O‘zbekiston | 23:58 / 20.08.2018
28205
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva-Toshkent reysi yo‘lovchilari 24 soatdan ortiq vaqt davomida noqulay sharoitda qolishdi (foto+video)

19 avgust kuni soat 22:45da HY 602 Moskva-Toshkent reysida parvoz qilishi kerak bo‘lgan samolyot texnik sabablarga ko‘ra kechiktirilgan. Yo‘lovchilarning  KUN.UZ'ga ma'lum qilishlaricha, ular hanuz Moskvadagi "Domodedovo" aeroportidalar. 

Yo‘lovchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular 20 avgust tongiga yaqin mehmonxonaga yetkazilgan hamda u yerda atigi uch soat dam olinib, ertalab va'da qilingan nonushtasiz u yerdan olib ketilgan. Qolgan vaqt esa yana aeroportda o‘tkazilgan. Kechga yaqin yana 3-4 soatga mehmonxonaga olib ketilgan. Aeroportda yo‘lovchilarning muayyan qismi ovqatlantirilgan va suv bilan ta'minlangan, lekin barcha emas. 

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Taqdim etilgan mikroavtobus yo‘lovchilarni tashish uchun bir necha marta qatnashiga, kishilar esa yana kutishlariga to‘g‘ri kelgan. 

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

"Bizlar mayli-ku, keksalar ancha qiynalishdi. Mana shunday vaziyatlarda tashkiliy ishlarga e'tiborliroq bo‘linsa, yaxshi bo‘lar edi. Rasmiy bayonotlar go‘yo nomiga berilayotgandek", - deydi yo‘lovchilardan biri. 

"O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi matbuot xizmati 20 avgust kuni 19 avgustda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan HY 602 Moskva-Toshkent reysi texnik sabablarga ko‘ra kechiktirilgani haqida rasman xabar berib, aviakompaniya mutaxassislari havo kemasining dasturiy ta'minotidagi texnik nosozlikni bartaraf etish ustida ishlayotganlarini qayd etgan. Shuningdek yo‘lovchilarni tashish maqsadida Toshkent vaqti bilan soat 19:30 da Toshkent-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha reys tashkil qilingani, soat 23:15 da bu samolyot yo‘lovchilarni olib qaytishi ma'lum qilingan. "Aviakompaniya yetkazilgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘raydi", deyiladi xabar so‘nggida

Mavzuga oid