Jahon | 23:02 / 05.09.2018
38382
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda ayollar uchun kiyinish bo‘yicha yo‘riqnoma chiqarildi 

Tojikiston madaniyat vazirligi ayollar uchun kiyinish madaniyati bo‘yicha yo‘riqnoma chop etdi, deb xabar berdi Sputnik Tojikiston.

Yo‘riqnomada ayollarga kundalik hayotda, ishda, dam olish va bayram kunlari qanday libos kiyish borasida maslahatlar berilgan.

«Mazkur yo‘riqnoma milliy kiyinish madaniyatini targ‘ib qilish maqsadida chop etildi va tavsiyaviy tusga ega. U kiyinish tartibi, mutaassiblik va o‘zga qadriyatlarga tobelikning oldini olishga qaratilgan», - deyiladi yo‘riqnomada.

Yo‘riqnomaga muvofiq, ayollarga qora rangdagi libos, qora ro‘mol va hijobda yurish taqiqlanadi. Shuningdek, yevropacha kiyimlar – mini-yubka, ko‘kragi ochiq kofta va ko‘ylaklar, harir matodan tikilgan kiyimlar, topiklar kiyish tavsiya etilmaydi.
Jamoat joylarida kalish yoki shippakda, uy kiyimida, badanga yopishib turadigan shim va sog‘liq uchun zararli bo‘lgan sun'iy matodan tikilgan kiyimlarda yurish man qilinadi.

Yo‘riqnomadan davlat idoralarida ishlaydigan ayollar uchun maslahatlar, barcha fasllar, to‘y va oilaviy marosimlarda kiyiladigan ayollar milliy liboslari eskizlari o‘rin olgan.

Xabarda aytilishicha, hozirda erkaklar uchun ham ana shunday yo‘riqnoma ishlab chiqish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Mavzuga oid