Sport | 10:17 / 09.06.2018
19265
2 daqiqa o‘qiladi

Bokschi Fyuri o‘zidan 30 kg yengilroq raqibini qo‘llarida dast ko‘tarib oldi (video)

9 iyunda Manchesterda o‘tadigan professional boks kechasi oldidan bokschilar vaznini o‘lchash marosimi bo‘lib o‘tdi. Kechadan o‘ta og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni Tayson Fyuri va albaniyalik Safar Safariy jangi ham o‘rin olgan. Bu jang Fyurining oxirgi 3 yil ichidagi ilk jangi bo‘ladi. Britaniyalik bokschi shu munosabat bilan jangga AQSh prezidenti Donald Trampni ham taklif qilgan.

Vazn o‘lchash natijalariga ko‘ra Fyuri raqibidan 30 kg og‘irroq chiqqan: u 125,1 kg, Safariy esa 95,3 kg tosh bosgan. Bundan tashqari, Fyuri raqibidan 20 sm balandroq hamdir. 

Vazn o‘lchashdan keyin bokschilar an'anaviy tarzda “nigohlar dueli”ni uyushtirishdi. Shunda britaniyalik bokschi hazillashib, raqibini qo‘llariga ko‘tarib oldi va ularning ikkovi ham bundan yuzlarda tabassum bilan bir-birlarini qutlab qo‘yishdi.

Fyuri bunday tadbirlarda birinchi marta “tomosha ko‘rsatishi” emas. Misol uchun, u 2015 yilda Vladimir Klichko bilan jangga Betmen kiyimida kelgandi. 

Britaniyalik oxirgi jangini aynan Klichkoga qarshi o‘tkazib, ochkolarga ko‘ra IBF, IBO, WBO va WBA versiyalari bo‘yicha jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritgan. 2016 yil kuzida bokschining doping-namunalari uning qonida kokain giyohvand moddasi izlari borligini ko‘rsatgan. Shundan keyin bokschining litsenziyasi doping tergovi yakunlanguncha to‘xtatib qo‘yilgan. Ma'lum qilinishicha, ayni damda bokschining litsenziyasi tiklangan.

Mavzuga oid