O‘zbekiston | 19:37 / 06.08.2018
14954
4 daqiqa o‘qiladi

KUN.UZ Chikagoda: eksklyuziv fotoreportaj

Amerika  — sehrli diyor. Bu jumla xammamizga birdek tanish va yoqimli. Haqiqatan ham Amerika sehrlimi? Amerika sehrli emas. Joduli ham emas. Ayni paytda Amerika betakror va ulug‘vor ekanligi haqiqat. KUN.UZ Amerikadan muxlislar uchun fotoreportaj tayyorladi.

Chikago Amerikaning Illinoys shtatida joylashgan bo‘lib, shahar yirik biznes va moliya markazi. Uning aholisi deyarli 2 million 800 ming kishini tashkil etadi. Shahar aglomeratsiyasi hududida esa 10 million aholi istiqomat qiladi.

Chikagoning diqqatga sazovor joylari bisyor, u o‘zining ulkan va osmono‘par binolari bilan Amerika timsoliga aylangan. Chikagoliklar xaqiqiy amerikacha hayot kechirishadi. Axir ular AQShning yuragida istiqomat qilishmoqda. Chikago shiddat va qaynoq hayot tarziga ega bo‘lsa-da, tirbandlik juda kam. Shahar va odamlar soat miliday mehnat qilishadi.

Barchamizga ma'lum Michigan avenyusi Chikagoning markazida joylashgan. U yerda, asosan, biznes markazlari, restoranlar, gipermarketlar, mehmonxonalar, turli haykallar joylashgan; ko‘chalar shahar mehmonlarini hayratga sola oladi. Misol uchun, viqorli Tramp Tower binosi ham aynan Michigan avenyusida. Shohko‘chada yana turli qobiliyat egalarini o‘z san'atini namoyon etishiga ko‘zingiz tushadi.  Bu ham o‘zgacha betakror lahzalardir.

Michigan avenyusi ostidan Chikago daryosining o‘tgani ko‘chaga o‘zgacha go‘zallik baxsh etib turadi. Aytish kerakki, Chikago daryosi nafaqat asosiy ko‘chani, balki butun shaharni kesib o‘tadi. Michigan daryosi sohillari chikagoliklarning sevimli maskanlari bo‘lib qolgan.

Shaharning eng baland binosi — Willis Tower 108 qavatdan iborat. Uning me'mori — bangladeshlik Fazlurxon. Osmono‘par binoning 103-qavatida SkyDeck — osmon ayvoni joylashgan. U shisha oynadan qilingan bo‘lib, sizga haqiqiy zavq bag‘ishlaydi. Willis Tower haqida keyinroq batafsil to‘xtalamiz.

Chikagoga kelgan mehmon Michigan ko‘lini, albatta, e'tirof etadi. Uning mavjlanishi va shabbodasi chikagoliklarni va mehmonlarni xushnud etadi. Shuning uchun ham Michigan ko‘li sohili bo‘ylab velosiped yo‘laklari va sport hududlari joylashgan.

Bu loviyaga o‘xshash monument Chikagoning Millenium Park deb ataluvchi bog‘ida joylashgan. Umuman olganda, Chikagoda sayr qilish va hordiq chiqarishga bog‘lar ko‘p. Millenium Park shaharning eng yirik jamoat bog‘i. Darvoqe, monumentning nomi  CloudGate.

Fotoreportajimiz so‘ngida chikagoliklar xaqida bilgan va ko‘rganlarimizni aytmoqchimiz. Shaharliklar juda xushmuomala va tabassum ulashishni yaxshi ko‘radi. Sizdan kechirim so‘rashi, har qanday holatda ham yordam berishi mumkinligini izhor etishi yuksak bahoga munosib. Muhimi, chikagoliklar xotirjam odamlardir. Bu esa sizni havas qilishga undaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, Chikago inson va uning hayoti uchun eng maqbul, yaxshi taraqqiy etgan go‘zal shahardir.

Mavzuga oid