O‘zbekiston | 22:20 / 06.05.2018
18333
4 daqiqa o‘qiladi

Mirishkor tumanida bir kunda 3ta muassasaning ochilishi bo‘lib o‘tdi

Mirishkor tumani Qashqadaryo viloyatining Turkmaniston bilan chegaradosh hududida joylashgan bo‘lib, 113 mingdan ziyod turli millat vakillari istiqomat qiladi. Asosan etnik qatlam turkmanlardan iborat bo‘lgan Pomuq qishlog‘ida 16000 nafardan otiq,  arab millatiga mansub Jyeynov qishlog‘ida esa 20000 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. 

Pomuq: shifoxona ishga tushdi

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati
Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati
Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Joriy yilning 6 may kuni  3,5 milliard so‘mlik qayta qurish, qo‘shimcha inshootlar barpo etish, ta'mirlash ishlari amalga oshirilgan Pomuq qishlog‘idagi tuman shifoxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 25 o‘rinli tug‘ruqxona, 180 o‘rinli poliklinika, kasallarni qabul qilish, jarrohlik, jonlantirish va bolalar bo‘limlari qayta rekonstruksiya qilinib, tekshiruv, laboratoriya uskunalari hamda qattiq va yumshoq jihozlar o‘rnatilgani aytiladi. Shuningdek, muassasaning barcha bo‘limlari “Salomatlik-3” loyihalari asosida zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta'minlandi.

Jyeynovda yangi bozor

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Xotira va qadrlash bayrami arafasida Mirishkor tumanida zamonaviy “Jyeynov dehqon-oziq-ovqat bozori” foydalanishga topshirildi. 

Butunlay qayta rekonstruksiya qilinib, qayta qurilgan dehqon, oziq-ovqat bozorida go‘sht, sut, baliq mahsulotlari pavilonlari, oziq-ovqat, ho‘l va quruq meva, sabzavot va poliz mahsulotlarini saqlovchi 200 tonnalik muzlatgich, onalar va bolalar xonasi, dam olish xonasi, mehmonxona, non mahsulotlari, hunarmandlik buyumlari do‘konlari tashkil etildi. Quvonarlisi, yangi rastalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifatini saqlagan holda sotish uchun barcha qulaylik yaratilgan.

Jyeynov: qishloqda ikkinchi xususiy bog‘cha

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati
Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

2012 yil 21 mart – Navro‘z umumxalq bayrami sanasida tadbirkor Namoz Avazov tomonidan Jyeynov qishlog‘ida “Marjona” nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi zamonaviy ko‘rinishda qurilib, jajjilar ixtiyoriga topshirilgan edi. 

Jyeynov qishlog‘ida faoliyat boshlagan tadbirkor Jo‘shqin Xolov tomonidan sobiq davlat xo‘jaligining qarovsiz qolgan ma'muriy binosi qayta tubdan ta'mirlanib, 180 o‘ringa mo‘ljallangan bog‘cha tipida maktabgacha ta'lim muassasasi shakllantirildi. Mazkur muassasada endilikda 15 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

“Oltin davr farzandlari”  deb nomlangan mazkur nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi asosan jajjilarga rus va ingliz tilini o‘rgatishga yo‘naltirilishi nazarda tutilgan. 

Shu kuni Pomuq qishlog‘idagi shifoxona, Jyeynovdagi dehqon oziq-ovqat bozori va nodavlat MTM ochilish marosimi chinakam katta bayram tusini oldi. Mazkur inshootlarni ochilish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev hamda Mirishkor tuman hokimi Ravshan Komilov qatnashib, tadbir ishtirokchilarini qutlab so‘zga chiqishdi. 

Mavzuga oid