Iqtisodiyot | 16:16 / 10.09.2018
6316
3 daqiqa o‘qiladi

Ulgurji sotuvchilar valyuta konvertatsiyasidan tushgan tushumlardan YaST bo‘yicha bo‘nak to‘lovlaridan ozod qilindi

Foto: Dreamstime

Moliya vazirligi, DSQ va MB Boshqaruvining qarori bilan Ulgurji savdo korxonalari tomonidan yagona soliq to‘lovini bo‘nak to‘lovlarini hisobga olgan holda to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb yozadi Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, tijorat banklari ulgurji savdo korxonalari uchun ularning barcha tushumlari o‘tadigan maqsadli hisobvaraqlarni ochadilar. Ushbu maqsadli hisobvaraqlardan 5% yagona soliq to‘lovi bo‘yicha bo‘nak to‘lovlari sifatida avtomatik ravishda byudjyetga yo‘naltiriladi. Biroq istisnolar mavjud.  
 
Bu tushumlarning 10 ta turiga taalluqli emas edi. Masalan, chakana savdodan inkassatsiya qilingan tushum, xato o‘tkazilgan mablag‘larning qaytgan qismi, ustav fondiga ulushlar, foizlar hamda dividendlar va boshqalardan 5 foizlik bo‘nak ushlab qolinmaydi. Endi o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi bank bilan amalga oshirilgan valyuta operatsiyalari hamda valyuta birjasida ilgari konvertatsiya qilingan xorijiy valyutani sotishdan kelib tushgan mablag‘lar ushbu ro‘yxatga qo‘shildi. 
 
Bundan tashqari, Nizom bir nechta texnik aniqlashtirishlar bilan to‘ldirildi.
 
Chunonchi, boshqa tijorat bankida asosiy va ikkilamchi hisobvaraq (talab qilib olinguncha depozit hisobvaraq) ochilganda soliq organlari bu haqda Bank depozitorlarining milliy axborot bazasidan bilib oladilar. Bankka bir ish kuni ichida soliq to‘lovchining yagona soliq to‘lovi bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarini to‘lash majburiyati haqida xabarnoma yuboradilar.   
 
Shu bilan bir qatorda, xabarnoma soliq to‘lovchiga yozma shaklda yoki uning shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda yuborilishi yuzasidan aniqlik kiritildi. Soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi soliq organiga YaST bo‘yicha ortiqcha to‘langan summalarni qaytarish to‘g‘risidagi arizani ham soliq to‘lovchi xuddi shu tartibda (yozma shaklda yoki shaxsiy kabineti orqali) berishi mumkin.
 
Hujjat 7.09.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid