O‘zbekiston | 21:30 / 17.09.2018
28386
13 daqiqa o‘qiladi

Bag‘dod tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiriga yoqish uchun qanday maqola yozish kerak edi?

Yana ham xalqimiz andishali, oriyatli. Rosa imkoniyatlari cheklanib qolganida ming istihola bilan OAVga murojaat qiladi.  

KUN.UZ tahririyatiga kelgan arznoma bo‘yicha muammoni o‘rgangani borish jurnalistlarning asosiy vazifalaridan. Axir kimdir atrofida insonlarga zarari tegayotgan kamchiliklarni ko‘rganida yoki tegishli idoralar o‘z vakolati doirasida faoliyat yuritmayotganida OAVga, muxbirga yuzlanadi. Vaziyatga chora izlaydi.

Murojaat o‘rganish va bu buyicha maqola yozishni o‘ziga xos jihatlari bor. O‘sha joyga borib masalani o‘rganib, tahliliy material yozishga urinasiz. Kunduzi bilan asalaridek ma'lumot yig‘ib, kechasi hammayoq tinchiganida maqola yozish jarayoni boshlanadi. Muxbirga ish vaqti belgilanmagan. U bu borada biror joyga shikoyat ham qila olmaydi. Chunki, kasbi shunday bo‘lishni taqozo etadi. Bu “hunar”ni esa o‘zi tanlagan.

Ertasiga maqola keng ommaga taqdim qilingach, ta'sir jarayoni (deylik, reaksiya) boshlanadi.

Aytib qo‘yay!  Tahliliy-tanqidiy materialni mutasaddilar ikki xil tushunadi. Biri o‘zi tomonidan qo‘yilgan kamchilikni tan olmaydi, jirillab-jirillab o‘lganini kunidan o‘sha muammoni bartaraf qiladi.

Eng yomoni muammoni hal qilish o‘rniga, birinchi o‘rinda, o‘sha ariza yozib, “sotqinlik” qilgan odamni izlab, uni sindirishga harakat qiladi. “Toki boshqalar qaytib haqiqatni yozmasinlar!”      

Boshqasi esa,  masalani chuqur o‘rganadi, xodimlarni yig‘ib chora-tadbirlar rejasini tuzadi. “Nega bunday bo‘ldi? Nega shu masalani e'tibordan chetda qoldirdik?”, degan savolni o‘rtaga qo‘yadi. Muammoni hal qilgach, imkon topsa o‘sha muxbirga: “Bir kelib, ko‘rib keting. Ijobiy o‘zgarishlar qildik. Rejalarimiz bisyor”, deya aloqaga chiqadi. Xato-kamchilikni tan olish esa mardning ishi.

KUN.UZ nashrida o‘tgan bir oy ichida e'lon qilingan ana shunday muammoli holatlar bo‘yicha berilgan maqolalarimga deyarli bir xil javob oldik.  Andijondagi suv muammosi bo‘yicha berilgan tanqidiy materialni to‘g‘ri tushungan mutasaddilar  uch kunda muammolarni hal qilib, tahririyatga chiqishdi. “Qani, kelib ko‘rib ketinglar!” deyishgach borib material tayyorladik.

Andijon-Toshkent poyezdi haqidagi materialga “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ besh soatda reaksiya qildi.

“Andijon jahon bozoriga SES borib turarmikan?” sarlavhali materialdan so‘ng esa mazkur bozorda juda keng ko‘lamli ishlar olib borilib, biotualetlar keltirildi.

Shu o‘rinda mazkur maqolalar faqat aholi muammolari haqida yozilgan bo‘lib, xalqqa foyda keltirgani aniq.   

“Bag‘dodda nima gaplar?”

Tahririyatga Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanidagi 3-maktab binolari ayanchli holatda ekanligi haqida fotosuratlar bilan “bezatilgan” murojaat keldi. Elektron maktubda maktabga mehmon bo‘lib kelgan inson mazkur binolarni suratga olib bizga jo‘natgan ekan. Xunuk holatdagi tasvirlarga ishonib-ishonmay Farg‘onaga borib, ahvol undan-da yomon ekanligiga guvoh bo‘lgach, maqola va videomaterial tayyorladik

Maqola e'lon qilindi va o‘quvchilar o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Hatto, ko‘pchilik bu holatga ishonmadi. Chunki, maktab binolari ko‘rinishi tabiiy ofat bo‘lgan dekoratsiyani eslatar edi-da?! Ming afsuski, videotasvirlar va fotolar haqiqatdan so‘zlagan.

Maqoladan so‘ng Bag‘dod tuman xalq ta'limi mudiri, hudud pedagoglari sardori To‘lqinoy Tojiyeva aloqaga chiqdi. Bu haqda alohida gaplashamiz.

Xalq ta'limi mudirasi nimadan norozi?

Tuman pedagoglari kattasi maqola e'lon qilingach “Xolislik biryoqlamalik panasida qolmasin” degan munosabat yozib, KUN.UZ tahririyatiga yuborgan. Unda tahliliy maqola muallifi jurnalist E. Ermatov, ya'ni kaminani holatni “bir tomonlama, noxolis”  yoritganlikda ayblaydi.

“.. internet nashri orqali shu yil 10 sentabr kuni e'lon qilingan “Bag‘dodda nima gaplar?” sarlavhali maqola Bag‘dod tumani xalq ta'limi bo‘limi rahbariyati tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi. E'tirof etish kerakki, muallif E. Ermatov maqolada tumandagi 3-umumiy o‘rta ta'lim maktabida faollar va sport zalining bugungi ahvoli xususida so‘z yuritib, bunda tahsil olayotgan o‘quvchilarning orzu-o‘ylari, umidlari haqida o‘rinli xavotir bildirgan. Biroq muxbir murojaatni o‘rganish jarayonida, ayrim o‘rinlarda, noxolis xulosalar qiladi”, deyiladi munosabatda. 

Mutasaddi o‘z xatida, Bag‘dod tumanida ham ertamiz egalari bo‘lgan yosh avlod ta'lim-tarbiyasiga, ularning zamonaviy qulayliklar va shart-sharoitlarda o‘qib-o‘rganishlariga alohida e'tibor qaratilayotganiga, buning uchun davlatimiz tomonidan milliardlab mablag‘ sarflanayotganiga to‘xtalgan.

Maktubda: “Muxbir fuqaro murojaatini o‘rganish davomida bevosita bunga daxldor bo‘lgan mutasaddilarni ham tinglashi, tegishli hujjatlarga bir qur nazar tashlashi lozim edi. Shundagina maqolada biryoqlamalik bo‘y ko‘rsatmagan, xolislik ta'minlangan bo‘lardi, bizningcha”, deyilgan jumlalar ham bor.

Darhaqiqat, yurtimizda so‘nggi yillar davomida ta'limga berilayotgan e'tibor beqiyosdir. Endi 3-maktabdagi holatni o‘rganishda “bevosita bunga, ya'ni ta'limga daxldor bo‘lgan mutasaddilarni tinglamaganlik” aybloviga e'tibor qarataylik.      

Murojaatdagi masalaga oydinlik kiritish mobaynida to‘g‘ridan-to‘g‘ri umumiy ta'lim maktabiga bormadik. Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumaniga kelgach, tuman hokimligi binosiga kirib tumanda ijtimoiy masalalarga mutasaddi bo‘lgan tuman hokimining  yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyorjon Xoldorov qabuliga kirdik. Chunki, tuman hokimidan so‘ng hududdagi ijtimoiy sohaga mas'uliyat aynan mana shu mutasaddiga yuklatilgan. B. Xoldorov maktabga bizni boshlab bordi va vaziyatga oydinlik kiritishda birga bo‘ldi. Hokim o‘rinbosari jarayon davomida  tuman xalq ta'limi bo‘limi injyenerini ham chaqirtirdi.   

 

  Har ikki mutasaddi va o‘sha maktab direktorini aynan ta'limga daxldor deb bilib adashmadik, chog‘i... 

Maktabdagi holatni ko‘rib yoqa ushlab qolganimiz rost. O‘sha joyga o‘nta ta'limga daxldor shaxsni olib borganimizda ham xaroba holat haqida fikrimiz o‘zgarmas edi.

“Tegishli hujjatlar bilan tanishmagan” degan iddao ham bor. Bizga bo‘lim injyeneri hujjatlar to‘planmasini taqdim qildi va biz uni suratga olib, undan maqolada foydalandik. Boshqa hech qanday hujjatlarni ko‘rmadik. Bizga ko‘rsatilgan hujjatda 3 maktabning 2019 yilgi manzilli Dasturga tavsiya qilingani haqida yozilgan edi. Yana ushbu maktabning sport zali 2008 yildan buyon Dasturga tushish uchun tavsiya qilinayotgani ham ko‘rsatib ketilgandi. 

Maktab o‘qituvchilarining “Har yili Dasturga tushadi deyishadi, lekin natija yo‘q!” deyishgani ham maqolada ko‘rsatib o‘tildi. Ular siz keltirgan, “Bu yil bo‘lishi aniq!” va'dasini o‘n yildan beri eshitib kelayapti, axir? Siz maktubda: “Tegirmon navbati bilan” degan iborani keltiribsiz. O‘n yilda ham navbati kelmagan tegirmon qanday bo‘ladi, hayronmiz.

Tahririyatga jo‘natilgan xatda – mazkur ziyo maskani 1993 yilda qurilib, foydalanishga topshirilgan. Lekin o‘sha davrda qurilish ishlarining sifatsiz bajarilgani oqibatida faollar va sport zali 2008 yildayoq yaroqsiz holga kelgani haqida yozilgan. Shuncha yillardan beri maktab hududida avariya holatidagi binolarning mavjudligi mutasaddilarni befarqligini bildirmaydimi?

Yana OAV ham maktabga o‘n yil kech qolib bordi! Ming qulflab, muhrlab tashlangani bilan maktab hududidagi ilma-teshik bo‘lib yotgan “o‘tgan asr xarobalari”ga biror o‘quvchi kirib (bolalar aynan shunday joylarda o‘ynashni yaxshi ko‘radi) mayib bo‘lishi mumkin edi.

Shuni kutayotganmidik?!       

Farg‘onadan qachon olimpiada chempioni chiqadi?

To‘lqinoy Tojiyeva maqolaga nisbatan munosabatni o‘zi yozganiga shubham bor. Chunki, undagi mana bu so‘zlar meni hayron qoldirdi: “Ishtiyoqi, g‘ayrat-shijoati yuqoriligi bois, sport zalining bugungi holati maktab o‘quvchilarining imkoniyatlarini chegaralab qo‘ymayapti. Agar sportning qaysidir turida g‘olib chiqish uchun maxsus zal albatta lozim va shart bo‘lsa, yaqindagina nihoyasiga yetgan XVIII Osiyo o‘yinlarida tumandagi 30-umumiy o‘rta ta'lim maktabi sobiq bitiruvchisi Shohruh A'zamovning baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha musobaqa bronza medalini qo‘lga kiritganini qanday izohlash kerak?! Axir bu maktabda sportning mazkur turi bilan muntazam shug‘ullanish uchun alohida suv havzasi mavjud bo‘lmagan. Ishonamizki, bu ishtirokchidagi g‘oliblikka tashnalik, vatanparvarlik hamda matonat raqiblarni mag‘lub etishda unga qo‘l kelgan”.

 

Demak, sport bilan shug‘ullanish uchun sport zali zarur emas ekan! Menimcha, boladagi iqtidorning ilk uchqunlarini maktabda jismoniy ta'lim o‘qituvchisi aniqlaydi va shakllantiradi. Bag‘dod tumani bo‘yicha mavjud 50 dan ziyod maktabning 15 tasida yopiq sport zali yo‘q. Bu degani qishda muntazam sport mashg‘ulotlari o‘tish uchun imkoniyat yo‘q degani. Tuman xalq ta'limi mudirasining bunday fikrlashi menda shubha uyg‘otdi. 

 

  

Farg‘onada jahon chempionlari ko‘pdan ko‘p. Bektemir Meliqo‘ziyev Rio olimpiadasida finalgacha yetib borgan. Farg‘ona va Andijon bir-biriga juda yaqin hudud. Lekin, qo‘shni viloyatdan yetishib chiqqan Muhammadqodir Abdullayev, Hasanboy Do‘smatov, Ruslan Nuriddinovlar ortidan minglab yoshlar intilmoqda. Ular ham sportdagi ilk saboqlarini maktab sport zalida olganliklari aniq. Sharoit bo‘lmasa ham g‘oliblikka tashnalik, vatanparvarlik bilan chempion bo‘lish mushkul ish.

3-maktab o‘qituvchilariga bosim boshlanganmi?

Nima bo‘lganda ham Bag‘dod tuman xalq ta'limi mudiriga munosabat uchun rahmat aytaman. Chunki, maqolaga e'tibor qaratibdi. Endi navbat maktablarga.

Yana bir gap. Maktab haqidagi maqola chiqqanidan so‘ng intervyu bergan ikkita o‘qituvchiga bosim boshlanganidan ham xabarimiz bor. Aytishlaricha, xalq ta'limi bo‘limi o‘quv dargohiga  tezda “komissiya” jo‘natibdi. Ular jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Dilobar Madaliyeva va Sarvar Haydarovlarni “alohida” tekshirib konspektlaridan ayb topishga ham urinishgan.

Bu harakatlarga tushunmadik. Axir, tahririyatga ular arz qilmagan edilar. Mabodo, ular arz qilganda ham maktabning zali bu holatga tushgani ayni haqiqat-ku? O‘qituvchi jamiyatning ziyoli vakili. Bugungi kunda yurtimizda bo‘layotgan demokratik o‘zgarishlar, matbuot erkinligini keng ommaga yoyadigan ham mana shu kasb egalaridir.        

Mazkur muammoga yana qaytamiz...

 Elmurod Ermatov

Mavzuga oid