Jahon | 20:18 / 23.04.2018
4665
3 daqiqa o‘qiladi

Parijdagi teraktlar tashkilotchilaridan biri Saloh Abdusalom 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Foto: AP Photo / Michel Euler

2015 yilda Parijda sodir etilgan teraktlarning tirik qolgan oxirgi tashkilotchisi Saloh Abdusalom 2016 yilda Belgiya poytaxtida uni ushlamoqchi bo‘lgan politsiyachilarga qurolli qarshilik ko‘rsatgani uchun Bryussel sudi tomonidan 20 yillik qamoq jazosiga mahkum qilindi.

“Sud sudlanuvchi Saloh Abdusalom va uning sherigi Sufiyon Ayarini politsiya xodimlariga qurolli qarshilik ko‘rsatish va ularning hayotiga suiqasd qilishda aybdor deb topdi. Sud ayblanuvchilarni 20 yillik qamoq jazosiga mahkum qildi”, deb aytilgan jazo hukmida.

Abdusalomning o‘zi sud jarayonida ishtirok etishdan bosh tortgani sababli sudda bo‘lmagan. U hozir Parijdagi teraktlarda ishtirok etish ayblovi bilan Fransiyadagi turmada saqlanmoqda. Sudda uning belgiyalik advokati Sven Mari ishtirok etgan.

Sudlanuvchilarga, shuningdek, 12 ming dollar jarima solingan. 

Ayni vaqtda Abdusalom jazoni qayerda o‘tashi noma'lum, chunki u Parijdagi teraktlar ishi bo‘yicha ayblanuvchi sifatida o‘tmoqda. 

Parij va Sen-Denidagi teraktlar 2015 yil 13 noyabrda sodir etilgan. Terrorchilar bir vaqtning o‘zida bir nechta hujumlarni amalga oshirgan: Sen-Denidagi Stade de France stadionidagi portlashlar, bir nechta restoranlarda odamlarni o‘qqa tutish, Le Bataclan konsert zalidagi xunrezlik. Teraktlardan umumiy hisobda 130 kishi halok bo‘lgan, 350 dan ko‘proq kishi jarohat olgan.

Abdusalom 7 terrorchidan biri bo‘lgan, uning xudkush kamari ishlamay qolgan yoki uning o‘zi oxirgi lahzada portlovchi qurilmani harakatga keltirmagan. U qo‘lga olingungacha Bryusselda do‘stlarinikida yashirinib yurgan.

2016 yil martda politsiya uning yashiringan joyini aniqlagan. U joylashgan kvartira shturm qilinganda politsiya qurolli qarshilikka duch kelgan. Kvartiradagi 3 terrorchi avtomatlar bilan qarshi hujum olib borgan. Ulardan biri yo‘q qilingan, biroq Abdusalom va uning sherigi qochishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq 3 kun o‘tgach politsiya qochoqlarni topib, uni qo‘lga olgan.

Mavzuga oid