Jamiyat | 14:02 / 14.08.2018
38419
5 daqiqa o‘qiladi

Bozorlardagi narxlar: kartoshka 500 so‘mdan 3000 so‘mgacha, go‘sht 26 ming so‘mdan 44 ming so‘mgacha

Qarshi shahri “Yerqo‘rg‘on” dehqon bozoridan 1 kg. kartoshkani 500 so‘mdan 1200 so‘mgacha xarid qilish mumkin bo‘lib turgan bir paytda, Guliston shahri Markaziy dehqon bozori (Sirdaryo)dan 1 kg. kartoshkani 1500 so‘mdan 3000 so‘mgacha sotilmoqda, deb yozadi O‘zA.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri markaziy bozorlarida sotilayotgan (oziq-ovqat, nooziq ovqat va qishloq xo‘jalik) mahsulotlar narxlarining 2018 yil 12 avgust holati bo‘yicha ma'lumot bergan.

Mol go‘shti

Foto: Pixabay

Mamlakatimiz bozorlarida 1 kg. mol go‘shti 26 ming so‘mdan 43 ming so‘mgacha bo‘lgan narxlarda sotilmoqda. Eng arzon narxlar o‘tgan haftada kuzatilganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bozorlarida uchratish mumkin – 26 ming so‘m.

Nukus shahar Markaziy dehqon bozorida 1 kg. mol go‘shti 26 – 39 500 so‘m. O‘tgan haftada ushbu bozorda 1 kg. mol go‘shti 26 – 42 ming so‘mdan sotilayotgani kuzatilgandi.

Toshkent shahrining Farhod, Mirobod, Yunusobod, Chorsu, Qo‘yliq dehqon bozorlarida 1 kg. mol go‘shti 28 ming so‘mdan 42 ming so‘mgacha sotilmoqda. O‘tgan haftada eng arzon narxlardagi mol go‘shti faqat Qo‘yliq bozorida (28 ming so‘m) sotilgan bo‘lsa, endilikda ushbu narxlardagi mol go‘shtini barcha bozorlardan sotib olish mumkin. Qizig‘i, respublika bo‘yicha eng qimmat narxlarda sotilayotgan mol go‘shti bu haftada Qo‘yliq dehqon bozorida uchradi. Mirobod bozorida 42 ming, Yunusobod bozorida 41 ming, Farhod bozorida 40 ming, Chorsu bozorida 39 mingga sotilayotgan shu sifatdagi 1 kg. mol go‘shti Qo‘yliq bozorida 43 ming.

Qo‘y go‘shti

Foto: protoday.uz

Eng arzon narxlardagi qo‘y go‘shti – poytaxtning Mirobod, Farhod, Chorsu bozorlarida 28 ming so‘mdan sotilmoqda. Eng qimmat narxlardagi qo‘y go‘shtini ham Toshkent shahar bozorlarida uchratish mumkin: Yunusobod bozorida 44 ming so‘m, Qo‘yliq bozorida 45 ming so‘m. 

Tovuq go‘shti

Foto: Ukraina.ru

Namangan shahri “Sardoba” dehqon bozorida eng arzon narxlar 12 – 14 ming so‘m. Eng qimmat narxlar Farhod dehqon bozori (Toshkent shahri)da 14 – 21 ming so‘mgacha.

Guruch

Foto: iStock

Respublika bozorlarida guruchni 4 – 13 ming so‘mgacha uchratish mumkin. Qo‘yliq dehqon bozoridagi eng qimmat narxdagi guruch bu haftada ham saqlanib qolgan – 13 ming so‘m. Eng arzon guruch Termiz shahar Markaziy dehqon bozorida – 3500 so‘m. Shuningdek, Nukus, Jizzax shahar Markaziy dehqon bozorlarida 4 000 so‘m. 

O‘simlik yog‘i

Foto: bloknot-krasnodar.ru

Mamlakatimiz bozorlarida 1 kg. o‘simlik yog‘i 8 – 12 ming so‘mdan sotilmoqda. Ushbu mahsulotning eng arzonini Nukus shahar Markaziy dehqon bozorida uchratish mumkin – 8 ming. Eng qimmat narxlarni Buxoro, Jizzax shaharlari, Farxod (Toshkent shahri) dehqon bozorlarida uchratish mumkin – 12 ming so‘m.

Un

Foto: anabelmagazine

Eng arzon narx Termiz shahar Markaziy dehqon bozorida kuzatildi – 1 kg. 1-navli un 1500 so‘m. Eng qimmat narxlar esa Jizzax shahar Markaziy dehqon bozorida – 3500 so‘m.

Shakar

 

Foto: tv2.today

Eng qimmat narxlardagi shakar Nukus shahar Markaziy dehqon bozori, Yangi shahar bozori (Andijon)da – 1 kg. shakar 5 500 so‘m. Eng arzoni esa Navoiy shahri “Saxovat” MChJga qarashli markaziy dehqon bozorida – 4 ming so‘m. 

Tuxum

Foto: Medium

O‘tgan haftada bozorlarda tuxum narxlarining o‘sgani kuzatilgan edi. Bu haftada ko‘plab bozorlardagi tuxum narxlari bir xil 350 – 500 so‘m. Eng arzon narx Qarshi shahri “Yerqo‘rg‘on” dehqon bozorida – 330 so‘m. Eng qimmat narx Qo‘yliq dehqon bozori (Toshkent shahri)da 400 – 600 so‘mdan sotilmoqda. 

Kartoshka

Foto: Depositphotos

Qarshi shahri “Yerqo‘rg‘on” dehqon bozoridan 1 kg. kartoshkani 500 so‘mdan 1200 so‘mgacha xarid qilish mumkin bo‘lib turgan bir paytda, Guliston shahri Markaziy dehqon bozori (Sirdaryo)dan 1 kg. kartoshkani 1500 so‘mdan 3000 so‘mgacha sotilmoqda.

Pomidor. Nukus shahar Markaziy dehqon bozorida 1 kg. pomidor 1000 – 1500 so‘m. Farhod, Qo‘yliq dehqon bozorlari (Toshkent shahri)da 4000 so‘mgacha sotilmoqda.

Mavzuga oid