Sport | 14:16 / 01.09.2018
14812
2 daqiqa o‘qiladi

Miraziz Mirzaxalilov: «Orzularimdan bittasiga yetishdim»

Osiyo o‘yinlari boks bahslarida -56 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Miraziz Mirzaxalilov Kun.uz muxbiriga qisqacha intervyu berdi.

«Yoshligimdan Olimpiada, jahon, Osiyo chempioni bo‘lishni orzu qilardim. Bittasiga yetishdim, desam ham bo‘ladi. Xudo xohlasa O‘zbekiston bayrog‘ini balandlarga ko‘tarib, Olimpiada, jahon, Osiyo chempioni bo‘lishga harakat qilaman. Bundan keyingi g‘alabalarim ham faqat O‘zbekiston uchun. 

Bu vazn toifasida juda kuchli bokschilarimiz bor - Shahobiddin Zoirov, Ubay Shorahmadov, Abror Qodirov. O‘zbekistonning o‘zida raqobat juda kuchli. Agar Osiyo chempionati bilan O‘zbekistonni taqqoslaydigan bo‘lsak, unda O‘zbekistondagi musobaqani yutish juda ham qiyinligi ayon bo‘ladi. Sankt-Peterburgdagi Gubernator kubogi finalida Shahobiddin Zoirovni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdim. Shu orqali Osiyo o‘yinlariga yo‘l oldim.

Endi Olimpiada, jahon, Osiyo chempioni bo‘lib, O‘zbekiston bayrog‘ini balandlarga ko‘tarmoqchiman. Xalqimiz, ota-onamiz, prezidentimiz qo‘llab-quvvatlab tursa, bundan ham yuqori natijalarga erishishga harakat qilamiz.

Raqiblarim orasida eng ko‘p qiyinchilik keltirib chiqargani mo‘g‘ulistonlik bokschi bo‘ldi. Bu chorak finalda yuz berdi. Umuman olganda, musobaqada Qozog‘iston, Indoneziya, Shimoliy Koreyadan bo‘lgan bokschilar bilan ham qiyinchilik yuzaga keldi», - deydi Miraziz Mirzaxalilov.

Mavzuga oid