O‘zbekiston | 17:39 / 10.08.2018
14232
2 daqiqa o‘qiladi

Respublika OITSga qarshi kurash markaziga yangi direktor tayinlandi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida yangi lavozim tayinlovi ro‘y berdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Tibbiyot fanlari doktori Qahramon Yo‘ldoshev respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori etib tayinlandi.

Unga, birinchi navbatda, OIV infeksiyasini erta aniqlash, uning profilaktikasini o‘z vaqtida amalga oshirish, diagnostika va davolash standartlarini qayta ko‘rib chiqish, zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, bu kasallik bilan samarali kurash va bemorlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash, bu infeksiya bilan shifoxonada ichida kasallanishni ro‘yxatga olish holatlarini kamaytirish bo‘yicha vazifalar yuklandi.

Shuningdek, u hozirgi kun talablaridan kelib chiqqan holda mutaxassislar malakasini oshirish, immunologiya, virusologiya va epidemiologiya yo‘nalishlarida ilmiy ishlarni rivojlantirish kabi qator barqaror vazifalarni bajarish uchun mas'ul hisoblanadi.

Shu bilan birga, aholi o‘rtasida bu kasallikka qarshi samarali targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash ham uning vazifasiga kiradi.

Q. Yo‘ldoshev bundan avval Toshkent Vrachlar malakasini oshirish institutining Tibbiy profilaktika fakulteti dekani lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori lavozimida ishlab kelgan Nurmat Otabekov Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti direktori lavozimiga tayinlangandi.

Bundan tashqari, Zulfiya Abdurahmonova 2-son Respublika klinik shifoxonasi bosh vrachi lavozimiga tayinlandi.

Mavzuga oid