Sport | 14:06 / 09.06.2018
24818
5 daqiqa o‘qiladi

Xayrulla Hamidov - Mundiallar xotirasi

Jahon chempionatidan bir yil so‘ng tug‘ilganman. Nemislarning elitaga qaytgan musobaqasi. Gollandiya degan yurtning otilib, katta sahnaga chiqqan damlari edi. Albatta, bu voqealarni biz keyin videolarda ko‘rganmiz. Otalarimiz yaxshi eslashadi.

Ilk tomosha qilganim Maradonaga atalgan mundial bo‘lgan. 11 yosh edim. Argentina jahon chempioni bo‘lgan, xuddi tug‘ilishimdan bir yil oldingi Germaniyaga o‘xshab buyuklar safidan o‘rin olgan edi. 

Foto: Getty Images

1990 yilgi jahon chempionati aqlimni tanigan paytlarim bo‘lgani uchunmi yo rostan ham katta jamoalar ko‘p bo‘lganidanmi, juda shiddatli o‘tgani yodimda. Germaniya Argentinadan qasos olgandi. Tug‘ilishimdan sal oldin elitaga qaytgan Germaniya aqlimni taniganimda ulg‘aygan Argentinani, xususan, uning yetakchisini yig‘latgan edi.

Foto: Getty Images

1994 yil. Universitetda o‘qiyman. Gazetada musahhih bo‘lib ishlayman. Ilk xabarsifat maqolalarim futbolga oid yozilganiga o‘sha mundial sababchi. Roberto Badjo siymosi shuning uchun ham ko‘z o‘ngimda o‘ta katta yulduz bo‘lib qolgandir. Balki.

Asr oxiridagi jahon chempionati finali ham shundoq ko‘z o‘ngimda. Sababi, aynan o‘sha kuni jurnalistika fakultetida diplom ishimni himoya qilgandim va o‘z nutqimni «bugun final bo‘ladi» deb boshlagandim. Zidan o‘sha kuni futbol elitasiga kirishini bilmasdim, ochig‘i. Braziliya qo‘rqinchli edi juda. Balki diplom ishimni himoya qilayotgan paytimda Ronaldoning o‘sha zaharlanajak ovqatini yeyayotgan paytiga to‘g‘ri kelgandir. Balki.

Foto: AFP

2002 yilgi mundial mening sharhlovchilik faoliyatimdagi muhim burilish edi. Finalni Mirzahakim akam bilan sharhlaganman. Yolg‘ondakam Germaniyaga muxlis bo‘lib boshlaganman (chunki nemislar yurib kelgan setka tomonidagi o‘yinlarning ko‘pi mening chekimga tushgandi), biroq Ronaldo gol urgach, uyalmasdan ustoz sharhlovchining gapini ham «yulib» olganim esimda. (Shu odatim haligacha bor)

Foto: Getty Images

2006 yilgi mundial ham o‘z voqeotlari bilan xotiram to‘ridan joy olgan. Televideniyedan ketganmanu, ammo mundial o‘yinlariga chaqirtirilgan edim. G‘alati holat-a, shu musobaqa tugaydi va TVda boshqa ishlamayman. Nedir kemtik bo‘lib turardi o‘yinlarni ko‘rarkanman. Uchinchi o‘rin uchun bahsni sharhlagandim oxirgi marta. Shvaynshtayger shundan beri ko‘zimga g‘alati ko‘rinadi.

Foto: Getty Images

2010. Finalni Qiziltepada ko‘rganman. Ilk kunim edi.

Foto: Getty Images

2014. Finalni yana o‘sha yerda ko‘rdim. Lekin ketish arafasida turganimni bilardim. Bu his xuddi 2006 yili erinibgina o‘yinlar tugashini istamay sharhlaganimga o‘xshardi, faqat aks holida – tezroq tugayqolsa edi bu turnir, derdim. Mundial ham tez tugadi, muddat ham. 

Foto: Getty Images

2018 yilgi JChga ham yetib keldik. Endi ikki xil tasavvur: agar JARdagi va Braziliyadagi jahon chempionati bilan solishtirilganda, rohatlanib kuzataman. Bundan-da zavqli onlar yo‘q, deb. Asr avvalidagi mundiallar ila taqqoslansa, sharhlovchi bo‘lib mundialni tomoshabin bo‘lib kuzatish biroz alamli tuyg‘u. Baribir men birinchi taqqosni tanlayman va zavqlanishga qaror qilaman. 

Men bu sabrimning evaziga boshqa mukofot kutaman: 2022 yilgi turnirda terma jamoamizni ilk marotaba ana shu festivalda ko‘rish! Farqi yo‘q, sharhlovchi bo‘libmi, tomoshabin bo‘libmi, faqat oilam bag‘rida, do‘stlar davrasida bo‘lgani. 

Eslab ko‘ringchi, jahon chempionatlari sizning hayotingizga ham shunday, bo‘lak-bo‘lak tuyg‘ular izini tashlab ketgandir balki.

Mavzuga oid