Jamiyat | 15:15 / 12.06.2018
51092
3 daqiqa o‘qiladi

Ehson nima? U barcha ishlarni chiroyli ko‘rinishda qilishdir

“Islom nuri” dasturining navbatdagi sonida ehson haqida so‘z boradi. Suhbatdoshimiz poytaxtdagi “Hazrati Ali” jome masjidi imom xatibi Salohiddin Sharipov ehsonning asl mohiyati, u nimalarda namoyon bo‘lishi haqida gapirib berdi.

YouTube'da ko‘rish

Tas-IX'da ko‘rish

- Islom dini – ehson dinidir. Ehson so‘zi yaxshilik qilish ma'nosini anglatadi. Bu – umumiy ma'noda keladi. Biz ehson deganda odamlarga dasturxon yozishni, xudoyi qilishni tushunib qolganmiz. Aslida, ehson barcha ishni go‘zal qilishdir. Alloh taolo Qur'oni karimning ko‘plab oyat-karimalarida mo‘min-musulmon bandalarini ehson qilishga, yaxshilik qilishga buyurgan.

Alloh taolo marhamat qiladi: “...va siz ehson qiling, Alloh taolo ehson qiluvchilarni yaxshi ko‘radi”. Yana bir oyatda: “Yaxshilik qiluvchilarga bu dunyoning o‘zida ham yaxshilik bor”, deyiladi. Alloh taoloning marhamatini qarang. Bu dunyoda bitta yaxshilik qilsak, oxiratda o‘ndan to yetti yuz barobargacha bo‘lgan yaxshilik bizni kutib turadi. U bandalariga ana shunday marhamati keng, mehribon zotdir.

Dunyoda nafas olib turibmiz ekan xayolimiz, fikrimiz va zikrimiz yaxshilik qilish bo‘lish kerak. Hadisi shariflarda shunday ma'nolar keladi: “Yaxshilik qilish qo‘lingdan kelmasa, hech bo‘lmaganda yomonlik qilma”. Ramazon oyi aynan ehson oyi hisoblanadi. Mo‘min-musulmon bandalar yaxshilikda musobaqa qiladigan oy hisoblanadi. 

“Hazrati Ali” jome masjidi
imom xatibi Salohiddin Sharipov

Xayr-ehson, muruvvat, odamlarga moddiy-ma'naviy foyda yetkazish masalasida dinimizda ta'limotlar to‘la. Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Sadaqaning eng afzali – Ramazonda qilingan sadaqa”, deganlar. Hamyonimizdagi mol-davlat Alloh taolo bergan omonat. Bizniki deymizu, bizga nasib qiladimi, yo‘qmi uni Alloh biladi.

Miskinning, yordamga muhtoj odamni yaxshi ko‘rish go‘zal fazilat. Ulug‘larimizdan biri shunday deganlar: “Miskin, bechora odam boy, ehson qiluvchi odamni yaxshi ko‘rib qolsa, ajablanma. Agar teskarisi bo‘lib, boy odam bechora odamni yaxshi ko‘rib qolishligidan ajablan”. Alloh barchamizga yaxshi amallar qilishligimizni nasib etsin, - dedi S.Sharipov.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid