Sport | 08:54 / 08.05.2018
14130
2 daqiqa o‘qiladi

Inesta Xitoyga ketmaydigan bo‘ldi

Foto: AFP

Mavsum yakunida «Barselona»ni tark etadigan Andres Inesta faoliyatini Xitoyda davom ettirmaydigan bo‘lgan.

Bundan avvalgi xabarlarda Xitoyning «Chuntsin Lifan» klubi Inestaga 3 yil davomida 81 million yevro to‘lashga tayyorligi, futbolchi ham ushbu transferga rozilishi to‘g‘risida aytilgandi.

Ammo xitoyliklar klubi rasmiy bayonot berdi: «Biz Inestaning tijoriy hamkori bo‘lamiz, ammo u bizning klubimizga yangi futbolchimiz sifatida kelib qo‘shilmaydi».

33 yoshli ushbu ispaniyalik xavbekda Xitoyning boshqa klublaridan ham takliflar bo‘lgan, ammo u barchasini rad etgan.

Catalunya Ràdio xabariga ko‘ra esa Inesta Yaponiyaning «Vissel Kobe» klubiga o‘tishi mumkin.

Ushbu klub xo‘jayini Xiroshi Mikitani hisoblanadi, u «Barselona»ning asosiy homiysi bo‘lmish Rakuten kompaniyasida bosh direktor.

Inesta «Barselona» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi, u asosiy jamoa safida 2002 yilda debyut qilgan. U kataloniyaliklar klubi bilan 9 marta Ispaniya chempioni bo‘lgan, 6 marta Ispaniya Kubogini boshi uzra ko‘targan va 7 marta – mamlakat Superkubogini qo‘lga kiritgan. U shuningdek 4 karra Chempionlar ligasi, 3 karra – UYeFA Superkubogi sohibi, 3 marta klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibidir.

Mavzuga oid