O‘zbekiston | 17:46 / 07.06.2018
5011
6 daqiqa o‘qiladi

Filmning ommaviy namoyishini amalga oshirishga ruxsatnoma berish tartibi qanday?

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasida “Filmning ommaviy namoyishini amalga oshirishga ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, filmni ommaviy namoyish qilish ushbu Nizomga muvofiq berilgan ruxsatnoma mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi, quyidagilar bundan mustasno:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari bilan ommaviy namoyish qilinadigan filmlar;
davlat buyurtmasiga asosan yaratilgan filmlar;
festivallarga, seminarlar, retrospektiv namoyishlar va boshqa shu kabi madaniy tadbirlar uchun xorijiy mamlakatlardan olib kirilgan (yetkazib berilgan) filmlar;
shaxsiy maqsadlarda oilaviy ko‘rish uchun tayyorlangan, ommaviy namoyish qilinmaydigan filmlar.

Quyidagilar filmning ommaviy namoyishini amalga oshirishda ruxsat berish talablari va shartlariga tegishlidir:

filmning ommaviy namoyishini amalga oshirishda qonun hujjatlariga, jumladan, tadbirkorlik faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi, filmlardan foydalanganlik uchun mualliflarga haq to‘lash to‘g‘risidagi, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etish;
kinoteatrlar, kinozallar va boshqa maxsus jihozlangan binolarda (joylarda) filmning ommaviy namoyishini amalga oshirishda aholiga kinovideo xizmati ko‘rsatish tartibiga rioya qilish;
filmda zo‘ravonlikni, pornografiyani targ‘ib qilmaslik, mamlakatda xavfsizlik va ijtimoiy-siyosiy barqarorlik, fuqarolar tinchligi, millatlararo va dinlararo totuvlikni xamda O‘zbekiston haqida noto‘g‘ri axborot tarqatishi hamda uning tarixiy, madaniy va ma'naviy qadriyatlarini buzib ko‘rsatmaslik;
filmda insonlarning ongiga va (yoki) ularning ruhiy salomatligiga zararli ta'sir ko‘rsatadigan yashirin ko‘rinishdagi sahnalar yoki boshqa texnik usullarning bo‘lmasligi.

Ruxsatnoma olingunga qadar ariza beruvchilar va boshqa shaxslar ommaviy axborot vositalarida, Internet tarmoqlarida, afisha stendlarida filmning ommaviy namoyishini o‘tkazish joyi, sanasi va vaqti to‘g‘risida e'lon qilishga chiptalarni sotishga haqli emaslar.

Filmning ommaviy namoyishini amalga oshirishga ruxsatnoma olish uchun ariza beruvchi quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi arizani;
b) yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank nomi va bankdagi hisob raqamini;
v) ariza beruvchining filmdan foydalanishga huquqini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi (mutlaq huquqlarni o‘tkazish to‘g‘risida shartnoma, filmni yaratish, tarqatish, ommaviy namoyish etishga berilgan litsenziya shartnomasi);
g) ommaviy namoyish etishga mo‘ljallangan filmda foydalanilgan musiqa asari to‘g‘risida ma'lumot (bastakor, foydalanilgan asarning nomi, filmdagi ovozning davomiyligi);
d) film to‘g‘risida ma'lumotlar (film annotatsiyasi, nomi, badiiy ssenariy muallifi, rejissyor, bastakor, rassom, operator, asosiy rol ijrochilari, ishlab chiqarilgan mamlakat, ishlab chiqargan kinostudiya, ishlab chiqarilgan yili, seriyasi soni, metraji, daqiqasi, rangi, janri);
ye) film yozilgan elektron tashuvchilar (Blu-ray-disk yoki DCP) tegishli sifatdagi (tasvir o‘lchamlari formati 2K (2048x1152) va ovoz o‘lchamlari formati – dolby surround 5.1 dan kam bo‘lmagan) nusxasi ko‘rib chiqish va keyinchalik saqlash uchun taqdim qilinadi;
yo) ruxsatnoma olinganligi uchun belgilangan yig‘im ariza beruvchi tomonidan to‘langanligini tasdiqlaydigan hujjatning nusxasi.

Filmning ommaviy namoyishini amalga oshirishga ruxsatnoma olish uchun hujjatlar vakolatli organ tomonidan 15 kundan oshmagan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi ariza ko‘rib chiqilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki barobari miqdorida yig‘im undiriladi. Ariza ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im summasi vakolatli organning hisob raqamiga o‘tkaziladi. Ariza beruvchi berilgan arizasidan voz kechgan taqdirda to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.

Ruxsatnoma cheklanmagan muddatga beriladi. Ruxsatnoma berilganligi uchun undiriladigan yig‘im vakolatli organ huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi hisob raqamiga o‘tkaziladi. Filming ommaviy namoyishini amalga oshirishga ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uchun – vakolatli organ tomonidan ekspert komissiyasi tashkil etiladi.

Quyidagilar ruxsatnomani berishni rad etish uchun asos hisoblanadi:

ruxsatnomani berish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar ariza beruvchi tomonidan to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilishi;
ariza beruvchining ruxsat beruvchi talablar va shartlarga nomuvofiqligi;
ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki buzilgan ma'lumotlar mavjudligi.
Boshqa asoslar, shu jumladan maqsadga muvofiq emaslik sababi bilan ruxsatnoma berish rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mavzuga oid