Jahon | 11:00 / 15.04.2018
33979
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Suriyaga hujum qonuniy bo‘lganiga shubha bildirilmoqda

Foto: AP/ Hassan Ammar

AQSh qurollanishi ustidan nazorat assotsiatsiyasi ma'lum qildiki, Qo‘shma shtatlar, Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan Suriyadagi obektlarga berilgan raketa zarbalari xalqaro huquqqa va Amerika konstitutsiyasiga ziddir. Bu haqda assotsiatsiya saytida xabar qilingan.

«Biz AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiyaning oxirgi harbiy operatsiyasi Kongressning maxsus ruxsatisiz amalga oshirilganidan tashvishdamiz. Prezident o‘z xulosalariga ko‘ra bunday harbiy qaror qabul qilishi Konstitutsiyaga rioya qilish borasida savollar tug‘diradi. Bu holda prezident Shimoliy Koreyaga qarshi ham shu tarzda mustaqil qaror qabul qilishi mumkin. Bu esa yadroviy qurol ishga solinishiga olib keladigan qaror bo‘lishi ham mumkin», — deyilgan bayonotda.

Ekspertlar fikricha, prezident Donald Trampning operatsiyasini davom ettirish haqidagi tahdidli gaplari Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshilikni keskinlashtiradi.

Assotsiatsiya AQSh ma'muriyatini BMT maydonida siyosiy jarayonga qaytishga chaqirgan. Shuningdek, Suriya hukumati tomonidan kimyoviy qurol qo‘llangani haqida rad etib bo‘lmas dalillar keltirishni so‘ragan.

14 aprelga o‘tar kechasi AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya Suriyadagi bir necha nishonga aviazarbalar berdi; ta'kidlashlaricha, zarbalar Suriyada kimyoviy qurol ishlab chiqarish dasturi uchun jalb etilgan obektlarga qarshi qaratilgan edi. Ushbu jangovar operatsiya Suriyaning Duma shahrida hukumat kuchlari tomonidan kimyoviy qurol vositasida hujum amalga oshirilgani, buning oqibatida 70 kishi halok bo‘lgani haqidagi xabarlarga javob bo‘ldi.

Rossiya Mudofaa vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Suriya havo hujumidan mudofaa kuchlari xalqaro koalitsiya harbiylari tomonidan otilgan 100 dan ziyod qanot raketalardan 71 tasini tutib qolishga muvaffaq bo‘lgan.

Mavzuga oid