Qozog‘iston nega atom energetikasida birinchilikni O‘zbekistonga boy berdi?
O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib Rossiyaning «Rosatom» korporatsiyasi bilan atom elektr stansiyasini qurishi haqidagi xabar Qozog‘istonda biroz rashk bilan qabul qilindi. Chunki yigirma yildan buyon goh rossiyaliklar, goh fransuz va yaponlar bilan AES qurilishi bo‘yicha aynan Qozog‘iston muzokaralar olib borayotgandi, deb yozadi Janar Tulindinova.
Qozog‘iston nega atom energetikasi sohasidagi yetakchilikni qo‘shnisiga topshirib qo‘ydi?
Qozog‘istonda AES qurish rejasi hukumat tomonidan 1998 yilda e'lon qilingandi. O‘shandan buyon AES qurilishi mo‘ljallangan uchta joy taxmin qilindi:
- Qozog‘iston janubi, Balxash ko‘li. Qozog‘istonlik amaldorlar Balxashda AES qurilishi respublika janubidagi energiya taqchilligi muammosini hal qilishini bir necha bor ta'kidlashgan.
- Qozog‘iston g‘arbi, Aqtau shahri. Bu yerda 1973 yildan 1999 yilgacha mahalliy energetika kombinatida atom reaktori faoliyat ko‘rsatgan. Bu yerda AES qurilishi mamlakat g‘arbidagi energiya taqchilligi muammosini hal qilishi mumkin edi.
- Kurchatov shahri, Sharqiy Qozog‘iston viloyati. Bu yerda Semipalatinsk yadro poligonining sobiq markazida atom klasteri bo‘lgan.
Agarda Qozog‘iston shimolida elektr energiyasi ortig‘i bilan ishlab chiqarilib Rossiyaga eksport qilinsa, Qozog‘iston g‘arbida energiya quvvati generatsiyasi yetarlicha bo‘lmagani uchun Rossiyadan import qilinadi. Ekspertlarning fikricha, Balxash ko‘li yoki Aqtauda AES qurilishi respublika energiya mustaqilligi muammosini hal etishi mumkin.
Bu haqda Qozog‘iston energetika assotsiatsiyasi raisi Shaymerden Urazalinov ham ta'kidlab o‘tdi: «Maydon tanlash masalasida esa, AES G‘arbiy Qozog‘istonda qurilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bugungi kunda mazkur hudud elektr energiyasini Rossiyadan import qiladi, u respublikaning yagona elektr energiya tizimi bilan bog‘lanmagan. Aqtauda AES qurilishi g‘arbiy hududda elektr energiyasi taqchilligiga barham berishdan tashqari mamlakatning yagona energiya tizimini yaratish imkonini bergan bo‘lardi».
Gaplar bor – harakat yo‘q
Yaqinda Qozog‘iston energetika vaziri Kanat Bozumbayev Qozog‘istonda atom stansiya qurilishi istiqbollari haqidagi savolga javob berarkan, «AES qurilishi bo‘yicha qaror hozircha qabul qilinmaganini» aytdi.
Vazirning izohlari bir-biriga zid. Bir tomondan Bozumbayev Qozog‘istonda tinchlik yo‘lidagi atomni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi va undan foydalanish kerakligini tan oladi.
«Biz uran bozorida yetakchi mamlakatmiz, jahon bozoridagi hissamiz 40 foiz. Biz xomashyo sotmaslik, narxlarga bog‘lanib qolmaslik uchun integratsiyalashgan kompaniya tuzishimiz, mahsulot ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishimiz darkor. Men atom stansiyalari uchun yonilg‘i to‘plamlarini nazarda tutyapman. Agar boshqa mamlakatlarni bu mahsulot bilan ta'minlay olar ekanmiz, nima uchun undan o‘zimiz foydalanmasligimiz kerak?», dedi u.
Boshqa tomondan esa vazir Qozog‘istonda energiya ishlab chiqaruvchi yangi quvvatlarga kuchli ehtiyoj yo‘qligini aytadi:
«Bilasizmi, bizda elektr energiyasi profitsiti hatto qishda ham 20-25%ni tashkil etadi. 2025-2026 yillarga kelib kichik defitsit paydo bo‘lishi va o‘shanda yangi quvvat kerak bo‘lishi mumkin. AES ham o‘sha davrda kerak bo‘ladi».
Uzoq vaqt hamkor tanlash
Qozog‘iston AES qurish borasida yigirma yillik bosh qotirish jarayonida xuddi injiq kelinlardek bir necha bor hamkor tanlagan:
Rossiyaning «Rosatom»i. Rossiyaliklar Aqtau va Kurchatovda AESlar qurishga tayyor edi.
Yaponiya. OAV xabariga ko‘ra, 2014-2015 yillarda Yaponiyaning Toshiba kompaniyasi bilan muzokaralar olib borgan.
2014 yilda Fransiyaning Areva kompaniyasi Qozog‘istonda AES qurish bo‘yicha tenderda ishtirok etish niyatini bildirdi. Qayd etish joizki, 2008 yilda Areva shartnoma asosida Qozog‘istonga reaktorlar uchun yadroviy to‘plamlar ishlab chiqarish texnologiyasini taqdim qilgandi.
G‘arb qarshimi?
Ayrim ekspertlar esa Qozog‘istonning qat'iyatsizligi va uzoq vaqt hamkor tanlashi siyosat bilan bog‘liq degan fikrda. Xususan, «Vestnik Kavkaza»ga bergan intervyusida Moskvadagi an'anaviy madaniyatlar markazining ilmiy va ta'lim loyihalari bo‘yicha direktori Aleksandr Sobyanin shunday fikr bildirdi. Ekspertning fikricha, Qozog‘iston atom energetikasiga Rossiyani yaqinlashtirmaslik uchun G‘arb Ostonaga bosim o‘tkazmoqda.
«G‘arbiy Qozog‘istonda AES qurish loyihasi barcha kelishuvlardan va ommaviy eshituvlardan ham o‘tgandi. So‘ngra G‘arb qo‘shildi. Nursulton Nazarboyevga siyosiy bosim qilindi, Qozog‘istonda AES qurish bo‘yicha Fransiyaning Areva kompaniyasidan taklif kelib tushdi. Ularning yagona vazifasi «Rosatom»ni stansiya qurilishiga yaqinlashtirmaslik edi», - deydi ekspert.
Xo‘jalik yurituvchi Mirziyoyev
Rossiya harbiy fanlar akademiyasi professori, siyosiy fanlar doktori Vadim Kozyulin shunday deydi: «O‘zbekistonda sovet davridan buyon uran qazib olinadi. Bugungi kunda, dunyoda energiya resurslari dolzarb muammoga aylangan vaqtda O‘zbekiston uchun bu masalaga xo‘jalik nuqtai nazaridan qarash payti keldi. Qayd etish joiz, O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev barcha sohalarda xo‘jalik yuritish yondashuvini namoyon etmoqda. Taxmin qilish mumkinki, bu mavzu «Rosatom»da ishlab chiqilgan va prezident Mirziyoyevga taqdim etilgan».
Kozyulin bu borada O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan mintaqaviy raqobat omilini ko‘radi, ammo bunga juda katta e'tibor bilan qaramaslik kerak deb hisoblaydi.
«O‘zbekistonda bugungi kunda atom bilan bog‘liq bo‘lmagan, prezident Mirziyoyev siyosat bilan bog‘lamagan holda rivojlantirayotgan ko‘plab loyihalarni ko‘rish mumkin. Tinchlik maqsadidagi atom Toshkentga yangi sohani shakllantirish, malakali mutaxassislar tayyorlash, tibbiyot, asbobsozlik bilan bog‘liq parallel ishlab chiqarishlarni tashkil etish imkonini beradi», - deydi ekspert.
Nuklearofobiya amalda
AES qurilishi yo‘lidagi to‘siqlardan yana biri Qozog‘iston jamiyatidagi nuklearofobiya kayfiyatidir.
Hattoki ushbu soha vakillari ham ana shunday kayfiyatda. Yevrosiyo milliy universitetining yadro fizikasi, yangi material va texnologiyalar kafedrasi professori Kayrat Kuterbekov yuqori ekologik xavf bois Qozog‘istonda AES qurilishi maqsadga muvofiq emasligini, buning o‘rniga yadroviy tibbiyot va atom texnologiyasi qo‘llaniluvchi boshqa sohalarni rivojlantirish lozim degan fikrni bildirdi.
Maqolada Atirau viloyatida integratsiyalashgan neft-kimyo majmuasini qurish uchun Qozog‘iston uzoq vaqt investor izlagani bilan bog‘liq holat yodga olingan. Aytilishicha, bu korxona MDH hududida polimer ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi korxona bo‘lishi va Markaziy Osiyo bozorini o‘z mahsulotlari bilan to‘ldirishi rejalashtirilgan. 2000 yillarda mazkur loyihaga oid ko‘plab memorandumlar imzolangan, turli dasturlar ishlab chiqilgan.
Ammo MDHdagi eng yirik gaz-kimyo majmuasi – Ustyurt GKM oxir-oqibat 2016 yilda O‘zbekiston tomonidan qurilgan. 2012 yilda jahonning yetakchi «Tomson Reyter» agentligi tomonidan jahon neft-kimyo sanoatidagi eng yaxshi loyiha deb topilgan mazkur loyiha atigi to‘rt yilda amalga oshirildi va ilgari Qozog‘iston da'vogarlik qilgan Markaziy Osiyo bozorini o‘z mahsulotlari bilan ta'minlay boshladi.
Mavzuga oid
22:27
Mustaqil Qozog‘iston tarixidagi eng yirik aviahalokatlar sanab o‘tildi
21:32
Azerbaijan Airlines samolyotining Qozog‘istondagi halokatida 38 kishi vafot etdi
23:10 / 23.12.2024
Rossiya Qozog‘istonda 7 mln dollarlik firibgarlik ishida ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosini ekstraditsiya qildi
17:57 / 23.12.2024