Jahon | 19:45 / 18.08.2018
28759
2 daqiqa o‘qiladi

Rubik kubigini yig‘ish bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi

Gruziyalik Vako Marchilashvili Rubik kubigi boshqotirmasini tez yig‘ish bo‘yicha yangi jahon rekordini o‘rnatib, Ginnes rekordlar kitobidan joy oldi.

18 yoshli o‘smir 6 ta standart ko‘rinishdagi kubikni 1 daqiqa 44 soniyada yig‘a oldi. E'tiborlisi, jahon rekordi nafasni suv ostida ushlagan holda maksimal ko‘p miqdorda kubikni yig‘a olishdan iborat bo‘lgan. Rekord Tbilisidagi akvabog‘da Gruziya rekordlar federatsiyasi vakillari va tomoshabinlar ko‘z o‘ngida o‘rnatildi.

Rekordchi yigit xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib keladi va kubikni tez yig‘ish bo‘yicha Gruziyaning ikki karra chempioni hisoblanadi.

Avval bu boradagi rekordchi amerikalik Entoni Bruks bo‘lib, u 2014 yilda suv ostida 78 soniyada 5 ta kubikni yig‘a olgan. Bruks bu rekordni sig‘imi ikki kub metrlik maxsus konteynerda o‘tirgan holda o‘rnatgan. Marchilashvili ham avvalgi rekordni shu tarzda yangiladi.

Rubik kubigini oddiy sharoitda yig‘ish bo‘yicha jahon rekordi esa 15 yoshli amerikalik Patrik Ponsga tegishli. U bu rekordni 2017 yil sentabrda o‘rnatib, kubikni 4,69 soniyada yig‘a olgan.

Mavzuga oid