Osmono‘par binolar, yashil daryo va biznes markazi – Chikagodan fotoreportaj
Ayni vaqtda xizmat safari bilan AQShda bo‘lib turgan Kun.uz ijodiy jamoasi ushbu mamlakatning uchinchi yirik shahri, dunyoga mashhur Chikagoning diqqatga sazovor joylaridan fotojamlanma taqdim qiladi.
2,6 milliondan ortiq aholi yashaydigan Chikago – Nyu-York va Los-Anjyeles shaharlaridan keyin AQShning uchinchi eng yirik shahri hisoblanadi. Katta Chikago aglomeratida 9 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bundan tashqari, shaharning yirik kompaniyalar ofislari joylashgan markaziy qismi – Manhettendan so‘ng AQShda eng yirik moliyaviy markaz hisoblanadi.
Shahar Michigan ko‘lining g‘arbiy sohili – Illinoys shtatida joylashgan, havosi bir muncha sovuq, quruq va sovuq shamollar ko‘p kuzatiladi.
Asosan afroamerikaliklar yashaydigan hududlar kriminogen holat yomonligi tufayli sayyohlar uchun xavfli ekani aytiladi. Asosiy sayyohlik zonalari esa xavfsiz.
Chikagoda jamoat transporti yaxshi rivojlangan, shu bilan birga yashash narxlari o‘zi qatoridagi yirik shaharlardagidan ancha arzonroq. 1871 yilda sodir bo‘lgan ulkan yong‘indan so‘ng Chikago qariyb butunlay qaytadan qurilgan, shaharda ilk osmono‘par binolar paydo bo‘lgan.
Har yili 70 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatuvchi O'hara xalqaro aeroporti dunyodagi eng katta va tig‘iz aeroportlar qatorida turadi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, Chikagoga 2018 yilda 58 million sayyoh kelgan.
Shaharning asosiy diqqatga sazovor joylari qatorida baland binolarning o‘rni muhim. Ular qatoriga 110 qavatli Wills Tower (103-qavatda tomosha maydoni mavjud), Grant Park, Riverwalk – Chikago daryosi bo‘ylab sayr qilish yo‘lagi, bundan tashqari ko‘plab muzey, park va teatrlarni kiritish mumkin.
Shuningdek, sayyohlar uchun – shaharning biznes markazi orasidan oqib o‘tuvchi Chikago daryosida kema sayohati ham mavjud. Bu daryo 1962 yildan beri an’anaviy ravishda zararsiz moddalar bilan yashil rangga bo‘yaladi. Bunday noodatiy daryo bo‘ylab osmono‘par binolar orasida sayr qilish – dunyoning hech qayerida uchramaydi va har qanday sayyohni lol qoldiradi.
Farrux Absattarov
Muhammadjon G‘aniyev
Mavzuga oid
22:10 / 23.12.2024
AQSh Xitoyning eski chiplariga nisbatan tergov boshladi
19:00 / 23.12.2024
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
18:12 / 23.12.2024
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
17:17 / 23.12.2024