Jahon | 17:30 / 05.09.2018
20868
3 daqiqa o‘qiladi

Skripallarni zaharlashda gumon qilinayotgan shaxslarning suratlari e'lon qilindi

Joriy yilning 4 martida Buyuk Britaniyaning Solsberi shahrida Rossiya razvedka boshqarmasi sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani zaharlashda gumon qilinayotgan ikki rossiyalik - Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov kuzatuv kameralari nigohiga tushib qolgan.

Foto: news.sky.com

«Gumonlanuvchilar Solsberidagi hujum arafasida Uilton-Rouddagi kuzatuv kameralariga muhrlanib qolishgan», deyiladi BBC News xabarida.

Foto: PA Images/TASS
Foto: Metropolitan police

O‘z navbatida Skotlend-Yard va Buyuk Britaniya Qirollik jinoiy prokuraturasi Solsberidagi hujum rossiyalik josuslar tomonidan sodir etilganiga yetarlicha isbotlar mavjudligini ma'lum qilmoqda.

Skotlend-Yardda aksilterror bo‘limga rahbarlik qiluvchi Nil Basuning aytishicha, hukumat Boshirov va Petrovni hibsga olishga milliy va xalqaro order bergan.

Nashr ma'lumotiga ko‘ra, Petrov va Boshirov suiqasd sodir bo‘lishidan ikki kun avval, 2 mart kuni haqiqiy pasportlar bilan Buyuk Britaniya hududiga kirgan va 4 mart kuni soxta pasportlar bilan mamlakatni tark etgan.

Ushbu shaxslar 2-3 mart kunlari mobaynida London sharqidagi City Stay Hotel mehmonxonasida yashashgan. Ular tunagan xonada asab tizimini falajlovchi «Novichok» moddasi izlari topilgan.

Foto: Metropolitan police
Foto: Metropolitan police

Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Skripal mart oyi boshida Solsberida hushsiz holda topilgandi.

12 mart kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey parlamentga murojaatida Skripallar Rossiyada ishlab chiqarilgan «Novichok» moddasi orqali zaharlangani haqida ma'lum qildi. Moskva tomoni bu ayblovni rad etib, 2017 yilda Rossiya hududidagi barcha kimyoviy qurollar yo‘q qilinganini iddao qiladi.

Mavzuga oid