Sport | 15:10 / 27.06.2018
18371
6 daqiqa o‘qiladi

E va F guruhlari: Jar yoqasidagi janglar

Foto: AP

Bugun yana ikki guruhda uchrashuvlar o‘z nihoyasiga yetadi. Avvalgi guruhlardan farqli jihat shundaki, bugun maydonga tushadigan 8 jamoa ichida hali birortasi ham keyingi bosqich masalasini to‘liq hal qilib ulgurgani yo‘q. Hatto ikki o‘yinda yuz foizlik natija ko‘rsatgan Meksika ham. 

Sakkiz  jamoadan yettitasida keyingi bosqichga chiqish uchun yaxshigina imkoniyat bor. Demak, bugungi o‘yinlar yanada qiziqarli va shiddatli kechadi. 

F guruhi

Hakam tomonidan qo‘shib berilgan paytda, jamoasining gol urish uchun so‘nggi imkoniyatini o‘z zimmasini olgan Toni Kroos ajoyib zarbani ijro etganda, balkim, Robin Olsen qo‘riqlayotgan darvoza manzilning oxiridek ko‘ringandir. Kroos, jamoadoshlari va muxlislar uchun. Lekin bu yo‘lning boshlanishi edi, o‘sha gol Germaniyaga bor yo‘g‘i guruhdan chiqish uchun kurashish imkoniyatini saqlab qoldi xolos. Ertakning davomi bugun...

Ioaxim Lyov shogirdlari nimchorak finalga chiqish uchun Janubiy Koreya ustidan g‘alaba qozonishlari kerak bo‘ladi. Bu guruhda uch jamoa teng – 6 ochkodan olishi mumkinligini e'tiborga olsak, nemislar 2 to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishlari kerak, ana o‘shanda narigi o‘yin natijasidan qat'i nazar, guruhda kamida 2-o‘rinni saqlab qolishadi. 

Durang ham Germaniyani keyingi bosqichga olib chiqishi mumkin, buning uchun Shvetsiya terma jamoasi Meksikadan mag‘lub bo‘lishi kerak. Agar har ikki o‘yin ham durang bilan yakunlansa, ko‘proq gol urgan jamoaning omadi keladi. Aytaylik, Meksika – Shvetsiya 1-1 va Germaniya – Koreya 0:0 hisobida tugasa, shvedlar 2-o‘ringa chiqib olishadi. 

Qiziq tomoni shundaki, bu guruhda 2 o‘yinda g‘alaba qozongan Meksika so‘nggi turda yutqazib, uchinchi o‘ringa tushib ketishi yoki aksincha, hali birorta ham g‘alaba qozona olmagan Janubiy Koreya bugun g‘alaba qozonib, 2-o‘ringa chiqib olishi mumkin. Ya'ni uch jamoa 6 ochko to‘plashi yoki uch jamoa bir xil – 3 ochkoga ega bo‘lib qolishi ehtimoli mavjud. Asosiy o‘rinda to‘plar nisbati turishini e'tiborga olsak, bu o‘yinlardagi har bir golning qiymati juda yuksakdir. 

Tomosha qilish uchun esa, Meksika – Shvetsiya o‘yinini tavsiya qilamiz. Chunki bu o‘yinda har ikki jamoaning taqdiri o‘z qo‘lida. Shvetsiya g‘alaba qozonsa, keyingi bosqichga chiqadi, Meksikani esa, guruhda peshqadam bo‘lib qolishi uchun durang kifoya qiladi.  

19.00 Janubiy Koreya – Germaniya
19.00 Meksika - Shvetsiya

Ye guruhi

Yuqorida tilga olingan guruhda 2-o‘rin katta ehtimol bilan Germaniyaga tegishi mumkinligi inobatga olsak, nimchorak finalda bizni dahshatli juftlik kutib turgan bo‘lishi mumkin. 

Hozircha, Ye guruhida Braziliya terma jamoasi to‘plar nisbati bo‘yicha peshqadam bo‘lib turibdi va agar bu holat o‘zgarmasa, Braziliya – Germaniya o‘yinini biz pley-offning dastlabki bosqichidayoq guvohi  bo‘lamiz. Balki Braziliya uchun Meksika osonroq raqib tuyulishi mumkin, lekin qiziq tomoni, bemalol raqib tanlash imkoniyati Braziliyada yo‘q. Chunki uning bugungi raqibi Serbiya terma jamoasini keyingi bosqichga chiqish uchun faqat g‘alaba qoniqtiradi. Durang Braziliya uchun pley-offga chiqish uchun, ayniqsa, 2-o‘rinni olib, osonroq “setka”ga o‘tib olish uchun ayni muddaodir, ammo guruhlardagi so‘nggi turdagi voqealarni eslasak, bu juda katta tahlikadir. Chunki o‘yin oxirida gol o‘tkazib yuborib, umuman pley-offsiz qolish imkoniyati bor. Shuning uchun ham, Braziliya hammasiga jiddiy yondoshishi va keyingi bosqichdagi raqiblar haqida o‘ylamay, imkon qadar g‘alaba qozonish va raqibiga imkoniyat qoldirmaslik uchun maydonga tushishi tabiiy. 

Demak, qisqacha aytganda, Braziliyani Serbiya bilan o‘yinda g‘alaba va durang qoniqtiradi. Serbiya esa, guruhdan chiqishi uchun g‘alaba qozonishi kerak. To‘g‘ri, serblar durang o‘ynab ham guruhda 2-o‘rinni olishlari mumkin, ammo buning uchun Shveytsariya Kosta Rikaga ikki to‘p farqi bilan yutqazishi kerak bo‘ladi. Braziliya ham mag‘lubiyatga uchrab turib, guruhdan chiqishi uchun, xuddi shu voqea – Shveytsariya Kosta Rikadan mag‘lubiyatga uchrashi lozim bo‘ladi.  
Bu guruhda Kosta Rika terma jamoasidagina umuman imkoniyat qolmagan. 

23.00 Shveytsariya – Kosta Rika
23.00 Serbiya - Braziliya

Mavzuga oid