Light | 22:50 / 12.08.2018
74959
3 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Xitoy devorining boshi va oxiri

Buyuk Xitoy devori – qadimiy arxitekturaning eng mashhur yodgorligi. Xitoy shimoli bo‘ylab 8000 kilometrga cho‘zilgan bo‘lib, Osmon osti mamlakatining ajralmas qismi sanaladi. Bu inshootni qurishda yuz minglab ishchilar o‘n yillar davomida mehnat qilishgan.

Foto: depositphotos — @lenkusa

Endilikda atrofdagi lanshaft bilan yaxlitlikni hosil qilgan bu uzun tosh ilon manzarasidan bahra olishimiz mumkin. Biroq ko‘pincha suratlar va ekskursiyalarda ulkan inshootning o‘rta qismlarinigina ko‘ramiz. Buyuk Xitoy devorining boshlanish qismi kamroq ko‘rsatiladi. Rasmiy jihatdan u Sariq dengiz qirg‘og‘idan boshlanadi. Qadimgi xitoylik muhandislarning fikriga ko‘ra, tashqi dushmanlarga qarshi mudofaa inshootini aynan o‘sha yerda yakunlash mumkin edi.

Foto: depositphotos — @lenkusa

Devor suv tubi ancha chuqur bo‘lgan darajagacha davom etgan. Bundan ko‘zlangan maqsad – piyoda yoki otliqning harakatlanishiga qarshi turish edi. Xitoyliklar devorlarini sharqdan g‘arbga cho‘zilgan ulkan ajdarga taqqoslashni xush ko‘rardilar. Devorning eng sharqiy nuqtasi “Ajdarho boshi” deb nomlanadi.

Foto: depositphotos — @lenkusa

Inshootni qurish oson bo‘lmagan. Shimoliy mudofaa qismini qurish miloddan avvvalgi 5 asrda, Xitoy qabilalararo urushlar iskanjasida qolgan vaqtda boshlangan. Har bir sulola devorning o‘ziga tegishli qismini qurgan, amaldagi boshqaruv makoni boshqasi ustidan g‘alaba qozongan va har safar devor qurilishi bir-biri bilan bog‘lanmagan holda turli joylardan boshlangan. Inshootning ba'zi qismlari bizgacha juda yaxshi holatda saqlangan, boshqalari esa landshaft orasida bazo‘r ko‘zga tashlandi. O‘z-o‘zidan, bu mudofaa inshootini Buyuk Xitoy devorlari deya atash mumkindek ko‘rinadi.

Biroq devor haqida birlikda gapiramiz. Bu Chin Shixuandi sabab: u qabilalar orasidagi urushlarga barham berdi va mamlakatni birlashtirib, turli mudofaa inshootlari qismlarini yagona devorga jamladi. Qayerdadir yangi devor qurishga to‘g‘ri keldi, yana boshqa joyda esa eski devor ta'mirlandi.

Albatta, o‘tgan yuzlab yillar mobaynida mamlakat chegaralari o‘zgardi. Ilgari xitoylik imperatorlar hokimiyatiga qarashli bo‘lgan yerlar hozir boshqa davlatlarga tegishli. Masalan, Shimoliy Koreyaga. Axir aynan o‘sha yerda Buyuk Xitoy devorining boshlanish qismi joylashgan.

Buyuk Xitoy devorining oxiri uzoq g‘arb Tszyutsyuanda, miloddan avvalgi 2 asrga tegishli bo‘lgan eng g‘arbiy qo‘riqlash postlari o‘rnida joylashgan. Ular “Nefrit eshiklar” deb nomlangan.

Mavzuga oid