Jamiyat | 17:04 / 18.06.2018
41447
4 daqiqa o‘qiladi

Fermer ishlasinmi yoki malaka oshirsin? Senator «Avtotest» bo‘yicha qarorga e'tiroz bildirdi

Bir masala ko‘p sonli fermerlarimizning boshini gangitib qo‘ymoqda. Gap shundaki, 2017 yil 4 sentabrda Vazirlar Mahkamasining “Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 693-son qarori qabul qilingan edi, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev Facebook’da.

Ushbu qarorda 2018 yilning 1 yanvaridan yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar ikki yilda bir marta malaka oshirishga majburligi va ularga malaka oshirganligi to‘g‘risida “Avtotest Report” MChJning sertifikati topshirilishi belgilangan edi.

Shundan so‘ng hukumatning mazkur qaroriga bir necha marta o‘zgarishlar kiritildi. Natijada yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarning malakasini oshirish faoliyati tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan 2018 yilning 1 avgustidan boshlab amalga oshirilishi belgilangan. 

Yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta'minlash, haydovchilarning bilimini oshirish va ularning yo‘l harakati qoidalariga rioya etish bo‘yicha mas'uliyati hamda javobgarligini oshirish maqsadida ularning malakasini oshirish katta ahamiyatga ega, albatta. Biroq masalaning yana bir jihati borki, u haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish har tomonlama foydalidir. 

Bugungi kunda joylardagi o‘rganishlarda, internet tarmoqlarida, aholi bilan muloqotlar va ularning murojaatlarida yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarning malakasini oshirish borasida o‘rnatilgan tartibning ijrosi bilan bog‘liq qator muammolar ko‘tarilmoqda. 

Xususan, hozir yurtimizda ro‘yxatdan o‘tib faoliyat yuritayotgan 303 ming 300 ta yuridik shaxs va 152 ming 689 ta fermer xo‘jaligi mavjud bo‘lib, ulardagi avtotransport vositalarini haydovchi vazifasida ishlovchi shaxslardan tashqari rahbarlari yoki xodimlari tomonidan ham haydovchilik guvohnomasi va ishonchnoma asosida boshqarilishi, avtotransportlardan tijorat, shu jumladan, yo‘lovchi va yuklarni tashish maqsadida foydalanilmasligi inobatga olinmagan. 

Yoki yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar ikki yilda bir marta malaka oshirishga majburligi belgilangan bo‘lib, yo‘l harakati qoidalarini tez va muntazam o‘zgarmasligini inobatga olganda, malaka oshirish uchun qisqa muddat, ya'ni ikki yil belgilangan.

«Yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarning malakasini oshirish tizimini tanqidiy o‘rganib, yanada takomillashtirish, shu jumladan, avtotransport vositasidan tijorat maqsadida foydalanmaydigan va haydovchi vazifasida ishlamaydigan xodimlarning malakasini oshirish masalasini qayta ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq», - deya yozadi senator. 

Sababi, fermerlarimiz dalasida ayni ish qizigan bir mahalda, yig‘im-terim chog‘larida malaka oshiraman, deb boy bergan bir soati ham hosilni yetishtirishda bir necha kunga kechikish, kutilgan hosilni ololmaslik kabi muammolarni keltirib chiqaradi. 

Fermer — haydovchi bo‘lmasa, mashinadan esa o‘z xo‘jaligida foydalansa, u nega malaka oshirishi kerak? Dehqon va fermer dalasida ishlasinmi yoki malaka oshirsin? Bu masala nega e'tiborga olinmagan? 

«Bizningcha, o‘rmonga o‘t qo‘yib, ho‘lu quruqning birday yonib, kul bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak...», - deya fikrini yakunlagan senator.

Mavzuga oid