Jamiyat | 02:19 / 13.06.2018
44245
4 daqiqa o‘qiladi

Alloh taolo rizq berishda hech bir jonzotni unutmaydi

Allohga tavakkal qilish qanday bo‘ladi va u qay vaziyatlarda amalga oshiriladi. “Islom nuri” dasturining navbatdagi soni mavzusi ana shu haqda. Toshkent shahridagi “Bo‘ri jar” jome masjidi imom xatibi Husniddin Abdukarimov bu haqda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

YouTube'da tomosha qilish

Tas-IX'da tomosha qilish

- Inson bolasi har bir narsada Alloh taologa tavakkal qilishi lozim va shart. Chunki insonning qismati shuki, u Yaratgandan har lahza umidvor bo‘ladi. Alloh taolo Qur'oni karimda: “Alloh tavakkul qiluvchilarni sevadi”, deya marhamat qiladi. 

Bu tavakkul qilish har bir narsani Alloh taolodan deb bilmog‘likning ishorasi bo‘ladi. Buning aksini oladigan bo‘lsak, bandasi “o‘zim qildim, o‘zim terdim, o‘zim yig‘dim, o‘zim erishdim”, degan gaplar Allohning g‘azabini keltiradigan holatga olib keladi. 

Faqih Abu Lays Samarqandiy Iso alayhissalomning so‘zlarini keltirib shunday deydilar: “Kimki oxirat kuniga, Alloh taologa chin ma'noda ishonadigan bo‘lsa, Yaratganga tavakkul qilsin. Va ertangi kunini o‘ylab, taomni yashirmasin. Chunki ertangi kun o‘zining rizqi bilan keladi”. Yana davom ettilar: “Chumolining ham rizqini beruvchi Alloh taolo. Ularning qorni kichkina-ku, deya shubha qilsa, qushlarga boqsin. Agar bundan qanoat hosil qilmasa, katta-katta hayvonotlarga boqsin. Alloh rizq berishda hech bir jonzotni unutmaydi”.

Alloh taoloning rizq beruvchi fazilati ham bandani Parvardigori olamga chin ma'noda tavakkul qilmoqligiga bog‘liq. Ya'ni, banda tavakkal qilsa bas, Alloh uning rizqini yetkazib beraveradi. Mufassirlarimiz aytishadiki, shariat hukmlariga amal qiladigan, Alloh taologa taslim bo‘lib, nima buyurgan bo‘lsa, ana shu buyruqlariga rioya etib yuradigan insonlarni musulmon deyilsa, undan keyingi bosqichni mo‘minlik maqomi deyiladi. Birinchi bosqichda Allohdan qo‘rqish bo‘lsa, ikkinchi bosqichda Allohga bo‘lgan muhabbat, unga talpinish yuzaga keladi.

“Bo‘ri jar” jome masjidi
imom xatibi Husniddin Abdukarimov

Albatta, har bir insonning o‘z e'tiqodi, Allohga bo‘lgan muhabbati bor. Payg‘ambarimiz (s.a.v) aytdilarki: “Agar Allohga chin tavakkul qilganingizda edi och ketib, to‘q qaytgan qushlar kabi bo‘lar edingiz”. Bu hadisning mohiyatiga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, qushlar ertangi kunning g‘amini yemaydi, biror narsani g‘amlab qo‘ymadi. Faqatgina erta tong sahar uchib ketishar ekan, kech tushganda to‘q qaytib kelishar ekan. Inson bolasi qaysi sohada faoliyat yuritishidan qat'i nazar Allohga bo‘lgan tavakkulini amalda ko‘rsata olmog‘i zarur, - dedi H.Abdukarimov.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid