Jahon | 19:30 / 05.09.2018
11435
4 daqiqa o‘qiladi

Tereza Mey «Skripal ishi» bo‘yicha gumonlanuvchilar rossiyalik josuslar ekanini ma'lum qildi

Foto: Reuters

Skripallar ishi bo‘yicha gumonlanayotgan Aleksandr Petrov v Ruslan Boshirov Rossiya harbiy razvedkasi josuslaridir. Bu haqda Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey ma'lum qildi.

«Tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, Buyuk Britaniya hududida kimyoviy qurol qo‘llashda gumonlanayotgansh ikki shaxs rus harbiy razvedkachilaridir, ular Rossiya razvedka boshqarmasiga aloqador», degan u parlamentdagi chiqishi vaqtida.

Meyning so‘zlariga ko‘ra, «bunday amaliyot nafaqat GRU (Rossiya razvedka boshqarmasi) rahbariyati tomonidan, balki yuqori rangdagi boshqa amaldorlar tomonidan ham ma'qullangan».

Mey xonim ma'lum qildiki, London Skripallarni zaharlashda gumon qilinayotgan shaxslarni topish uchun barcha choralarni ko‘radi. «Biz ularni qo‘lga olish, Buyuk Britaniyaga olib kelish va ularni sud qilish uchun imkon doirasidagi barcha qadamlarni qo‘yamiz», degan u.

Bosh vazir shuningdek, Rossiya Solsberida Rossiya razvedka boshqarmasining sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani zaharlash uchun sabablarga va barcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan. 

«Biz mart oyida aytganimizdek, faqat Rossiyada shunday vosita, uni qo‘llash amaliyoti va bunday hujum uyushtirishga sabab bo‘lgan», degan Mey xonim parlamentda.

Britan vazirining so‘zlariga ko‘ra, «Buyuk Britaniya bir necha bor Rossiyaga Solsberidagi voqea bo‘yicha ma'lumot taqdim etishni so‘rab murojaat qilgan, ammo rossiyaliklar javob qaytarishda chalkashliklarga yo‘l qo‘yishgan va yolg‘on gapirishgan».

«Ular hatto «Novichok»ni men ishlab chiqarganimni aytishdi», deya qayd etgan Tereza Mey.

U Britaniya hukumati Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalarga tayyorlanishi, shu bilan birgalikda rasmiy London kelgusida Moskva bilan xalqaro masalalarda hamkorlik qilishga umid bildirishini qo‘shimcha qilgan.

«Skripallar ishida yangi burilish»

5 sentabr kuni Buyuk Britaniya prokuraturasi Rossiya razvedka boshqarmasining sobiq polkovnigi, Rossiyada 2006 yili Buyuk Britaniya foydasiga josuslik qilib, xiyonatda ayblangan va 13 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, 2010 yilda mahbuslar almashinuvi doirasida Buyuk Britaniyaga topshirilgan Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Skripal hayotiga ikki nafar rossiyalik Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov tomonidan asab tizimini falajlovchi «Novichok» moddasi orqali suiqasd qilingani haqidagi ayblovni ilgari surdi.

Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, Petrov va Boshirov 2 mart kuni haqiqiy pasportlari bilan Buyuk Britaniyaga kirgan. Ular 2-3 mart kunlari mobaynida London sharqidagi City Stay Hotel mehmonxonasida yashashgan. Skotland-Yard ma'lumotiga ko‘ra, zaharli moddalar Nina Ricci atiri idishiga joylangandi. Keyin bu idish Skripallar uyida qoldirilgan.

Gumonlanuvchilar 4 mart kuni Londonni soxta pasportlar bilan tark etib, Moskvaga qaytishgan. Ularning tasvirlari Londondagi kuzatuv kameralariga muhrlangan.

Foto: PA Images/TASS

Uch oydan ortiq vaqt o‘tib atir idishi mahalliy aholi vakili Charli Rouli tomonidan topilgan, u shifoxonaga yotqizilgan, uning dugonasi Don Sterjyess moddadan zaharlanish oqibatida vafot etgan.

Prokuror Syu Hemming ma'lum qildiki, Buyuk Britaniya Rossiyadan ayblanuvchilarni ekstraditsiya qilishni so‘ramaydi, Rossiya qonunchiligida o‘z fuqarolarini boshqa davlatga topshirish ko‘zda tutilmagan.

RF TIV Londonni axboriy manipulyatsiyadan tiyilishga va huquq-tartibot organlari vositasida amaliy ishlarni amalga oshirishga chorlamoqda.

Mavzuga oid