O‘zbekiston | 02:46 / 12.05.2018
60746
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yana bitta xalqaro universitet filiali faoliyatini boshlamoqchi

Foto: MISiS

Olmaliq shahrida Federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning filiali​ joriy yilda ilk talabalarni qabul qiladi. Bu haqda davlat rahbari imzolagan tegishli qarorda shunday deyiladi. 

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, “Olmaliq TMK” AJ, “Navoiy KMK” DK, Toshkent viloyati hokimligi va Federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning (Rossiya Federatsiyasi) Olmaliq shahrida Federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi. 

Filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib, quyidagilar belgilangan:

  • respublikaning ishlab chiqarish-sanoat tarmog‘i uchun muhim ilmiy- texnologik vazifalarni hal qilishga qodir yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni xalqaro ta'lim standartlari darajasida tayyorlash;
  • metallurgiya, konchilik ishi va sanoat ishlab chiqarishning boshqa tarmoqlarida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish;
  • mutaxassislar hamda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ta'lim va fanning uzviyligi hamda uzluksizligi, shuningdek, jahon ta'lim va ilmiy hamjamiyatiga majburiy integratsiya hisobiga rivojlantirish;
  • muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan yangi ta'lim dasturlari hamda o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;
  • ta'lim va ilmiy faoliyatning ishlab chiqarish-sanoat faoliyati bilan uzviy integratsiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalarni va o‘qitish uslublarini faol takomillashtirish;
  • ta'lim va ilmiy-texnik sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda biznes-hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.

Filialda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasi davlat ta'lim standartlari talablarini e'tiborga olgan holda “MISiS” MTTU tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejalar va dasturlar bo‘yicha amalga oshiriladi.

Abituriyentlarni qabul qilish va filial bitiruvchilarining attestatsiyasi “MISiS” MTTU tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ta'lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan “MISiS” MTTUning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Mavzuga doir: 1100dan ortiq talabalar o‘quv binosidan chiqarilmoqda

Mavzuga oid