O‘zbekiston | 10:57 / 07.08.2018
10734
9 daqiqa o‘qiladi

Suv xo‘jaligi inshootlari bo‘yicha buyurtmachi tashkilotlarning asosiy vazifalari qanday?

Foto: ItaConstruction

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida Suv xo‘jaligi qurilishida buyurtmachi sifatida faoliyat yurituvchi davlat unitar korxonalarini saqlash xarajatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, suv xo‘jaligi obektlarida kapital qurilish ishlarini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga qarashli hududiy “Suvqurilish invest” davlat unitar korxonalari buyurtmachi tashkilotlar vazifasini bajaradi.

Moliyalashtirish manbai aniqlanmagan loyihalar bo‘yicha buyurtmachi tashkilotlarning xizmati amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Irrigatsiya va melioratsiya suv xo‘jaligi inshootlari bo‘yicha quyidagilar Buyurtmachi tashkilotlarning asosiy vazifalari hisoblanadi:     

loyiha yechimlarining samaradorligini ta'minlash, arxitektura va shaharsozlik darajasi talablariga rioya qilish;

loyiha va qurilish ishlarida energiya tejovchi va innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanishni tashkil etish;

kapital qo‘yilmalar samaradorligini oshirish.

ishlab chiqarish quvvatlarini va ijtimoiy soha obektlarini mo‘ljallangan muddatlarda foydalanishga topshirish prognozining bajarilishini ta'minlash.

Yuklangan vazifalarga muvofiq Buyurtmachi tashkilotlar quyidagi funksiyalarni bajaradi:

a) prognozlashtirish sohasida:   

O‘zbekiston Respublikasi rivojlantirish davlat dasturlari shakllantirilishida ishtirok etadi;

tasdiqlangan rivojlantirish davlat dasturlari va markazlashtirilgan manbalarning ajratilgan limitlari asosida keyinchalik belgilangan tartibda kelishish uchun qurilishlarning aniq mo‘ljalli ro‘yxati loyihasini tayyorlaydi;

pudratchi bilan kelishgan holda qurilishning titul ro‘yxatini belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritadi;

rivojlantirish davlat dasturlari loyihalari joylashtiriladigan tumanlarda muhandislik kommunikatsiyalarini rivojlantirish (yo‘llar, kanalizatsiya, issiqlik, elektr, gaz, suv ta'minoti, telefonlashtirish, radiolashtirish va boshqalar) masalalarini ko‘rib chiqish va hal etishda ishtirok etadi;

b) loyihalashtirish sohasida:

loyihalarni va davlat xaridlari bo‘yicha hujjatlarni ishlab chiqish uchun birlamchi-ruxsat beruvchi hujjatlarni tayyorlaydi, tanlov asosida «loyiha» bosqichida loyihalashtirish bo‘yicha ishlariga buyurtma joylashtirilishini tashkil etadi;

loyihalashtirishga topshiriq tayyorlaydi va belgilangan tartibda tasdiqlanishini tashkil etadi hamda ularni loyihachi tashkilotga taqdim etadi;

davlat xaridlari natijasida g‘olib tashkilot bilan shartnoma tuzadi va hamda loyihani loyiha hujjatlarini berish ishlarining kalendar jadvalini kelishadi;

tegishli tashkilotlar bilan eksperimental, ilmiy-tekshirish va boshqa ishlarni bajarishga shartnomalar tuzadi;

loyihalash jarayonida energiya tejovchi va innovatsion texnologiyalardan foydalanishga e'tibor beradi;

bajaruvchilar tomonidan shartnoma majburiyatlariga rioya etilishini nazorat qiladi;

loyiha va tanlov (yoki tender) hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilishini, kelishilishini, tasdiqlanishini, shuningdek ekspertizaning vakolatli organlari xulosalari hamda pudrat tashkilotlarining mulohazalari bo‘yicha tegishli hujjatlarga tuzatish va qo‘shimchalar kiritilishini tashkil etadi;

v) qurilish maydonini tayyorlash bo‘yicha:

qurilish uchun maydon tanlash va ajratish bo‘yicha komissiyalar ishida ishtirok etadi;

qurilish uchun yer uchastkalari ajratish to‘g‘risidagi hujjatlarni rasmiylashtiradi va belgilangan muddatlarda belgilangan tartibda pudratchilarga beradi;

elektr uzatishlarning havodagi liniyalari va aloqa liniyalari hududida, temir yo‘llar polosasida, qurilish maydonida joylashgan yer osti kommunikatsiya tarmoqlari (kabel, gaz quvurlari. kanalizatsiya tarmoqlari va boshqalar) o‘tadigan joylarda ishlarni bajarish;

qurilish davrida shaharlarda va boshqa aholi punktlarida gaz, suv, bug‘ va elektr ta'minoti bo‘lmagan taqdirda qurilishni tashkil etish loyihasiga muvofiq mavjud manbalardan olinadigan elektr energiyasi, gaz, suv va bug‘dan foydalanish;

o‘rmonni kesish va daraxtlar o‘tqazish, zarur hollarda esa daraxtlarni kesishga pudrat qurilish tashkilotlariga ruxsat berilishini tashkil etadi;

obekt qurilishi hududidagi bino va inshootlar buzilishi bilan bog‘liq xarajatlarni kompensatsiya qilish choralarini ko‘radi;

fuqarolarga zarurat bo‘lganda amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan obektning umumiy qiymati doirasida olib qo‘yiladigan meva, rezavor meva daraxtlari va ekinlar qiymatini, shuningdek fuqarolarga xususiy mulk huquqi bilan tegishli bo‘lgan buzilishi kerak bo‘lgan turar joylar va imoratlar qiymatini qoplaydi;

davlat tashkilotlariga, xususiy tashkilotlarga va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan buziladigan binolar va inshootlarning qoldiq balans qiymati hisob-kitobini, shuningdek uning obekt qurilishi loyihasiga kiritilishi asosliligini tekshiradi;

qurilish uchun geodezik ajratish asosi barpo etadi;

obektlarni qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalaridan ro‘yxatdan o‘tkazadi, shuningdek pudrat tashkilotlarida faoliyat turiga va ishlarni bajarishga litsenziyalar, mualliflik va texnik nazorat borligini tekshiradi hamda qurilish-montaj ishlarini bajarishga ruxsatnoma oladi.

   

g) qurilish, moliyalashtirish, hisob va hisobot sohasida:

   

obektni loyihalashtirish va foydalanishga tayyor holda qurish ishlari (xizmatlari) ijrochilarini tanlash bo‘yicha davlat xaridlarini tashkil etadi va o‘tkazadi;

loyihalashtirishga va pudrat ishlariga loyiha va pudrat tashkilotlari, tanlov savdolarining g‘oliblari bilan belgilangan tartibda shartnomalar tuzadi;

loyiha boshqarilishini va obektlar qurilishi texnik kuzatilishini ta'minlaydi;

tanlov asosida belgilangan yoki belgilangan tartibda aniqlangan kelishilgan shartnomaviy narx asosida qurilishlarning aniq va titul ro‘yxatlarini tuzish va aniqlashtirish uchun takliflar kiritadi;

yangi turdagi qurilish materiallardan foydalanilganda obektlar sifatli qurilishi va rekonstruksiya qilinishida pudratchi va ishlab chiqaruvchilarning kafolatlarini oladi;

moliyalashtirishning kelishilgan jadvalini hisobga olgan, buning uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlarni hududiy g‘aznachilik boshqarmalariga taqdim etgan holda loyihalash ishlari va obektlar qurilishi o‘z vaqtida ochilishi va joriy moliyalashtirilishini ta'minlaydi;

buxgalteriya, tezkor va statistika hisobini yuritadi, tasdiqlangan shakllarga muvofiq faoliyat turlari bo‘yicha hisobotlarni belgilangan tartibda tegishli organlarga taqdim etadi hamda ularni ishonchliligi uchun javob beradi;

qurilishda band bo‘lgan pudrat, loyiha-qidiruv tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun pudratchi va loyihachi tashkilotlar tomonidan to‘lovga taqdim etilgan ma'lumotnoma-schyot-fakturalarini tekshiradi;

bajarilgan ishlarga belgilangan tartibda haq to‘laydi (bajarilgan ishlar hajmi va qiymati to‘g‘risida imzolangan ma'lumotnoma-schyot-fakturalar asosida), shuningdek qurilishi tugallangan obekt bo‘yicha kafolat muddati mablag‘larini ushlab qolgan holda  hisob-kitob qiladi;

foydalanishga topshirilgan obektlarning belgilangan kafolat muddatlari yakunlangandan so‘ng ushlab qolingan kafolat mablag‘larini belgilangan tartibda to‘lab beradi;

foydalanishga topshirilgan obektlar bo‘yicha kafolat muddati davrida ekspluatatsiya tashkilotlari tomonidan bildirilgan kamchiliklarni pudratchi tashkiloti tomonidan bartaraf etilishini tashkil etadi;

shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi va zarur darajada bajarilmaganligi uchun pudrat, loyiha-qidiruv tashkilotlari va boshqa tashkilotlarga shartnoma shartlariga asosan neustoyka (jarima, penya) to‘lash to‘g‘risidagi da'volarni o‘z vaqtida taqdim etadi;

obektni foydalanishga tayyor holda qurishda ishlarni bajarish va obekt qurilishini moliyalashtirish jadvallariga muvofiq pudratchiga avans beradi va uni joriy moliyalashtiradi;

obekt qurilishida texnik nazorat ishlarini olib boradi;

d) qurilishi tugallangan obektlarni foydalanishga qabul qilib olish sohasida:

qurilish normalari va qoidalariga, boshqa amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq qurilishi tugallangan obektlarni foydalanishga qabul qilib oladi, shu jumladan:

qurilishi tugallangan obektlar bo‘yicha ishchi va davlat qabul qilish komissiyasiga zarur hujjatlarni taqdim etadi (pudrat tashkilotlar bilan birgalikda);

foydalanishga qabul qilingan obektlarni, ijro hujjatlarini, ishchi va davlat komissiyasining qabul qilish dalolatnomalarini barcha ilovalar bilan birgalikda foydalanuvchi organlar balansiga beradi;

qurilishi va loyiha ishlari tugatilmagan obektlar bo‘yicha ularning qurilishini yoki loyihasini davom ettirish, hisobdan chiqarish yoki belgilangan tartibda boshqa tashkilotlarga berib yuborish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;

normativ hujjatlar talablari buzilgan va loyiha hujjatlari yechimidan chetga chiqqan holda qurilgan obektlar foydalanishga qabul qilib olinganligi uchun pudratchi tashkilot bilan birgalikda javob beradi.

Mavzuga oid