O‘zbekiston | 14:20 / 02.04.2018
8577
2 daqiqa o‘qiladi

Kemerovo voqeasidan so‘ng Toshkentda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mashg‘ulotlar ko‘paytirildi

Foto: IIBB

Poytaxt ko‘ngilochar-savdo majmualarida amaliy mashg‘ulotlar davom etmoqda. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar tarqatdi.

Manbaga ko‘ra, 1 aprel kuni poytaxtda joylashgan MEGA PLANET va VEGA CENTRE ko‘ngilochar va savdo majmualarida Toshkent shahar IIBB YoXB, FVB, «O‘zdavenergonazorat» Toshkent shahar bo‘limi, Gaz avariya xizmati hamda Toshkent shahar SSB tez tibbiy yordam stansiyasi xodimlari hamkorligida favqulodda holatlarda to‘g‘ri harakatlanish ko‘nikmalariga bag‘ishlangan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Foto: IIBB 

Mashg‘ulotlar davomida majmua xodimlari yong‘in kelib chiqqanda uni bartaraf etish, fuqarolarni evakuatsiya qilish, jabrlanganlarga birinchi yordamni ko‘rsatish mashqlarini bevosita mutaxassislar bilan birgalikda bajarishdi. Alohida e'tibor fuqarolar bilan ishlashga qaratildi: yong‘in yuz berganda sarosimaga tushmasdan, bolalar va kattalarni binodan tashqariga olib chiqish yo‘llari ko‘rsatib berildi.

Foto: IIBB 

Bundan tashqari, mashg‘ulot doirasida ushbu binolardagi yong‘inga qarshi xavfsizlik tizimlari, evakuatsiya rejalari, yong‘in o‘chirish vositalari holatining sozligi, zaxira chiqish yo‘llari va ko‘rsatkichlarining mavjudligi tekshiruvdan o‘tkazildi.

Foto: IIBB 

Eslatib o‘tamiz, 25 mart kuni Rossiyaning Kemerovo shahrida «Zimnyaya vishnya» savdo markazida yong‘in ro‘y berishi oqibatida 64 kishi halok bo‘ldi, yuzga yaqin kishi jarohatlandi. Bino yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermagani aniqlandi, ushbu hodisa yuzasidan ochilgan jinoyat ishi doirasida 10ga yaqin kishi qo‘lga olingan.

Mavzuga oid