Jahon | 17:50 / 22.04.2018
8388
2 daqiqa o‘qiladi

Jyeyms Kemeron «Avatar»ning to‘rt fasli ssenariysi tayyorligi haqida ma'lum qildi

Foto: The Indian Express

"Avatar" fantastik kinolentasining davomi hisoblangan to‘rt film ssenariysi tayyor, ilk ikki kartina s'yomkalari olib borilmoqda. Deadline Hollywood jurnaliga ko‘ra, Amerikalik rejissyor Jyeyms Kemeron shunday bayonot bilan chiqqan.

Kemeron Manxetten-Bich (Kaliforniya shtati) shahrida ommaviy axborot vositalari bilan kechgan uchrashuvda sikvellar ustida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi. Rejissyorning aniqlik kiritishicha, mana 100 kundirki, bir vaqtning o‘zida ham "Avatar 2", ham "Avatar 3" s'yomkalari ketmoqda. Kartinalar 2020 va 2021 yillarda katta ekranlarga chiqishi kutilmoqda.

Kemeron shuningdek filmlar zanjirining to‘rtinchi va beshinchi qismlari ssenariylari yakunlanganini ham ma'lum qildi. Rejissyorning so‘zlariga ko‘ra, "Avatar 2" va "Avatar 3" lentalari namoyishidan so‘ng keyingi kartinalarni ishlashga kirishiladi. "Avatar 4" va "Avatar 5" filmlari taxminan 2024 va 2025 yillarda taqdim etiladi.

Rejissyor filmlar seriyalariga bir necha avlod haqidagi "oilaviy saga" deya ta'rif berdi. Uning izohlariga ko‘ra, sikvellarda, xususan, birinchi filmdagi qahramonlarning ulg‘ayishi va ularning oilalari haqida so‘z yuritiladi.

Amerikaning "Avatar" fantastik filmi 2009 yilda ekranlarga chiqqan. Kartina to‘qqiz yo‘nalishda "Oskar" mukofotiga da'vogarlik qilgan va ularning uchtasida g‘alaba qozongan. Bundan tashqari, lenta ikki marta "Oltin globus" mukofotini qo‘lga kiritgan. "Avatar" tarixdagi eng kassabop film hisoblanadi. Uning namoyishidan tushgan daromadlar 2,7 milliard dollardan oshadi.

 

Mavzuga oid