Sayyohlar e'tiboriga loyiq maskan - Nanay sharsharasi (fotojamlanma)
Toshkent viloyatidagi Nanay qishlog‘ida bo‘lganmisiz? Agar bormagan bo‘lsangiz, albatta, uni ro‘yxatingizga qo‘shib qo‘ying.
Nanay - Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shahridan 50 km uzoqlikda joylashgan so‘lim go‘sha.
Aholisi 1500 kishini tashkil etuvchi Nanay ahli bog‘dorchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Mehnatkash va mehmondo‘st Nanay aholisining tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Nanay sharsharasi – Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida shimoli-sharqiy qismida Toshkent shahridan taxminan 130 km masofada joylashgan, janubi-sharqiy qismida - Chorvoq suv ombori, shimoliy qismida - Chotqol tog‘ tizmasi mavjud.
Sharshara qishloq ko‘rkiga yanada ko‘rk baxsh etadi. U Chotqol tog‘ tizmalaridan tashkil topgan, uning balandligi 5 metrni tashkil etadi.
Nanay qishlog‘ining faxri va g‘ururi hisoblangan sharshara aholi yashash joyidan soy bo‘ylab janub tomonga 1500 metr ichkarida joylashgan. U yerga yozning ayni chillasida borgan bo‘lishimga qaramay, sharshara suvi muzdek edi.
Sharsharaga suv yoqalab so‘qmoq yo‘lakcha orqali boriladi. Boshlanish o‘zani Aqsarsoydan keladigan bu jilg‘a qishloq aholisining suv sug‘orish ishlariga yo‘naltirish maqsadida zovur ariqlarni kavlash jarayonida yuzaga kelgan. 8-10 metr balandlikdan tushadigan sharshara 2014 yilda rekonstruksiya qilingan.
Sharshara atrofiga karavot-supalar joylashtirgan. Taxminan 50-60 kishini sig‘dira oluvchi bu supalar ijara evaziga dam oluvchilar va sayyohlarga beriladi. Sharsharaning o‘zini tomosha qilish va cho‘milish bepul, albatta.
Nanayda asosan ichki turistlarga duch keldim, dam olayotganlarning deyarli bari o‘zbekistonliklar. Birgina xorijlik oilaga duch keldik.
Sharsharaga elituvchi yo‘llarga e'tiborliroq bo‘lib, sharsharaga yaqin joyda hojatxonalar qurib, mehmonlar uchun tamaddixonalar va do‘konlar tashkil etilsa-yu, bu maskanga xorijiy sayyohlarni ham ko‘proq olib borilsa, yanada maqsadga muvofiq bo‘lardi, nazarimda. Zero, Nanay sharsharasi va umuman qishloq tabiati bundan-da ko‘proq e'tiborga loyiq.
Lola Rahmonboyeva