldim. O‘zimga kelgach, o‘n daqiqacha yugurib yurdim, lekin nima bo‘layotganini anglay ham olmayotgandim. Buni payqab qolishgach, meni ko‘tarib olib chiqib ketishdi va faqat ertasiga o‘zimga keldim. Kecha nima bo‘lganini, o‘yin qanday yakunlanganini ham eslay olmayotgandim. O‘yin 2:2 hisobida tugagani va biz turnirni tark etganimizni bildim, bir necha kun o‘tib esa, Pep klubni tark etishini ma'lum qildi. O‘ylashimcha, mening ham klubda sanoqli kunlarim qolgan edi.

Shunday paytlarda yana o‘ylay boshlayman: xo‘sh, o‘shanda «Chelsi»ni yutganimizda, tabiiyki, men jarohatim bilan finalda maydonga tushmasdim. Balki «Barselona» Chempionlar Ligasini yutar, balki Pep Gvardiola ham bizni tark etmasdi. Balki, uning ishonchini qayta qozonish menga nasib etmasdi va balki boshqa jamoaga o‘tishga majbur bo‘lardim. Yo‘q, uning o‘rniga Tito Vilanova keldi va u menga ishonch bildirdi.

Bunday voqealar hayot haqida, taqdir haqida, futbolchiga beriladigan imkoniyatlar haqida, hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin bo‘lgani o‘ylashga majbur qiladi. Xabarlarda yoki sarlavhalarda siz ko‘rayotganingiz futbolchining hayoti emas. U yerda hammasi oddiy: u yerdan bu yerga o‘tding, yaxshi o‘ynading, yaxshi o‘ynolmading... Aslida esa, voqeaning tubi tamomila boshqacha bo‘ladi.

Masalan, mendan Messi bilan shuncha yil birga o‘ynash qanday ekani haqida so‘rashadi. Agar hammasini bir so‘z bilan ifodalash kerak bo‘lsa aytaman: u - o‘zga sayyoralik. U bizdan emas. 13 yoshimda ilk bor uni ko‘rganimda o‘zimga o‘zim aytgandim - «u qayerdandir kelib qolgan, odam emas-ku bu!».

U men ko‘rgan eng buyuk futbolchi. U haqida mendan so‘rashganda, himoyachilarni qanday qilib aldab o‘tishi haqidagi hikoyalarni boshlab qolishimni kutishadi. Unaqa voqealar menda juda ko‘p, lekin asosiysi bu emas. Uning to‘psiz paytidagi holatini ko‘ring. Televizorda buni payqash qiyin. Lekin u to‘pni o‘ziga qaytarib olish uchun raqib ortidan yugurib ketayotgandagi yuzini tomosha qiling. Boshqa futbolchilarni men ko‘rmaganman. U butunlay boshqa materialdan yasalgan, uni tomosha qiziqtirmaydi, u faqat bir narsani o‘ylaydi: to‘pni qaytarib olish. Uning buyukligi ham mana shunda.

Balki uning bu qobiliyati qiziqarli sarlavha bo‘lolmaydi. YouTube ni jalb qilmaydi. Lekin o‘sha uning ko‘zlaridagi to‘pga bo‘lgan chanqoqlik bor-ku, bu haqida soatlab gapirishim mumkin. Bu alohida katta maqola bo‘lardi.

Shu yerda men hikoyaning boshiga qaytaman. O‘sha oddiy bolakaydan qanday qilib erkakka aylanganim haqida o‘ylayman. Va doim o‘z fikrini bayon qilish mening maqsadlarimdan biri.

O‘ylaymanki, sportchi sifatida o‘zimizni odamlarga tushuntira olishimiz juda muhim. Bunday mentalitet biz uchun har safargidan ham muhimdir. Madrid kanalida Barselonadagilar mamlakatni vayron qilmoqchi ekani haqida aytishadi. Barselonada televizorni yoqsangiz, Madridning zulmlari haqida eshitasiz. Qayerda televizor ko‘rayotganingizga qarab, men sotqinga yoki qahramonga aylanaman. Bu noto‘g‘ri-ku?

Ular siyosiy ziddiyatlar tufayli terma jamoada muhit yomon deb jar solishadi. Aslida esa, biz umuman siyosat haqida gaplashmaymiz. Men «realchi»larga ulardan qancha oldinga o‘tib ketganim haqida maqtanish bilan bandman, ular esa, hakamlarning yordami haqida men bilan hazillashishni o‘ylashadi. Ishoning, biz uchun mana shular «muhimroq».

Men 31 yoshdaman va umrimning yarmi futbolda o‘tdi. Ilgari 30 yoshdi faoliyatimni tugataman deb o‘ylardim. Yo‘q, bilasizmi meni nima ushlab turadi? Jamoadoshlarim bilan maydon tashqarisidagi, yechinish xonalaridagi munosabatlarim, ulkan tajribalar... Messi, Puyol, Neymar va meni o‘ldirib qo‘yishiga sal qolgan bo‘lsa-da, Roy Kin bilan o‘tkazgan vaqtim...

Umuman olganda esa, futbol uzoq sayohatga o‘xshaydi. Yutasan. Yutqazasan. Ba'zida uyalasan. Xato qilasan. Yig‘laysan, kulasan. Vaqt o‘tkazish uchun jinniliklar qilasan. Balki, sen ham jamoadoshlaring bilan murabbiy yordamchisining mototsiklini yoqib yuborgandirsan? (albatta, yangisini sotib olib berishdan avval... bu haqida keyin aytib berarman)

Futbol seni yosh bolakaydan haqiqiy erkakka aylantiradi. Eng muhimi shu. Bu birgina men emas, aytganlarim juda ko‘p o‘xshash hikoyalardan biri xolos...

Jyerard Pike/ThePlayers Tribune

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid