Jamiyat | 19:39 / 19.12.2024
16741
1 daqiqa o‘qiladi

Namanganda maktab direktori xizmat xonasini qimorxonaga aylantirdi

IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reydda direktor xonasida sheriklari bilan qimor o‘ynab o‘tirgani aniqlangan. U ishdan bo‘shatilgan.

Chortoq tumanidagi 8-umumta’lim maktabi direktori o‘z xizmat xonasida qimor o‘yini tashkil qilgan. Bu haqda Namangan viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ma’lum qilinishicha, 17 dekabr kuni Chortoq tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reydda maktab direktori o‘z xizmat xonasida sheriklari bilan qimor o‘ynab o‘tirgani aniqlangan. Hozirda holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ichki mehnat tartib qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani uchun maktab direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bir tomonlama bekor qilingan.

Shuningdek, viloyat va tuman mas’ullari ishtirokida maktabda muhokama yig‘ilishi o‘tkazilib, direktor tomonidan sodir etilgan holat tanqid ostiga olingan.

Oldinroq Samarqandda maktabda qarta o‘ynagan direktor ishdan olingandi.

Mavzuga oid