O‘zbekiston | 16:30 / 29.08.2018
175120
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda eng yuqori ish haqiga ega bo‘lgan Top 5 soha ma'lum qilindi

Foto: KUN.UZ

Iyul oyida go‘zallik salonlari uchun ustalar faol qidirildi, eng yuqori ish haqi esa Namangan va Samarqandda taklif etiladi. Boshqa sohalarda o‘rtacha qancha ish haqi to‘lanadi va qaysi sohalarda o‘zbekistonliklar yaxshi pul topishi mumkin – bu savollarga OLX tahlilchilari javob beradilar.

Ekspertlar «OLX Ish» sahifasida ish izlovchilar uchun takliflarni tahlil qilib, O‘zbekistonda kimlarning mehnati uchun eng ko‘p ish haqi to‘lanishini aniqladilar. Iyul oyi uchun eng yuqori ish haqi oladiganlar o‘rtasida TOP 5 ta sohaga ko‘chmas mulk agentlari, marketing, reklama va dizayn sohasi vakillari, shuningdek, quruvchilar kirdilar. Reyting yuqorisini oylik ish haqi o‘rtacha 2,1 mln. so‘m deb baholangan rieltorlar egalladilar. Bu esa 2018 yilning birinchi yarmida Davlat statistika qo‘mitasining ma'lumotlariga ko‘ra O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi - 1,6 mln. so‘mdan yuqoridir.

Eng yuqori ish haqi to‘lanadigan TOP 5 soha va o‘rtacha ish haqi:

  1. Ko‘chmas mulk - 2 121 700 so‘m
  2. Marketing / reklama / dizayn - 1 815 400 so‘m
  3. Qurilish - 1 732 900 so‘m
  4. Transport / logistika - 1 635 000 so‘m
  5. Go‘zallik / fitnes / sport - 1 600 800 so‘m

Eng kam ish haqi - qo‘riqlash va xavfsizlik sohasi va uy-ro‘zg‘or xodimlari vakillariga tegishli ekanligi aniqlandi. Ushbu sohalarda ish haqi O‘zbekistonda o‘rtacha nafaqa miqdori bilan tenglashtiriladi.

«OLX Ish» sahifasi tahlilchilari shuningdek O‘zbekiston hududlari bo‘yicha ham ma'lumotlarni o‘rganishdi. Eng yuqori ish haqi Namangan viloyatida bo‘lib, uning miqdori 1,5 mln. so‘mdan ortiqroqdir. Eng kam ish haqi Qoraqalpog‘istonda va Farg‘ona viloyatida bo‘lib, uning miqdori 975 ming so‘m atrofidadir.

O‘rtacha ish haqi bo‘yicha TOP 5 ta viloyat:

1. Namangan viloyati - 1 530 900 so‘m

2. Samarqand viloyati - 1 524 600 so‘m

3. Toshkent viloyati - 1 507 700 so‘m

4. Surxondaryo viloyati - 1 416 400 so‘m

5. Xorazm viloyati - 1 345 200 so‘m

Agar alohida ish o‘rinlari bo‘yicha qarab chiqilsa, 2018 yilning iyul oyi bo‘yicha eng yuqori ish haqi bolalar bog‘chasi mudiri lavozimi va go‘zallik saloni masteriga taklif qilingan - oyiga 15 mln. so‘m. Ish haqi bo‘yicha yetakchilarning uchligiga fasadga ishlov beruvchi (fasadchi), eshik ishlab chiqarish ustasi va menejyerlar kiradi - oyiga 10 mln. so‘m.

Mavzuga oid