O‘zbekiston | 23:34 / 01.05.2018
54904
2 daqiqa o‘qiladi

Bobomurod Abdullayev ishi: yangi ekspertiza xulosasi ma'lum bo‘ldi

Foto:Facebook/Bobomurod Abdulla

30 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan sudlanuvchilar B. Abdullayev, H. Nasriddinov, Sh. Olloyorov va R. Salayevlarga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sudning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, sudya Zafar Nurmatov tomonidan tayinlangan qayta o‘tkazilgan sud ekspertiza xulosasi ochiq sud majlisida barchaga o‘qib eshittirildi. Unga ko‘ra, davlat sud-eksperti Pitirimova maqolalar "O‘zbekiston xalq harakati" rahbari Muhammad Solih bilan hammualliflikda yozilgani, ammo qaysi matn kimga tegishli ekanini ayta olmasligini ta'kidladi. Shuningdek, ekspertiza xulosasida qurolli g‘alayonlar, adovat va urushni keltirib chiqarishga qaratilgan chaqiriqlar kimning qalamiga mansub ekani aniqlashtirilmagan.

Sudlanuvchi Bobomurod Abdullayev esa bir necha sud majlisidan buyon 7-8ta maqola uning taxallusi bilan yozilganiga qaramay, uning ijodi emasligini ta'kidlayotganini yana bir marta aytdi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchi Hayotxon Nasriddinovning maqolalarga aloqasi yo‘q. U maqolalardan birortasiga ham muallif bo‘lmagani bildirildi.

Shunday qilib, sudya Zafar Nurmatov mazkur ish bo‘yicha olib borilayotgan sud majlisida sud-tergov faoliyati o‘z yakuniga yetganini bildirdi. Endilikda muzokara uchun tomonlarga navbat berilishi kutilmoqda. O‘zaro kelishuvga ko‘ra, davlat ayblovchisi birinchi boshlashi aytildi. Sud majlisi davom etmoqda.

Mavzuga oid