Fan-texnika | 22:13 / 27.08.2018
11908
3 daqiqa o‘qiladi

Mercedes va Audi yangi elektrokarlarini taqdim qildi

AQShning Pebbl-Bich shahrida (Kaliforniya shtati) o‘tayotgan Monterey Car Week avtosaloni doirasida Mercedes-Benz va Audi kompaniyalari o‘zlarining yangi elektr kontseptlarini namoyish qildi. 

twitter.com\ForceGT

Mercedes kompaniyasi Vision EQ Silver Arrow elektrokarini taqdim qildi. Mashinaning dizayni 1937 yildagi W125 sportkari uslubida bajarilgan. Ushbu mashina Silver Arrow oilasiga kirgan. Elektrokarning oldi g‘ildiraklari o‘lchami 24 dyuymni, orqa g‘ildiraklariniki esa 25 dyuymni tashkil qiladi. Mashinaning kuch qurilmasi 747 ot kuchiga teng. Elektrokar bir quvvatlanishda 400 km yo‘l bosa oladi.  

twitter.com\ForceGT

Audi esa PB18 E-tron elektrokarini taqdim qilgan. Mashina 100 km/soat tezlikka 2 soniyada erisha oladi.

Prototipni yaratish bilan nemis brendining ikki bo‘limi – Audi Design Loft (Malibu, Kaliforniya) va Audi Sport (Nekkarzulme, Germaniya) shug‘ullangan.

Avtomobilning tashqi ko‘rinishi yangi Audi Aicon uslubida bajarilgan. U tajovuzkor ko‘rinishdagi radiator panjarasi, lazerli old optika, katta o‘lchamli havo to‘plagichlar va splitterni o‘z ichiga oladi.

Audi PB18 umumiy quvvati 680 ot kuchini tashkil qiluvchi 3 ta elektromotor bilan jihozlangan. Mashina bir quvvatlanishda 500 kmga yaqin yo‘l bosa oladi. Mashinaning akkumulyatorlari 15 daqiqada quvvatlanishi mumkin.

PB18 salonida raqamli asboblar paneli, shaffof OLED-ekran va sport o‘rindiqlari o‘rnatilgan. Sportkarning yana bir jihatlaridan biri suriluvchi kokpiti hisoblanib, u prototipni umumiy yo‘llar uchun mo‘ljallangan mashinaga aylantira oladi. 

Mercedes-Benz, shuningdek, to‘liq elektrlashtirilgan ilk krossoveri EQC’ning taqdimoti sanasini ma'lum qilgan. Taqdimot 4 sentabrda bo‘lib o‘tadi. EQC 70 kVt-soat elektr energiya to‘play oladigan akkumulyator batareyasi, ikkita elektromotor bilan jihozlangan. Mashina bir quvvatlanishda 500 kmgacha yo‘l bosa oladi.

Mashina konstruksiyasida yuqori mustahkamlikdagi po‘lat va alyuminiy ko‘llanadi. Ta'kidlanishicha, u Audi E-tron, Jaguar I-Pace va Tesla Model X mashinalariga raqobatchi bo‘ladi.

Mavzuga oid