Jamiyat | 10:19 / 21.04.2018
135998
3 daqiqa o‘qiladi

20 yil e'tikofda o‘tirgan mo‘ysafid: «Prezident qarindoshlar o‘rtasidagi silai rahmga sababchi»

Har kuni ishga, o‘qishga shoshib yurarkanman, bir o‘y xayolimdan o‘tib turadi: xalq yuz berayotgan jarayonlarga qanday munosabat bildirmoqda? Islohotlar to‘lqini kishini quvontirayotgani rost, ammo bir chekkada undan jabr ko‘rib qolayotganlar yo‘qmi?! Shunday qilib, jurnalistning nigohi turli xil manzaradagi manzillarga tushadi.

Bir kuni qadrdon tanishim so‘z orasida aytib qoldi: «olis qishloq, uzoq yo‘l yurib, Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumaniga borilsa, u yerda bir mo‘ysafid kishiga duch kelasiz». Ma'lum bo‘lishicha, 94 yoshni qoralab qo‘ygan Fayzulloh bobo tumandagi «Miyona» masjidida e'tikof aylab o‘tiribdi. Mana 20 yildirki, qariya yolg‘iz Alloh roziligini istab, masjiddan chiqmay, kunu tun toat ibodatda.

Youtube'da ko‘rish

Biz ana shu kishi haqdagi ma'lumotlardan xabar topgach, zudlik bilan Qashqadaryo viloyatiga oshiqdik. Buni qarangki, otaxon suhbatimizning bosh so‘zini O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarga munosabat bildirishdan boshladi.

«Men prezidentning naqadar katta savobli ishlarga qo‘l urayotganini eshitib, xursand bo‘lib o‘tiraman. Ularning haqiga duo qilaman. 

Gap shundaki, bir necha o‘n yil davomida qo‘shni Tojikiston bilan aloqalarimizga sovuqlik tushgandi. Davlat rahbari bir tashabbus bildirdi, uning hosilasi o‘laroq, qarindoshlar va yaqin birodarlar yana diydor ko‘rishdi. Bu Islom dinida juda ulug‘lanadi. Alloh u kishini yaqin qarindoshlar o‘rtasida silai rahmni yana mustahkam bo‘lishiga sababchi qilib qo‘yibdi. Albatta, qalbi iymon nuriga to‘lgan bu kishining ishlaridan mamnunman», deydi Fayzulloh bobo suhbat boshida.

Mo‘ysafidning ta'kidlashicha, biz yashab turgan diyor uzoq yillardan buyon Islom qubbasi bo‘lib kelgandi.

«Ateistlar yopirilib kelgach, bu yurtda namoz o‘qish, ibodat qilish ayb sanala boshladi. Meni ham janozada ishtirok etganim uchun Sibirga surgun qilishdi. Ehh... Bu azob, bu qiynoqlar... Allohga shukr, o‘tib ketdi. Xalq manfaatini o‘ylab, ertamizni o‘ylab, yana o‘tmishda bobolarimiz qoldirgan merosni o‘rganishimiz kerak. Har bir bolaga diniy bilim berishda shart-sharoit yaratish lozim. Qalbida e'tiqodni jo qilgan kishidan yomonlik chiqmaydi, shunday ekan, yosh avlodni tarbiyali, intizomli va mehnatkash bo‘lib ulg‘ayishida o‘z vazifamizni bajarishimiz lozim», deb so‘zlarini davom ettirdi bobo.

Mover.uz'da ko‘rish

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid