Jamiyat | 08:50 / 15.09.2018
30779
3 daqiqa o‘qiladi

Taomdan topilgan kalamush Xitoydagi restoranlar tarmog‘iga 190 mln dollarga “tushdi”

Foto: Getty Images

Xitoydagi Xiabu Xiabu restoranlar tarmog‘i aksiyalari narxi taomdan topilgan kalamush bolasi sababli 12 foizga tushib ketdi. Buning oqibatida kompaniya kamida 190 mln dollar ziyon ko‘rgan.

Tarmoqning ilk restorani 1998 yilda ochilgan bo‘lib, hozirda Xitoy bo‘ylab 300 tadan ko‘proq restoranga ega. Bu restoranlar Xitoyning deyarli barcha yirik shaharlari, jumladan Veyfanda ham mavjud bo‘lib, bu yerdagi restoran oshpazlari tayyorlagan sho‘rva sababli tarmoqning “sho‘riga sho‘rva to‘kildi”.

Gap shundaki, restoranga eri bilan birga kelgan homilador ayol sho‘rvasidan kalamush bolasi chiqqan. Bungacha esa ayol sho‘rvadan bir necha qoshiq tatib ko‘rishga ulgurgan. Juftlik darhol restoran boshqaruvchisini chaqirtirib, ularga “topilma”ni ko‘rsatishgan.

Foto: WEIBO

Restoran ma'muriyati darhol mijozga yetkazilgan ma'naviy zararni qoplash uchun 5 ming yuan (730 dollar) berishni taklif qilgan. Biroq er-xotin pulni olishdan bosh tortib, ayol yegan ovqati unga va homilasiga zarar yetkazmaganiga ishonch hosil qilish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerakligini, shundan keyingina tovon puli va uning miqdori haqida gaplashish mumkinligini aytgan.

Foto: WEIBO

Shunda restoranning “ziyrak” xodimlari nafaqat tibbiy ko‘rik haqini to‘lab berishni, balki ayolga abort qilishni taklif qilib, bunga ketadigan 20 ming yuanlik (3 ming dollar) xarajatni o‘z zimmalariga olishlarini aytishgan.

Juftlik abort haqidagi o‘rinsiz so‘zlarni eshitgach, restoran bilan barcha muzokaralarni bas qilib, bo‘lib o‘tgan voqea haqida sho‘rvadagi kalamush suratini ilova qilgan holda  
internetda ma'lum qilgan.

Tez orada surat Weibo ijtimoiy tarmog‘ida tarqalib, restoranlar tarmog‘i aksiyalariga ta'sir qilgan. Aktsiyalar 11 sentabrda 2017 yil otkyabridan beri eng minimum qiymatga tushib ketgan. Tarmoq rahbariyati mash'um restoranni vaqtinchalik yopishga, turli sanitariya xizmatlari tekshiruvlaridan o‘tishiga va OAVda o‘zini ko‘plab marotaba oqlashiga to‘g‘ri kelgan. Biroq aytish joizki, 12 sentabrdan tarmoq aksiyalari narxi yana ko‘tarila boshlagan. 

Mavzuga oid