Sport | 19:49 / 13.08.2018
6621
2 daqiqa o‘qiladi

PFL «Navbahor» klubi va futbolchilarini 25 million so‘mlik jarimaga tortdi

Superliganing 21-turi doirasidagi “Navbahor” – “Buxoro” uchrashuvining 81, 89 va 90+4 daqiqalarida mezbonlardan Davron Hoshimov, Jahongir Mehmonov va Oston O‘runov bosh hakam tomonidan ogohlantirildi. Butun uchrashuv, xususan, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan daqiqalarni alohida o‘rganib chiqqan PFL komissiyasi bu uch futbolchining sariq kartochkaga loyiq ko‘rilgan xatti-harakatlarini shubhali baholadi.

PFL xabarida ta'kidlanishicha, komissiya a'zolari mazkur uch futbolchi hisobida bungacha 3 tadan sariq kartochka bo‘lgani, shuningdek, “Navbahor”ning Superliga 22-turidan joy olgan “Qizilqum”ga qarshi o‘yini “oltin ochko” tizimidan chetda turganini inobatga olgan. Qolaversa, futbolchilar sariq kartochkalarni mug‘ombirlik yo‘li bilan “ishlab olgani” yaqqol ko‘ringan.

Shu munosabat bilan reglamentning “Intizomiy va jarimalar kodeksi” 5-bo‘lim 5.6 bandida ko‘rsatilgan “ahloqiy me'yorlarga amal qilmaslik, mug‘ombirlik ishlatish hamda sportchiga xos bo‘lmagan xulqi uchun” qismiga bepisandlik bilan munosabatda bo‘lgani uchun “Navbahor” futbol klubi 10 000 000 (o‘n million) so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Reglamentning yuqorida ko‘rsatilgan bandiga rioya qilmagani uchun futbolchilar – Davron Hoshimov, Jahongir Mehmonov va Oston O‘runov 22-tur uchrashuvidan tashqari, endilikda 23-tur o‘yinlaridan ham diskvalifikatsiya qilindi. Ularning har biri 5 000 000 (besh million) so‘mdan jarima ham to‘laydi.

Shuningdek, futbolchilarining bu kabi ishlariga yo‘l qo‘yib bergani uchun “Navbahor-Lochinlari” murabbiylar shtabi, xususan, Ilhom Mo‘minjonov jiddiy ogohlantirildi. Bu hol uning boshqaruvidagi klub bilan yana bir bor takrorlansa, Mo‘minjonovni jiddiy sanksiyalar kutishi mumkin.

Mavzuga oid