O‘zbekiston | 22:12 / 02.05.2018
57976
4 daqiqa o‘qiladi

«So‘z erkinligi bo‘lganda, men yashirinmasdim». Bobomurod Abdullayev ishi yakunlandi

Foto: KUN.UZ

Bugun, 2 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 159-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayev sud majlisida so‘nggi so‘zni aytdi. Bu haqda sud majlisida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Sudlanuvchi Bobomurod Abdullayev «so‘z erkinligi bo‘g‘iq davrda, hayotini xavfdan himoya qilish uchun Usmon Haqnazar taxallusida maqolalar» yozgani, unga ma'lum bo‘lgan xabarlarni to‘liq tekshirishga imkoniyat bo‘lmagani haqida gapirib berdi.

Men nafaqat ijtimoiy-siyosiy, balki sport jurnalistikasida ham qalam yuritganman. Futbolda bir falsafa bor: maydonga raqibni yengish uchun tushgan jamoa ba'zan mag‘lub bo‘lishi mumkin, ammo raqibga yengilishini tan olib, maydonga qadam bosgan jamoa hech qachon yutmaydi. Menga ham oson bo‘lmadi. Sud ishi boshlangandan buyon aybsizligimni isbotlash uchun hamma ishga qo‘l urdim, haqiqatni qo‘rqmay aytdim. Hech kim menga happy end va'da qilmagan, boshqalardan farqli ravishda men hech nimani yashirmay rost so‘zni aytib kelmoqdaman. Tajribamda (jurnalist sifatida deyilmoqda - tahr.) ko‘p sud majlislarida ishtirok etgandim. Ayrim ayol sudlanuvchilar ancha-muncha qiynoq va tazyiqlarga turib berganini ko‘rganman, ular boshqa erkak sudlanuvchilardan farqli ravishda haqiqatni aytolgan. Men o‘sha ayollarga ta'zim qilaman. Bosh egaman.

O‘ylaymanki, biz (Abdullayev advokati Mayorovni nazarda tutmoqda - tahr.) sud tergovida aybsiz ekanimni isbotlay oldik. Aslida, ishning ilk lahzasiga e'tibor qiling: MXX tergovchilari menga nisbatan qiynoq va tazyiqlar ishlatib qilmagan ishimni bo‘ynimga qo‘ydi. Bu qiynoq va tazyiq ishlatishning ma'nosi nima? Gap shundaki, bunday harakatlar organning bir paytlar nochor, kuchsiz bo‘lganini isbotlaydi. Faqat kuchsiz hokimiyatgina mana shunday nochor organlarni himoya qiladi. Kuchli hokimiyat tanqidni xush qarshilaydi. Kuchli hokimiyat kamchiliklarga e'tibor qaratgan jurnalistga tazyiq qilmaydi.

Sovet ittifoqi parchalangach, u davrning naqadar jirkanch bo‘lganini anglab yetdik. Karimov vafotidan keyin yana shunday bo‘ldi, maqtalgan iqtisodiyot, rivojlanish va maddohlik aslida puch ekani ma'lum bo‘ldi-ku. Agar o‘sha davrda so‘z erkinligi bo‘g‘ilmaganda, men hayotimni xavfdan asrash uchun taxallus ostida, yashirinib maqola yozmasdim. Menga ma'lum fakt va tafsilotlarni to‘liq tekshirishga imkon bo‘lmadi. Biroq, vaziyat o‘zgardi, Shavkat Mirziyoyev yangi tarixni boshladi. Matbuot va televideniye tanqidiy ruhdagi materiallarni erkin havola etyapti. Aynan mana shu sud majlisidan Kun.uz va Gazeta.uz saytlari muxbirlari reportaj tayyorlayotganiga guvoh bo‘lmoqdaman. Men o‘zimni himoya qilishim uchun barcha imkoniyatni yaratib bergan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga minnatdorchiligimni bildiraman. Shuningdek, meni ma'nan qo‘llab-quvvatlab turgan maslakdoshlarim, jurnalist va inson huquqlari faollariga tashakkur bildiraman.

Bobomurod Abdullayev suddan odilona va adolatli hukm chiqarishini so‘radi. Sudya Zafar Nurmatov esa sudlanuvchi Abdullayevga sud majlisida Bobomurodning qari onasi, turmush o‘rtog‘i ishtirok etayotganini, ularni ham eslab o‘tishi mumkinligini aytdi.

Ma'lumot uchun, davlat ayblovchisi Bahrom Qobilov «O‘rim» rejasi saqlangan fleshka masalasini umuman ashyoviy dalillar qatoridan chiqarib tashlashni so‘rab, Bobomurod Abdullayevga 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishini so‘radi. Boshqa 3 nafar sudlanuvchilar esa to‘liq oqlanishi so‘raldi.

Mavzuga oid